Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir qiz aytadi:
«Ko‘p yillar davomida biror g‘am-qayg‘u yetib, g‘am-tashvishga tushsam, tinimsiz yig‘lardim, qayg‘ularimning sababi haqida o‘ylayverardim. Bu ham yetmaganday, eski muammolarimni o‘ylab, «Meni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, hamma menga nisbatan nohaqlik qiladi, hatto sevganlarim, yaqinlarim ham…» deb, o‘zimni mazluma hisoblardim. Bunday xayollar meni tinimsiz qiynar, hammasi meni ezib turadigan og‘ir yukka aylangan edi. Butun aqlu xayolimni faqat qayg‘ularim haqidagi fikrlar egallab olgan edi.
Bir kuni internetda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning g‘am-qayg‘uga botganda o‘qiladigan duolarini ko‘rib qoldimu, mahzun bo‘lgan paytlarimda ularni aytib yuradigan bo‘ldim. Avvaliga natijasini unchalik sezmadim. Hatto o‘zimga o‘zim «Bu duolar menga foyda bermaydi, chunki qayg‘ularim shunaqangi kattaki, ularni ketkazishga bu duolarning kuchi yetmaydi», degan paytlarim ham bo‘ldi. Lekin shaytonga yengilmadim, duolarni ko‘p-ko‘p aytaverdim. Nihoyat, Alloh taolo meni ikkita foyda bilan siyladi:
Birinchi foyda: qayg‘ularga qarshi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning duolari bilan kurasha boshlaganimdan keyin mahzunligim birdan kamaya boshladi. Qayg‘u paytidagi yomon o‘y-xayollardan xalos bo‘ldim, chunki shayton mahzun qizlarni ovlab, ularga «Sen mazlumasan, baxtiqarosan, seni hech kim yaxshi ko‘rmaydi» deb, vasvasa qiladi, ularni g‘am-qayg‘udan «qutqaradigan» har xil yomon ishlarga boshlaydi. Masalan, «Uydan qochib ket», «Joningga qasd qil, o‘zingni o‘zing o‘ldir» deb vasvasa qiladi. Bu duolar esa aynan mana shunday yomon fikrlardan qaytarib, mahzun qizlarni shaytonning vasvasasidan himoya qiladi.
Ikkinchi foyda: qayg‘ularimning ko‘pligi, ularga qarshi nabaviy duolar bilan ko‘p marta kurashganimni e’tiborga olsak, bu qayg‘ular Alloh taoloni ko‘p zikr qilishimga sababchi bo‘ldi. Bu esa Alloh taoloning menga ko‘rsatgan marhamati, inoyatidir. Zero, mana shu qayg‘ular sabab Allohni ko‘p yod etib, U Zotning quyidagi oyatida maqtalgan bandalar qatoriga biz ham kiramiz:
«Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkagu ayollarga Alloh mag‘firat va buyuk ajr tayyorlab qo‘ygan» (Ahzob surasi, 35-oyat)».
Boshqa bir qiz aytadi:
«O‘rta maktabda ustozlarimdan o‘rgangan narsalarimning eng yaxshisi – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning g‘am-qayg‘u paytida qilgan duolaridir. Ustozimiz ularning ba’zilarini sharhlab, tushuntirib, chiroyli qog‘ozlarga yozib berganlar, keyin esa har birimizdan ularni yodlashni talab qilganlar. Yodlaganlarga mukofotlar berib, bu duolarni yodlashga hammamizni qiziqtirgan, g‘amga botgan paytlarimizda ularni aytishni tayinlagan edilar. Kutilganidek, natijalar ham ketma-ket kela boshladi. Ba’zilarning tajribasidan shuni tushunib yetdikki, qiz bola bu duolarga deyarli har kuni ehtiyoj sezar ekan, bu duolar esa insonning hayotini yanada munavvar etar ekan.
Bir kuni onam bilan suhbatlashib o‘tirib, ustozlarimiz o‘rgatgan, qayg‘u paytida o‘qiladigan duolar haqida aytib berdim. Onam esa meni hayron qoldirib, shunday dedilar: «Boshingga og‘ir kun kelgan paytda aytiladigan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida kelgan duolar haqida hayotimda birinchi marta eshityapman. Qaniydi bu duolarning bittasini bo‘lsa ham yoshligimda eshitgan bo‘lsam! Ellik yil umrimni g‘am-alamlar bilan o‘tkazibman-a! Agar bu duolarni bilganimda, hayotim butunlay boshqacha bo‘lar edi».
Onam shunday deb, birpas jim qoldilar. Ko‘zlariga yosh to‘ldi. So‘ng shunday dedilar: «Qizalog‘im, bu duolarni menga ham o‘rgatgin! O‘zing esa ularni hech qachon yodingdan chiqarma, chunki bilaman, bu duolar sening hayotingni ham, mening qolgan hayotimni ham go‘zal qiladi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH