Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan birga o‘tirardilar. Shu payt bir a’robiy Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga savol so‘rab keldi.
Sahobalar badaviylar savol so‘rashsa juda xursand bo‘lib ketardilar. Chunki badaviylar sahobalar tortingan savollarni berishdan aslo uyalmasdilar.
A’robiy: “Yo Allohning Rasuli, menga yaxshilikni o‘rgating”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning qo‘lidan ushlab turib: “Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb ayt” dedilar.
E’tibor bering, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam badaviyning qo‘lidan ushlab so‘zladilar. Biror kimsa bilan gaplashayotganda suhbatdoshning qo‘lidan ushlab yoki yelkasiga qo‘lni qo‘yib so‘zlash juda ta’sirli uslub sanaladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham savolga javob berishga shoshilmadilar, balki oldin badaviyning qo‘lidan tutib, keyin javob berdilar.
Biroz o‘tib, haligi badaviy bir tafakkur qilib yana qaytib keldida: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar” bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tabassum qildilar va: “Agar “Subhanalloh” desang, Alloh taolo “rost so‘zlading” deydi, “Alhamdulillah” deb aytsang, Alloh “rost so‘zlading” deb aytadi, “Laa ilaha illallohu” desang, Alloh “rost so‘zlading” deydi, “Allohu akbar” deb aytsang, Alloh taolo “rost so‘zlading” deb aytadi. Agar “Allohummag‘firliy” deb aytsang, Alloh “kechirdim” deydi, “varhamniy” desang, Alloh “rahm qildim” deydi, “varzuqniy” deb aytsang, Alloh “rizqlantirdim” deb javob beradi”, dedilar.
A’robiy barmoqlari bilan yetti narsani sanadida, so‘ng yana ortiga qaytib ketdi.
Yana boshqa hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa kalomlarning eng sevimlisi to‘rttadir: Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”;
“Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar, deb aytishim men uchun quyosh chiqib, nur sochganidan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Ushbu zikrlarni ayniqsa bomdod namozidan so‘ng quyosh chiqquniga qadar 100 marotabadan aytishning ajru mukofoti nihoyatda katta. Ulkan savoblarga, gunohlarning kechirilishiga va boshqa foydalarga erishtiradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Isro kechasi Ibrohim alayhissalomga yo‘liqdim. U zot: “Yo Muhammad, ummatingizga mendan salom ayting va jannatning tuprog‘i pok, suvi shirin va o‘simligi “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar” ekanining xabar bering”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu to‘rt zikr “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”ni aytishga ko‘p bilan bor yo‘g‘i 10 soniya (sekund) ketadi. Ammo Alloh taolo bu zikrlar sababli rizqingizni qanchalik keng qiladi. Ko‘pchilik rizq deganda, faqatgina moddiy boylikni tushunadi. Ammo namozingizni ado etishingiz, uyga sog‘-omon qaytib borishingiz va ahli ayolingiz sizni xursand holda kutib olishi, Qur’oni karimdan bir oyat bo‘lsa ham o‘qiy olishingiz, hatto ushbu videolavhani ko‘rishingiz ham Alloh bergan rizqdir.
“Subhanalloh valhamdulillah va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Allohummag‘firliy varhamniy varzuqniy”....
Alloh taolo barchamizni O‘zini ko‘p zikr qiluvchi zokir bandalaridan qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD