Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nasablari: Aliy ibn Abu Tolib ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay.
U kishining onalari: Fotima bint Asad ibn Hoshim ibn Abdumanof ibn Qusay roziyallohu anho.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu tavallud topgan yillari Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘ttiz yoshga kirgan edilar.
U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o‘g‘illari, qizlari Fotimaning umr yo‘ldoshlari va jannat bashorati berilgan o‘n kishining biri edilar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu yoshliklarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida tarbiya topdilar. O‘n yoshlarida musulmon bo‘ldilar. U kishi yosh bolalardan birinchi Islomga kirgan zotdirlar. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Islom ta’limotlari asosida o‘sib-ulg‘aydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratlari davrida o‘limdan qo‘rqmasdan, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘rinlariga kirib, to‘shaklarida yotdilar. Shu bilan birga, u kishi Islomda birinchi fidoyi inson sifatida, Alloh yo‘lida o‘zini fido qilishga tayyor shaxs sifatida tanildilar.
Vaqt yetib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lgan omonatlarni olib, hammasini egalariga topshirib, keyin Madinai munavvaraga hijrat qildilar.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu barcha janglarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga qatnashgan eng katta qahramonlardan biri edilar. U kishining shijoatlari zarbulmasal bo‘lib ketgan.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu fasohatda nihoyatda yuqori nuqtada, ilmda yetuk olim edilar.
Hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqida juda ko‘p hadislar kelgan.
Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida u kishi bilan birga bo‘ldilar. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu u kishidan rozi holda vafot etdilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrida hazrati Aliy roziyallohu anhu har doim u kishi bilan birga bo‘ldilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu har bir ishda u kishi bilan maslahatlashar edilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu pichoqlanganlaridan keyin o‘zlari aytgan olti kishilik maslahat kengashining ichida hazrati Aliy roziyallohu anhu ham bor edilar. Ular Umar roziyallohu anhudan keyin musulmonlarga kim xalifa bo‘lishini xal qilishlari kerak edi. Shunda hazrati Usmon roziyallohu anhu xalifa etib saylandilar. Hazrati Aliy roziyallohu anhu esa u kishining yonlarida davlat ishlarini yuritishda yordamchi bo‘ldilar. Hazrati Usmon roziyallohu anhu qamal qilinganlarida hazrati Aliy roziyallohu anhuning o‘g‘illari u kishining mudofaachilaridan bo‘lishdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi