Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Atsushi Kamal Okuda Tokiodagi Keyo universitetida siyosiy tizimlardan dars beradi. Doktor Okuda Qur’oni karimning bir oyati sababli Islomni qabul qildi. Musulmon bo‘lguniga qadar o‘z hayoti haqida bunday dedi: “Islomdan oldin hayotim juda tartibsiz edi. Musulmon bo‘lganimdan keyin yaratilishimizning asl haqiqatini angladim. Alloh taolo meni hidoyatiga boshlagani hayotimdagi eng baxtli kundir”.
Doktor Atsushi Kamal hayot haqiqatini izlab ko‘plab dinlarni o‘rgandi, lekin ular uning savollariga javob bera olmas, bundan uning hafsalasi pir bo‘lardi.
Kunlarning birida bir musulmon olimning maqolasini o‘qib qoladi. Maqoladagi insoniyatning kelib chiqishi haqidagi oyatlar Okudaning e’tibori tortadi, chunki u hech qachon bunga o‘xshash ma’lumotlarni o‘qimagan edi. Doktor Atsushi Kamal Okudaning Islomni qabul qilishiga ushbu oyat sabab bo‘lgandi: “Batahqiq, Biz insonni quruq loydan, o‘zgartirilgan qora balchiqdan yaratdik” (Hijr surasi, 26-oyat).
Doktor Okuda Islom tenglikni targ‘ib qiluvchi din ekanini tushunib yetadi. Islom dinini yaxshiroq o‘rganadi va nihoyat Islomni qabul qiladi.
Bugungi kunda doktor Atsushi Yaponiyada Islom dinini yoyishga xizmat qilmoqda. Islomni qabul qilish Alloh taoloning eng ulug‘ ne’mati ekanini hamisha ta’kidlab keladi. Doktor Okuda: “Alloh taolo menga Islomni berdi va buni boshqalar bilan baham ko‘rishni o‘zimning burchim deb bilaman” deya ko‘p bora takrorlaydi va ushbu oyatni eslatadi: “Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo‘llarga ergashmang. Bas, sizni Uning yo‘lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrki, shoyad, taqvo qilsangiz” (An’om surasi, 153-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida bitiruv tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 31 may sanasida Mir Arab oliy madrasasini 32 nafar, Imom Termiziy o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasini 23 nafar bitiruvchi bitirdi.
Bugun, 3 iyun kuni esa Andijon viloyatidagi "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2021-2025-o‘quv yili bitiruvchilari uchun tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil diniy oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan 119 nafar bitiruvchidan 15 nafari ayol-qizlar, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini bitirayotgan 436 nafardan 56 nafari ayol-qizlardir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati