Ushbu sarlavha qilib olingan masala o‘zaro ixtiloflarning eng mashhurlaridan biri desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Albatta, bizda bu masala ayni shu tarzda o‘rtaga qo‘yilgani yo‘q. Balki namozda «omiyn»ni ovoz chiqarib aytiladimi yoki yo‘qmi, tariqasida qo‘yildi. Aslida esa, mazhabboshi ulamolarimiz, mujtahidlarimiz hammalari bir ovozdan, namozda, «Fotiha» surasidan keyin, «omiyn»ni aytish sunnatdir, deb ittifoq qilganlar. Ammo «omiyn»ni ovoz chiqarmay aytish afzalmi yoki ovoz chiqarib aytish afzalmi, degan masalada ikki xil yo‘l tutganlar.
Ba’zilari, jumladan, Shofe’iy va Hanbaliy mazhabi ulamolari, «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal, deganlar.
Ikkinchi bir guruh ulamolarimiz, xususan Hanafiy va Molikiy mazhabi ulamolari, «omiyn»ni ichida aytgan afzal, deganlar.
Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyatlarda mazkur ikki ishga ham dalil topilgan. Keyinchalik har bir tomon nima uchun aynan bir xil ishni afzal deb bilganini tushuntirish maqsadida o‘z dalillarini keltirgan va ikkinchi tomonning dalillariga o‘z mulohazalarini ham aytganlar. Biz ulardan xabarimiz bormi yoki yo‘qmi noma’lum, lekin ayni shu masalada ixtilof chiqarganimiz ma’lum. Endi esa, bo‘lar ish bo‘lganidan keyin ham, bari bir foydasi bor, degan maqsadda Allohdan madad so‘rab, o‘sha masala bo‘yicha nima gaplar bo‘lganini tushunib yetishga bir urinib ko‘rsak, degan umiddamiz.
Mavzuga kirishdan oldin aytib qo‘yishimiz lozimki, kamina xodimingiz o‘zi ergashgan mazhabga binoan «omiyn»ni ichida aytib namoz o‘qiganlarga ham, ovoz chiqarib aytib namoz o‘qiganlarga ham o‘z ehtiromini taqdim etadi. Xususan, bu borada ijtihod qilgan salafi solih ulamolarimizning barchalariga ta’zim bajo keltiradi.
Kelajak satrlarda mazkur azizlarning birortalariga nisbatan sal bo‘lsa-da, biror noo‘rin fikr yoki shunga o‘xshash so‘zlar bo‘lmasligi niyatidadir. Chunki ul ulug‘larimiz qilgan ijtihodlari to‘g‘ri bo‘lsa, ikki ajr, noto‘g‘ri bo‘lsa, bir ajr olib ketganlar. O‘tganlarimizga, xossatan, o‘tgan ulamolarimizga hurmat bajo keltirish bizning burchimizdir.
«OMIYN»NI OVOZ CHIQARIB AYTISH AFZAL DЕGANLARNING DALILLARI VA ULARNING MUNOQASHASI
Endi namozda «Fotiha» surasini o‘qib bo‘lgandan keyin «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal, degan tomonning dalillarini keltiramiz. Bu tomonning eng mashhur vakili, avval ham aytib o‘tilganidek, Shofe’iy va Hanbaliy mazhablaridir. Qadimgi kitoblarimizda ham bu masalada ular shu ma’noda birinchi bo‘lib zikr qilinadilar. Shuning uchun biz ham bu istilohdan istifoda qilsak, ulardan boshqalarni ham iroda qilgan bo‘lamiz.
Birinchi dalil:
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, qachon imom «g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn», desa, omiyn denglar. Chunki kimning aytgani farishtalarning aytganiga to‘g‘ri kelsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi, dedilar», deyilgan.
Shofe’iy va Hanbaliylar va ular bilan hamfikr tomonlar ushbu hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alay-hi vasallam imom «omiyn» deganidan keyin bizga ham «omiyn», deyishimizga amr qilmoqdalar, shunga binoan biz «omiyn»ni aytishimiz lozim, deydilar.
«Omiyn»ni ovoz chiqarmay aytish afzal, deganlar asosan, Hanafiy va Molikiylar esa, «omiyn»ni aytish lozimligi juda ham to‘g‘ri, shuning uchun biz ham aytamiz. Lekin hadisi sharifda, «omiyn»ni ovoz chiqarib ayting, deyilgani yo‘q-ku?! Shuning uchun bu hadisi sharifni omiynni ovoz chiqarib aytishga dalil qila olmaysizlar, deydilar. Darhaqiqat, bu hadis ikki tomonga ham bir xil dalil bo‘la oladi.
Ikkinchi dalil:
Imom Muslim Abu Musa al-Ash’ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda, jumladan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga xutba qildilar, sunnatimizni bayon qildilar, namozimizni ta’lim berdilar va: «qachon namoz o‘qisangiz safga turinglar, biringiz sizga imom bo‘lsin, qachon u takbir aytsa, siz ham takbir ayting, qachon u «g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn», desa, siz «omiyn» deng, Alloh ijobat qiladi», dedilar», deyilgan.
Bu hadisi sharif haqida ham taraflar birinchi hadis haqida aytgan gaplarini qaytaradilar. Xulosaga kelganda ovoz chiqarib aytish haqida ta’kid yo‘qligi oshkor bo‘ladi. Aslida ovoz chiqarmaslik asos ekanligi va ovoz chiqarib aytish alohida ta’kidlanmagani e’tiboridan, yana «omiyn»ni ovoz chiqarmay aytish afzal, deganlarning gapi ustun keladi. Yana shunga o‘xshash bir-ikki rivoyatlar ham keltiriladi. Ularda ba’zi lafzlar boshqacha bo‘lsa ham, umumiy ma’no bir.
«Omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal, deganlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «omiyn»ni aytganlari haqidagi hadisni ham dalil qilib keltiradilar:
Uchinchi dalil:
Hofiz Abu Bishr ad-Davolibiy keltirgan ushbu rivoyatda Voil Ibn Hujr al-Hazramiy roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni namozdan forig‘ bo‘lganlarida ko‘rdim. Hattoki, yuzlarini u tarafdan ham ko‘rdim, bu tarafdan ham ko‘r-dim. U zot «g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn», deb qiroat qildilar va ovozlarini cho‘zib, «omiyn», dedilar. Buni bizga ta’lim berish uchungina qildilar, deb o‘ylayman».
Muxolif taraf esa, bu va bunga o‘xshash hadislarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning imom bo‘lib turib, «omiyn»ni aytganlari haqida so‘z ketadi. Bu esa, imom ortida turib namoz o‘qiyotgan namozxon «omiyn»ni ovoz chiqarib aytsin, deyishga asos bo‘la olmaydi, deydi. Shu bilan birga hadisda, ovozlarini cho‘zib deyilmoqda, ovozlarini baland qilib, deyilgani yo‘q. Odatda imomning birinchi safda turgan kishilar eshitadigan darajada ovoz chiqarishi bir narsani ovoz chiqarib aytish deyilmaydi. Chunki ko‘plab sahih rivoyatlarda kelishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam peshin namozida ba’zi oyatlarni birinchi safda turganlar eshitadigan darajada pichirlab o‘qiganlari sobitdir. Peshin namozida ovoz chiqarib qiroat qilinmasligi ham hammaga ma’lum.
Ikkinchidan, xuddi o‘sha hadisning Imom Ahmad, Abu Dovud at-Tayolusiy, Abu Ya’lo al-Musiliy, Imom Dora Qutniy va Imom al-Hokimlar keltirgan boshqa bir rivoyatida, U zot «g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn»ga yetganlarida ovozlarini pastlatib, «omiyn», dedilar, degan iborani keltiradilar. Demak, o‘sha namoz ovoz chiqarib qiroat qilish lozim bo‘lgan namoz ekan-u, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Fotiha surasini baland ovoz bilan o‘qib bo‘lganlaridan keyin, ovozlarini pastlatib, birinchi safda turganlar eshitsa bo‘ladigan darajada «omiyn» deb qo‘yganlar. Buning ustiga Voil ibn Hujr roziyallohu anhuning, buni bizga ta’lim berish uchungina qildilar deb o‘ylayman, degan gaplarini dalil qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «omiyn»ni aytgan bo‘lsalar ham, ta’lim uchun aytganlar, deydilar. Chunki Voil Ibn Hujr al-Hazramiy roziyallohu anhu Yamanlik hukmdor kishilardan bo‘-lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xabarlarini eshitib Madinai Munavvaraga, u zot sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganlar. Islomga kirib, bir hafta davomida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ta’lim olib, jumladan, namoz o‘qishni o‘rganib, so‘ngra o‘z yurtlarga qaytib ketganlar. Ana o‘sha munosabat ila ko‘rgan-eshitganlarini keyinchalik rivoyat qilib berganlar.
Eng muhimi, avval ham ta’kidlab o‘tilganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «omiyn»ni aytgan bo‘lsalar ham, imom bo‘la turib aytganlar, bu rivoyatning qavmning «omiyn»ni baland ovoz ila aytishiga nima aloqasi bor, deydilar hanafiylar.
Shuning uchun bo‘lsa kerak, hozirgi kunimizda, sunnat turganda fiqhning nima keragi bor, qabilida ish tutadigan ba’zi kishilar ham o‘z tortishuvlarida «omiyn»ni ovoz chiqarib aytishga yuqoridagi rivoyatlarni dalil qilib keltirmaydilar.
Sayyid Sobiq «Fiqhus-Sunna» kitobida quyidagilarni yozadi: «Namozxon «Fotiha»ning qiroatidan keyin «omiyn», demog‘i sunnatdir. Jahriy namozda ovozini chiqarib, sirriy namozda ichida aytadi. Nu’aym al-Mujmirdan rivoyat qilinishicha, u Abu Hurayraning orqasidan namoz o‘qidim, u «Bismillahir rohmanir rohiym», dedi, so‘ng «Fotiha»ni qiroat qildi, «valazzoolliyn»ga yetganida, «omiyn», dedi. Odamlar ham «omiyn», dedilar, degan».
Sayyid Sobiqning bu gaplariga uning o‘ziga o‘xshab ish tutadigan hadis olimlarining biri Nosiriddin Alboniy, bu gap o‘z o‘rnida emasligini aytib, raddiya qiladi. Chunki keltirilgan rivoyatda, ovoz chiqarib aytilgani qayd qilinmagan. Roviy yaqinda turib pichirlab aytilgan «omiyn»ni eshitgan bo‘lishi mumkin.
Keyin Sayyid Sobiq: «Ibn Zubayr va u bilan birga bo‘lganlar «omiyn»ni aytishganda, masjidda baland ovoz chiqqan», degan iqtibosni keltiradi.
Nosiriddin Alboniy esa, buning javobiga quyida-gilarni yozadi: «Iqtido qiluvchilarning «omiyn»ni ovoz chiqarib aytishlari haqida shundan boshqa asar yo‘q. Bu esa, hujjat bo‘la olmaydi. Chunki uni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamgacha yetkazib borilmagan. Batahqiq, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning «omiyn»ni ovoz chiqarib aytganlari haqida ko‘p hadislar kelgan. Lekin ularning birortasida ham sahobalar u zot sollallohu alayhi vasallamning ortlarida turib «omiyn»ni ovoz chiqarib aytganlari haqida gap yo‘q».
Shayx Nosiriddin Alboniy bu haqdagi gaplari davomida Imom Shofe’iy ham keyinchalik «omiyn»ni ichida aytish afzal ekanligiga qaytganlari va o‘zlarining «Umm» nomli kitoblarida, u (omiyn)ni ovoz chiqarib aytishlarini xush ko‘rmayman, deb yozganlarini keltiradi.
Bu esa, «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal, degan bosh shaxs keyinchalik, boshqa dalil va hujjatlar bilan tanishib chiqib, o‘zlarining birinchi gaplaridan qaytgan-larini ko‘rsatadi.
Muhaddis ulamolarimiz hozirda ko‘p tilga olinayotgan, masjidni to‘ldirib «omiyn» deyilgani haqidagi rivoyatlar o‘ta zaif ekanligini batafsil bayon qilganlarini ham alohida ta’kidlab qo‘ymoqchimiz.
Bu yerda gaplar ulgirjiroq qilingan bo‘lsa ham, qadimgi ulamolarimiz boshqa rivoyatlarni ham bitta-bitta keltirib, batafsil tahlil qilganlar. Hatto, matnlar teng kuchga ega bo‘lib qolgan joylarda roviylardan qaysi birlari kuchli ekanini surishtirganlar. Imkoni bor kishilar maxsus kitoblarga murojaat qilishlari mumkin.
«OMIYN»NI ICHIDA AYTGAN AFZAL, DЕGANLARNING HUJJATLARI
Bu fikr, asosan, Hanafiy mazhabi tomonidan aytilgani avval ham aytib o‘tilgan edi. Endi Hanafiy ulamolarning dalillarini keltiramiz. Avvalo shuni aytib qo‘yish lozimki, Hanafiy ulamolar ba’zilarimiz aytayotganimizdek, odamlarni o‘z fikrlariga yurgizishga urinmaganlar. Ular har bir hukmga Qur’on va Sunnatdan dalil keltirishga harakat qilganlar. To‘g‘rirog‘i, Qur’on va Sunnatdan istinbot qilingan hukmlarni oddiy kishilarga yetkazishga harakat qilganlar. Buni ushbu, hozir keltiriladigan misollardan bilib olsak ham bo‘ladi.
Birinchi dalil:
«Omiyn» lafzi duodir. Uning ma’nosi, ijobat qil, ya’ni, duoni qabul qil, demakdir. Duoni qandoq qilish haqida Alloh taolo «A’rof» surasida: «Robbingizga tazarru’ ila va maxfiy duo qiling! Albatta, U tajavvuzkorlarni xush ko‘rmaydi», degan (55-oyat). Shunga binoan, «omiyn»ni ichimizda aytishimiz kerak.
Ikkinchi dalil:
«Omiyn» lafzi Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. Buning ustiga, bu lafz arabcha ham emas. «A’uzu billahi minashshaytonir rojiym» esa Qur’ondan, yana Alloh taolo Qur’on o‘qiganda uni aytishni vojib qilgan. Shundoq bo‘lsa ham, «A’uzu billahi minashshaytonir rojiym»ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun «omiyn»ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak ekan?!
Uchinchi dalil:
Imom Abu Dovud va boshqa muhaddislar Hasan roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «Samura ibn Jundub va Imron ibn Husoyn roziyallohu anhumlar eslashib o‘tirishdi. Samura ibn Jundub roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ikki sakta (bir oz jim turish)ni, takbir tahrimani aytganda va «g‘oyril mag‘zubi alayhim valazzolliyn»ning qiroatidan forig‘ bo‘lganda qilishni yodlab qolganini aytdi. Imron ibn Husoyn uning bu gapini inkor qildi. So‘ng ikkovlari Ubay ibn Ka’ab roziyallohu anhuga maktub yozishdi. Uning ikkovlariga (yozgan) maktubida, batahqiq, Samura yodlab olibdi, deyilgan edi», deb rivoyat qilingan.
Demak, Rasululoh sollallohu alayhi vasallam namozni boshlashdagi takbir aytishdan keyin ham, «Fotiha» surasini o‘qib bo‘lganlaridan keyin ham bir oz jim turishni odat qilganlar. Mana shu haqidagi munozarada sahobai kiromlar ham ayni holni tasdiqlagan ekanlar.
Hanafiy ulamolar o‘z mazhablarini tasdiqlash uchun ushbu ma’noga yaqin yana bir qancha rivoyatlarni keltiradilar.
To‘rtinchi dalil:
Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ali va Abdullohlar Bismillahir rohmanir ro-hiymni ham, a’uzuni ham, omiynni ham ovoz chiqarib aytmas edilar» (Tabaroniy rivoyat qilgan).
Hazrati Ali va Abdulloh ibn Mas’ud kabi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan, o‘ta ilmli sahobiylarning «omiyn»ni ichlarida aytishi ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar roziyallohu anhu ham «omiyn»ni ichlarda aytib namoz o‘qishlari ta’kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning nomlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
Beshinchi dalil:
Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik ila kuzatib turilgan. Agar «omiyn»ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, U zot bu narsani bayon qilgan bo‘lar va orada hech qanday shubha qolmas edi. U zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari imom hollarida, ba’zida ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib «omiyn» deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q, ayniqsa, imomga iqtido qilgan kishilarning «omiyn»ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat yo‘q holga duchor kelinmas edi.
Aziz kitobxon! Biz omiynni namozda ovoz chiqarib aytgan afzalmi yoki ovoz chiqarmay aytgan afzalmi, degan masala bo‘yicha qadimgi ulamolarimizning gaplarini o‘ta muxtasar ravishda keltirdik. Shuningdek, hamasr ulamolarimizning ikkitalarining gaplarini ham keltirdik. Endi o‘z-o‘zidan, shunchalik bahs qilingan narsani yana qo‘zg‘ashning nima keragi bor edi, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. Ha, avval bir masalani yaxshilab o‘rganmay turib, ko‘pchilik ichiga olib chiqilsa, shundoq noqulay holat yuzaga kelishi turgan gap.
Ushbu fikrni yana ham quvvatlash uchun yana bir masalada alohida to‘xtalishga va bir oz tahlil qilishga ijozat bergaysiz.
Keyingi mavzular:
Namozda ruku’ga borayotganda va undan qaytayotganda ikki qo‘lni ko‘tarish masalasi;
Namozda ruku’ga borganda va undan qaytganda ikki qo‘lni ko‘tarish kerak deganlarning dalillari va ularning munoqashasi;
Hanafiylarning dalillari;
Xulosa.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov rahbarliklarida viloyat Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar mutavallilari uchun yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat Adliya boshqarmasi mutaxassisi Z.Axmedxodjayeva, Yangi Namangan tumani kadastr bo‘limi boshlig‘i O.Usmanov, notarius A.Artiqovlar ishtirok etdilar.
Unda notiqlar tomonidan mutavalli masjid imom-xatibining xo‘jalik ishlari bo‘yicha yordamchisi, masjidlarning iqtisodiy faoliyatini yaxshilash, xodimlarning oylik ish xaqi bilan ta’minlash, qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartib va me’yorlarga rioya qilgan holda amalga oshirish, masjid mulkini iqtisod qilish maqsadida geleokollektorlar o‘rnatish, mavjud qozonxonalarni xavfsiz hududlarga olib chiqish, ish yuritish nomenklaturasiga, ichki mehnat tartib qoidalariga va muomala madaniyatiga rioya qilish, masjidlarning tozalik va obodonlashtirish ishlariga mas’ul ekanini aytib o‘tildi.
Masjidlarning ta’sis xujjatlari, ish haqlarini me’yorlashtirish, yangi xodim ishga qabul qilinganda Adliya boshqarmasini onlayn xabardor qilish, masjidlardagi mavjud “tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ni yuritish tartibi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Yig‘ilish davomida masjidlarning qo‘shimcha yer maydonlarini qonuniylashtirish, kadastr hujjatini rasmiylashtirish tartib-qoidalari va huquqiy oqibatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Yig‘ilish davomida qatnashchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati