Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kim vazifasini bajara olmay qolsa...
Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim vazifasidan yoki uning ba’zisidan uxlab qolsa-yu, uni bomdod bilan peshin orasida o‘qib olsa, unga xuddi kechasi o‘qigandek yoziladi”, dedilar.
Kimki har kuni yoki kechasi o‘qishni vazifa qilib olgan namoz, Qur’on tilovati yoki zikrini biror sababga ko‘ra bajara olmay uxlab qolsa yo ba’zi qismini ado etmagan bo‘lsa, bomdod va peshin namozlari orasida o‘qib olsa, xuddi vaqtida o‘qigandek savobga ega bo‘ladi. Go‘yo vaqt ortga qaytgandek.
Qalbing o‘lik ekan
Bunday vazifalar – “vird” deyiladi. Vird bandaning tark qilmay doimo bajarib yuradigan zikr, salavot, tilovat kabi kundalik vazifasidir.
Ulamolar aytadilar: “Agar Qur’ondan, ilmdan, zikrlardan har kungi virding bo‘lmasa, u holda qalbingga to‘rt takbir ila janoza o‘qib qo‘yaver. Chunki sening qalbing o‘lik ekan”.
Umar roziyallohu anhuning virdi
O‘tgan solihlar nafaqat farz balki nafl vazifalarining ham qazosini ado etishardi. Ularni qoldirib yuborishdan xavfda bo‘lib, hattoki kafforotiga qul ozod qilardilar, sadaqa beradilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham virdlari bir kun kam bo‘lib qolsa, ikkinchi kuni qazosini ado etardilar.
Qur’ondan 10 pora o‘qirdi
Imom Tahoviy Muhammad ibn Hasandan rivoyat qiladilar: Imom Muhammadning Qur’ondan bir kecha-kunduzdagi virdi (vazifasi) o‘n pora edi.
Qayerdasiz?
Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aytadilar: “Qur’oni karimdan tilovat qilishni, istig‘for, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishni o‘zlariga vird qilib olganlar qayerda qolishdi?! Ertayu kechda virdlarni vazifa tutib olgan kishilar qayerda qolishdi?".
Vird (duo, zikrlar) bilan mashg‘ul bo‘lish uchun o‘qiladigan duo:
“Robbi ishroh liy sodriy va yassir liy amriy vahlul ’uqdatan min lisaaniy yafqohu qovliy. Saddid lisaaniy vahdi qolbiy bihaqqi sayyidina Muhammad sollallohu alayhi vasallam”.
Ma’nosi: “Robbim, qalbimni keng qil. Ishimni oson qil. Tilimdagi tugunni yechgin. So‘zimni anglasinlar. Tilimni mustahkam qil va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqqi qalbimni hidoyat qilgin”.
Virddan uzoqlashtiradi
“Bugun ishlarim ko‘payib ketdi, charchab qoldim, ertadan, keyingi oydan, shu haftaning boshidan qoldirmasdan boshlayman”, deb kundalik vazifa (vird)laringizni ortga suraverishingiz virdlardan uzoqlashib borayotganingizga dalolat qiladi.
Oz bo‘lsada, bardavom bo‘lsin
Virdlarni ozginadan bo‘lsa ham, davomli ravishda bajarishga harakat qiling. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Qaysi amal Alloh uchun eng mahbub?” deb so‘rashganda, u zot alayhissalom: “Oz bo‘lsa ham, davomlisi”, dedilar.
Masalan...
Har kun uchun alohida bir zikrni aytishni o‘zingizga vazifa qilib oling. Masalan, bir kun faqat ertayu kech “Subhanallohi va bihamdihi”ni, ertasiga “Laa ilaha illalloh”ni, boshqa kuni salavot ayting. Kun davomida bekorchi-gap so‘zlarning o‘rniga o‘sha zikrni ko‘p qilishga odatlaning, adadini ham asta-sekin oshirib boring. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloni har on, har dam, har lahzada zikr qilar edilar” (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, eng afzal zikr – Qur’ondan ham vazifalar belgilab oling. Masalan, eng kamida bomdod namozidan keyin “Yosin”, peshinda “Fath”, asrda “Naba”, shomdan so‘ng “Voqea”, xuftonda “Mulk” surasini o‘qishga odatlaning.
Duo
Alloh taolo barchamizni O‘zining zokir va qalbi zikr ila orom topuvchi bandalaridan qilsin!
Davron NURMUHAMMAD
Alloh taolo bizga bir sadaqamizni yetti yuz barobar ko‘paytirib berishini va’da qildi. Shunday ekan, nega endi muhtojlarga ehson qilishga ikkilanamiz?!
Rivoyatlarda kelishicha, Muhallabiy degan bir vazir o‘tgan bo‘lib, avvalboshda kambag‘al bo‘lgan ekan. Dunyo matohlaridan biror narsasi bo‘lmagan ham ekan. Shu holida u safar qiladi. Borgan joyida ham yeyishga biror narsa topa olmaydi. Go‘sht yeyishni qattiq ishtaha qilsa-da, go‘shtga yetgulik pul topa olmaydi va:
Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu,
Bul maiyshat xayrsiz bo‘ldi manga,
Vooh, bu hayotdin o‘lim totli bo‘lurmu,
Bu xushsiz hayotdin kelib mani xalos etsa…
U kishining hamsafari bo‘lib, ismi Abu Abdulloh So‘fiy edi. U baytni eshitib, bir dirhamga go‘sht sotib olib, pishirib Muhallabiyning qo‘liga tutqazadi. Keyin esa ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha ajralib ketishadi.
Kunlar o‘tib Muhallabiy Bag‘dodda vazir darajasiga ko‘tariladi. Bu yoqda Abu Abdulloh So‘fiyning sharoiti og‘irlashib, qiynalib qoladi. U vazirning huzuriga boradi va bir parcha qog‘oz berib, uni soqchidan kirgizib yuboradi. Qog‘ozda quyidagilar yozilgan edi:
Ayo vaziringga yetkaz, unga jonimni fido ayladim,
Yigit hech zamon gapin yoddan chiqarmas.
Yodingdamu yo‘qchilikdan qiynalib aytgan gaping,
“Ayo, xarid qilsam o‘lim sotilurmu” deganing…
Vazir Muhallabiy xatni o‘qigach, o‘tgan kunlari yodiga tushib, go‘sht yegisi kelganida go‘sht olib pishirib bergan hamsafarini eslaydi. Ko‘zlari yoshga to‘lib, Allohning ne’matlari ichida yayrab yashayotganini, qanday qilib bu martabalarga erishib, xalifaning vaziri bo‘lib qolgani haqida tafakkur qiladi. Keyin esa: “Bu xatni yozgan kishiga yetti yuz dirham berib yuboringlar”, deb buyuradi va xat ostiga javob tariqasida mana bu oyatni yozib qo‘yadi:
«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchi kishilarning (savobining) misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi...»[1] (ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).
Bu orqali vazir hamsafariga “Menga bir dirham evaziga olib bergan go‘shting haqqini Alloh taolo yetmish barobar ko‘paytirib berdi”, demoqchi edi.
Shoir aytadi:
Yaxshilik o‘gurganning mukofoti yo‘qolmagay hech,
Xoliqu xalq orasindagi sunnat zoil o‘lmagay hech.
Hech bir kishidan minnatdorchilik kutmang!
Hakimlardan biri aytadi: “Kim qilgan yaxshiligi uchun minnatdorchilik, rahmat kutsa, shubhasiz, u oxirat savobini dunyoda olishga shoshilibdi”.
Yaxshilik qilish maqtovga arzirli xarajatdir
Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: “Har narsada isrof bor, illoki husni xulqni qo‘lga kiritishda, yaxshilik qilishda, odamgarchilikni yuzaga chiqarishda isrof yo‘q”.
Bir hakim zotning gapini doimo yodingizda tuting: “Yaxshilik qiluvchi kishi hech chohga tushmaydi. Mabodo tushgan taqdirda ham, bir tirgak topadi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 261-oyat.