Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446
Yangiliklar

Qur’onda zikri kelgan ne’matlar

19.11.2024   3312   2 min.
Qur’onda zikri kelgan ne’matlar

Anor

U ikkisida (mazkur ikki bog‘da) meva, xurmo va anorlar bordir” (Ar-Rahmon surasi, 68-oyat).

“Shuningdek, uzumzor bog‘lar, bir-biriga o‘xshagan va o‘xshamagan zaytun va anorlarni (chiqardik). (An’om surasi, 99-oyat)

“U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta’mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi.” (An’om surasi, 141-oyat).

Anor Qur’onda bir necha bor zikr qilingan. Anorning mag‘zi ham, po‘stlog‘i ham koni foyda. Anor sharbat ko‘rinishida ham iste’mol qilinadi. Uning po‘sti va pardevorlaridan damlamalar tayyorlab ichish foydali.

Anorning shifobaxsh jihatlari: 

  1. Organizmni tozalaydi. Anorni iste’mol qilish qon bosimini me’yorga keltiradi, jigarni tozalaydi, ortiqcha suyuqlikni organizmdan chiqaradi.
  2. Gijjadan xalos qiladi. Quritilgan anor po‘stlog‘i qaynatiladi va bir hafta davomida ertalab och qoringa ichiladi. Bu amaliyot bilan gijjalardan xoli bo‘lasiz.
  3. Asabiylikning oldini oladi. Hayot tashvishlari bilan bo‘lib halovatsizlik, yurak siqilishi, asabiylik va tez kayfiyat o‘zgarishidan aziyat cheksangiz, anor po‘stini yarim litr suvda qaynatib ichish foydalidir. Turli yallig‘lanishlar, jigar xastaliklarida ham ichilishi samara beradi.
  4. Immunitetni ko‘taradi. Kuz-qish mavsumini gripp va shamollashlarsiz o‘tkazmoqchi bo‘lsangiz, har kuni bir necha 10 dona anor iste’mol qilishni odat qiling. Anor S vitaminiga boyligi sabab shamollashda yordam beradi. Anorni turli salatlarga qo‘shib tanovvul qilish ham mumkin. Qon aylanishini yaxshilaydi, ichaklarni tozalab, yuz ko‘rinishingizni tiniqlashtiradi.
  5. Suyaklarni mustahkamlaydi. Yoshi ulug‘ insonlar kunora anor yeb turishlari shart. Negaki, tarkibidagi kal’tsiy kattalarda uchraydigan osteoxondrozga qarshi kurashadi. Anor sharbati ichilganda insult va infarkt xavfi kamayadi. U xotirani mustahkamlaydi. Vazn tashlashda ham yordam beradi.

Anorni me’yoridan ko‘p iste’mol qilish ham mumkin emas. Anor tarkibidagi moddalar tish emalini yemirishi mumkin. Anor yeb bo‘lgach, og‘izni issiq suvda chayish tavsiya qilinadi. Anorni ko‘p yeyish qabziyatga ham sabab bo‘ladi. 

Shohruh Ubaydullayev

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

17.01.2025   6601   3 min.
Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?

Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)

Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.

Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.

“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.

Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.  Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).

Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.

Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi