Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sahifasida ko‘p istig‘for topgan kishiga tubo – jannat bo‘lsin», dedilar (Ibn Moja rivoyati).
2. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Nafsim qo‘lida bo‘lgan Zot ila qasamki, agar gunoh qilmasangiz, Alloh sizlarni ketkazib, o‘rningizga gunoh qilib, istig‘for aytadigan bir qavmni keltirur va ularni mag‘firat qilur», dedilar (Muslim va Ahmad rivoyati).
3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qaysi banda gunoh qilib, so‘ngra tahorat qilsa, tahoratini mukammal qilsa, so‘ng turib ikki rak’at namoz o‘qisa, keyin o‘sha gunohiga istig‘for aytsa, Alloh albatta uni kechiradi», dedilar (Ahmad, Nasoiy va Termiziy rivoyati).
4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga qarab: «Agar bir gunoh bilan alamlansang Allohga istig‘for ayt va tavba qil. Albatta gunohdan tavba nadomat va istig‘for aytishdir» dedilar (Bayhaqiy rivoyati).
5. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlolari Zayddan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim «Astag‘firullohallaziy laa ilaha illaa huval hayyul qoyyumu va atuubu ilayh» desa, hatto jangdan qochgan bo‘lsa ham, uning gunohlari kechiriladi», dedilar (Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: O‘zidan o‘zga iloh yo‘q, Hayyul Qoyyum bo‘lgan Allohga istig‘for aytaman va U Zotga tavba qilaman.
6. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Gunoh qilgan har bir musulmon yaxshilab tahorat qilib, ikki rak’at namoz o‘qib, so‘ngra istig‘for aytsa, albatta, Alloh uni kechiradi», dedilar va ushbu oyatni o‘qidilar: «Va fahsh ish yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘yganlarida Allohni eslab, gunohlarini mag‘firat qilishini so‘rarlar» (Oli Imron surasi, 135-oyat) (Termiziy rivoyati).
7. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Bir majlisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Robbig‘firliy va tub ’alayya, innaka antat tavvaabur rohiym» deb yuz marta aytganlarini sanaganmiz» (Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: Robbim! Meni mag‘firat qil, tavbamni qabul qil, axir Sen tavbalarni qabul qiluvchisan, rahmlisan.
8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimni (amal) sahifasi xursand qilishini yaxshi ko‘rsa, bas, unda istig‘forni ko‘paytirsin», dedilar (Bayhaqiy rivoyati).
9. Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitganman: «Alloh tabaroka va taolo shunday deydi: «Ey Odam bolasi! Modomiki Menga duo qilar ekansan, Mendan umidvor bo‘lar ekansan, Men sendagi jamiki narsani mag‘firat qilaman, parvo qilmayman. Ey Odam bolasi! Agar gunohlaring osmonning tepasiga yetgan bo‘lsa ham, keyin Menga istig‘for aytsang, seni mag‘firat qilaman, parvo qilmayman. Ey Odam bolasi! Menga yer yuzi to‘la gunoh bilan ro‘baro‘ kelsang ham, Menga shirk keltirmagan holda Menga yo‘liqsang, Men senga uni (yerni) to‘ldiradigan mag‘firat bilan ro‘baro‘ kelaman» (Termiziy rivoyati).
Anvar Tursunov
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD