Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446
Maqolalar

Hijoma qildirgan yaxshimi yoki donorlikmi?

19.11.2024   5936   1 min.
Hijoma qildirgan yaxshimi yoki donorlikmi?

Cavol: Savol berishdan maqsad sunnatni inkor qilish emas. Faqat hozirgi kunda kimlardir hijoma, yana kimlardir donorlik qildiradilar. Avtohalokat va boshqa turli kasalliklar tufayli bemorlarga qon zarur bo‘lib qoladi. Shundan kelib chiqib, hozirgi davrda hijoma qildirgan yaxshimi yoki donorlikmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz so‘ragan narsa qon oldiruvchi bemorning holati va shifokorning unga bergan tavsiyasiga qarab belgilanadi. O‘zi sog‘lom, lekin qon oldirmoqchi bo‘lgan insonga siz aytgan mulohazalar tufayli donorlik afzal hisoblanadi. Chunki bunda insonlarga yordam berish, hayotini qutqarish kabi yaxshiliklar bor. Ammo mazkur donorlik beg‘araz bo‘lishi, ya’ni mablag‘ evaziga bo‘lmasligi kerak. Alloh taolo insonni aziz va mukarram etib yaratgani uchun, hur odamni va uning tana a’zolarini sotish aslo mumkin emas. “Fathi bobil inoya” kitobida bu haqda bunday deyilgan:

وَلاَ بيع أَجْزَاءِ آدَمِيِ لكرامته

“Inson mukarram bo‘lganligi uchun uning a’zolarini sotish mumkin emas”.

Lekin qon quyish zarurati tug‘ilganda xolis yordam beruvchi topilmay qolsa, bemor hayotini saqlab qolish uchun qon sotib olishga ruxsat beriladi. 
Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar

Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda

04.06.2025   4645   2 min.
Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda

#xabar #haj2025

Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
 

Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.


Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi. 


Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.


Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.


Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

 

Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda Hajning mas’uliyatli kunlari boshlanmoqda