Cavol: Savol berishdan maqsad sunnatni inkor qilish emas. Faqat hozirgi kunda kimlardir hijoma, yana kimlardir donorlik qildiradilar. Avtohalokat va boshqa turli kasalliklar tufayli bemorlarga qon zarur bo‘lib qoladi. Shundan kelib chiqib, hozirgi davrda hijoma qildirgan yaxshimi yoki donorlikmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz so‘ragan narsa qon oldiruvchi bemorning holati va shifokorning unga bergan tavsiyasiga qarab belgilanadi. O‘zi sog‘lom, lekin qon oldirmoqchi bo‘lgan insonga siz aytgan mulohazalar tufayli donorlik afzal hisoblanadi. Chunki bunda insonlarga yordam berish, hayotini qutqarish kabi yaxshiliklar bor. Ammo mazkur donorlik beg‘araz bo‘lishi, ya’ni mablag‘ evaziga bo‘lmasligi kerak. Alloh taolo insonni aziz va mukarram etib yaratgani uchun, hur odamni va uning tana a’zolarini sotish aslo mumkin emas. “Fathi bobil inoya” kitobida bu haqda bunday deyilgan:
وَلاَ بيع أَجْزَاءِ آدَمِيِ لكرامته
“Inson mukarram bo‘lganligi uchun uning a’zolarini sotish mumkin emas”.
Lekin qon quyish zarurati tug‘ilganda xolis yordam beruvchi topilmay qolsa, bemor hayotini saqlab qolish uchun qon sotib olishga ruxsat beriladi.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida bitiruv tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Joriy yilning 31 may sanasida Mir Arab oliy madrasasini 32 nafar, Imom Termiziy o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasini 23 nafar bitiruvchi bitirdi.
Bugun, 3 iyun kuni esa Andijon viloyatidagi "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasining 2021-2025-o‘quv yili bitiruvchilari uchun tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil diniy oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan 119 nafar bitiruvchidan 15 nafari ayol-qizlar, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini bitirayotgan 436 nafardan 56 nafari ayol-qizlardir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati