Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“U (Alloh) sizlar uchun Yerni xokisor – bo‘ysunuvchi qilib qo‘ygan Zotdir. Bas, sizlar u (Yer)ning har tomonida yuringlar va U (Alloh)ning rizq-ro‘zidan yenglar! Yolg‘iz Uning huzuriga qaytish bordir” (Mulk surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bandalar uchun Yerni bo‘ysundirib, uni xokisor va sokin qildi. Qattiq silkinib ustidagi maxluqotlarni halok qilmasligi uchun tog‘lar bilan mustahkamlab qo‘ydi. Yerdan suv chiqarib, anhor, daryo va dengizlarni yaratdi. Maxluqotlari foydalanishi, bandalari ziroat va chorvachilikda manfaat olishlari uchun Alloh shunday qildi. Shuningdek, Alloh Yerda turli yo‘llarni paydo qildi. Bas, ey insonlar, Yerning turli joylarida yuringlar, rizq talabida harakat qilinglar! Unutmanglarki, qiyomat kunida dunyoda qilib o‘tgan har bir amalingiz haqida hisob berish uchun Allohning dargohiga qaytasizlar.
Alloh taoloning Yerni bo‘ysundirib qo‘yganini yana quyidagi misollarda ham ko‘rish mumkin. U Zot Yerni toshdek qattiq qilib qo‘ymadi, balki yurish oson bo‘lishi uchun yumshoq qildi. Bandalar yerni kavlab, ekin ekishlari, bino qurishlari uchun mayin qildi. Agar yer tosh, oltin yoki temir kabi bo‘lganida, yoz faslida juda issiq, qishda esa haddan tashqari sovuq bo‘lar edi. Shuningdek, Yer o‘liklarni o‘z bag‘riga olib, atrof-muhitni musaffo holida saqlaydi va ko‘plab kasalliklar tarqalishining oldini oladi. Mana shu narsalarning barchasi Yerning inson uchun bo‘ysundirib qo‘yilganini anglatadi.
Ushbu oyatda bandalarni rizq talabida harakat qilish, hayot uchun, uni obod qilish uchun intilishga targ‘ib qilinib, dangasalik va ishyoqmaslikdan qaytarilmoqda.
Alloh taolo har bir jonzotning rizqini azalda taqdir qilib belgilab qo‘ygani ko‘p bora aytildi. Maxluqotlar o‘sha rizqqa erishish uchun lozim bo‘lgan sabablarni ishga solishlari, rizq talabida harakat qilishlari kerak bo‘ladi. Biroq rizq topishda yolg‘iz harakatning o‘zi kifoya qilmaydi. Bunda tavakkul ham shartdir. Rizq topish uchun harakat qilish va tavakkulni bir-biriga muvofiq narsa deb bilish lozim. Zero, tavakkul qalb ishi. Harakat esa a’zolarning ishidir. Rizq topishda, avval Allohga tavakkul qilinadi. Ya’ni, rizq Allohdan ekaniga to‘liq imon keltirib, U Zotning yordami va madadiga suyangan holda, ishlarni yengil qilishini so‘rab duo qilinadi. So‘ngra rizq talab qilishga o‘tiladi. Bu ikkisi aslo bir-biriga zid emas. Biri ikkinchisisiz mukammal bo‘lmaydi. Faqat tavakkul qilsayu, intilish bo‘lmasa, banda tekinxo‘rga aylanib qoladi. Oqibatda qashshoqlashib, odamlar oldidagi obro‘-e’tiboridan ham ayriladi. Aksincha, tavakkul qilmasayu, faqat harakat qilishning o‘zi bilan cheklansa, rizq topish faqat o‘zimga bog‘liq, o‘zimni o‘zim boqaman, mana shu kasbim orqasidan kun ko‘raman, degan noto‘g‘ri fikrga borsa, kishi shirk illati tomon qadam tashlagan bo‘ladi. Demak, rizq topishda tavakkul va harakatni jamlagan holda ish yuritish haqiqiy mo‘minning sifatidir.
Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Albatta, Alloh kasb-kor qiluvchi mo‘min bandani yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy, Ibn Adiy, Hakim Termiziy va Bayhaqiy “Shu’abul iymon”da rivoyat qilgan).
Banda Alloh taoloning muhabbatiga loyiq bo‘lishi uchun, avvalambor unda imon bo‘lishi kerak. Iymon barcha yaxshiliklarning boshidir. Iymon bo‘lmasayu, boshqa “fazilat”lari bo‘lsa, foydasi yo‘q. Ushbu hadisda aytilayotganidek, Alloh taolo o‘ziga haqiqiy imon keltirgan va rizq talabida harakat qiluvchi, halol kasb-kor bilan shug‘ullanuvchi, birovga og‘irligi tushmaydigan, o‘zgalarga qaram va boqimanda bo‘lib qolmaydigan bandasini yaxshi ko‘rar ekan. Bas, biz ham ushbu ikki fazilat bilan sifatlanib, Alloh yaxshi ko‘rgan bandalar qatoridan joy olaylik!
Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Dangasa tijoratchi mahrum, shijoatli tijoratchi esa rizqlanuvchidir” (Quzo’iy “Musnadush shihob”da rivoyat qilgan).
Hadisdagi “mahrum bo‘lish” rizqdan butunlay ajrab qolishni anglatmaydi. Zero, har bir banda o‘z imkoniyati va layoqati darajasida ish tutadi.
Bandaning rizq talab qilishidagi holati – harakatchangligi yoki dangasaligi uning rizqi keng yoki tor bo‘lishiga ta’sir qiladi. Hadisda ta’kilanganidek, ishyoqmas va dangasa tijoratchi rizqning barakali bo‘lishi va keng rizqdan mahrum bo‘ladi. U layoqatsizligi tufayli o‘ziga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘plab daromadlardan quruq qoladi. Harakatchan, uddaburon va izlanuvchan tijoratchi esa, avvalo niyati va qalbini sof qilib, yaxshilik kasb qilish uchun harakat qiladi. Ishlarini puxta, mukammal va maromiga yetkazib, o‘z vaqtida, ko‘proq manfaat beradigan paytda amalga oshiradi. O‘sha ishining orqasidan keng rizqqa ega bo‘ladi. Harakatchan bandani Alloh yaxshi ko‘radi. Unga O‘zi xohlagan tarzda keng, barakali rizq va farovon hayot ato qiladi.
Shu narsani eslatib o‘tish lozimki, bu hadis butun hayotini tirikchilik yo‘lida bag‘ishlash yoki dunyoga tashna bo‘lishga emas, balki rizq talabida halol yo‘llar bilan harakat qilish, o‘z ishiga pishiq bo‘lishga targ‘ib qilmoqda. Tirikchilik va kasb-korni tashlab qo‘yib o‘zgalarga ortiqcha “yuk” bo‘lishdan qaytarmoqda.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.
Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi
imom noibi Anvarxon Akramov
Manba: @Softalimotlar