Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2024   |   26 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
27 Dekabr, 2024, 26 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Shiy’alarning qo‘zg‘alonlari (Karbalo)

19.11.2024   6142   26 min.
Shiy’alarning qo‘zg‘alonlari (Karbalo)

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yazid ibn Muoviyaning xalifaligi
(xalifalik davri: hijriy 60–64; milodiy 680–683)

To‘liq ismi: Yazid ibn Muoviya ibn Abu Sufyon. Muoviya ibn Abu Sufyonning bu erka farzandi yoshligidan rohat-farog‘atda o‘sdi. Ovga, o‘yin-kulgiga qiziqishi katta edi. Avval aytilganidek, xalifalik unga otasining amri bilan o‘tdi. Muoviya ibn Abu Sufyon tiriklik paytida hamma Yazid ibn Muoviyaga bay’at qildi. Madinai munavvarada bir kancha odamlar unga bay’at qilishdan bosh tortganda, Yazid ularni ham bay’at qilishga majburlashga urinib ko‘rdi.

Shundan keyin Ibn Umar, Ibn Abu Bakr, Ibn Abboslar bay’at qildilar. Ammo xalifalikdan umidvor bo‘lib yurgan imom Husayn, Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo bay’at qilmay, Makkaga ketib qolishdi.

Yazid ibn Muoviya davridagi fathlar

Bu davrda faqat Afrikadagina ba’zi bir fathlar bo‘l­di. Boshqa taraflarda ichki fitnalar va boshqa hodisalar sababli fath ishlari to‘xtab qoldi. Afrikada Uqba ibn Nofe’ o‘zining fathlarini g‘arb tomon kengaytirib bordi. U Mag‘rib yurtlarining barchasini fath qilib, Atlantika okeanigacha yetib bordi. Rivoyat qilinishicha, Uqba ibn Nofe’ mazkur okean sohilidagi bir tepalik ustiga chiqib: «Robbim, agar ushbu dengiz bo‘lmaganida, Sening yo‘lingda jihodni davom ettirar edim, agar undan keyin yana yer kelishini va u yerda ham odamlar borligini bilsam, shu dengizga sho‘ng‘irdim», degan ekan.


ICHKI HODISALAR
Shiy’alarning qo‘zg‘alonlari

Mavzuga kirishishdan avval shiy’alar tarixiga oid ayrim ma’lumotlar bilan tanishib chiqsak maqsadga muvofiq bo‘ladi.

«Shiy’a» so‘zi lug‘atda «tarafkash» ma’nosini anglatadi. Islom olamida esa hazrati Aliyga tarafkashlik oqibatida ko‘pchilik musulmonlardan ajralib, alohida yo‘l tutgan toifaga aytiladi. Aslida shiy’a mazhabining kelib chiqishiga siyosiy ixtiloflar sabab bo‘lgan.

Uchinchi xalifa hazrati Usmon roziyallohu anhu vafotlaridan so‘ng kelib chiqqan qarama-qarshiliklarning bir tarafida hazrati Aliy ibn Abu Tolib karramallohu vajhahu bo‘ldilar. U kishiga tarafdor bo‘lganlardan ba’zilari keyinchalik shiy’a mazhabini keltirib chiqardilar. Hazrati Aliyning o‘zlari bu gaplardan bexabar o‘tganlar.

Xulosa shuki, shiy’achilik avvaldan o‘ylab, rejalashtirib tuzilgan harakat yoki mazhab emas, balki siyosiy taraf­kashlik oqibatida muxolif tarafga zid o‘laroq asta-sekin shakllangan bir mazhabdir.

Tarixchilardan ba’zilari bu mazhabning boshlanish davri sahobalar o‘rtasida sodir bo‘lgan mashhur «Siffin» urushiga to‘g‘ri keladi, deydilar. Keyinchalik shiy’alar ko‘plab firqalarga bo‘linib ketgan. Hozirgi kunda Ahli sunna val jamoa mazhabiga muqobil va yaqin sanaladigan, eng asosiy shiy’a mazhabi «imomiya» yoki «isna ashariya» deb nomlanadi, ya’ni ular o‘n ikki imomga e’tiqod qiladilar, shuning uchun mazkur nomni olganlar.

Ularni fiqhiy e’tibordan imom Ja’far Sodiqning ergashuvchilari bo‘lganlari uchun «ja’fariylar» ham deyiladi.

Imomiya mazhabidagi shiy’alar e’tiqod qiladigan imomlar quyidagilar:

  1. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu.
  2. Hasan ibn Aliy roziyallohu anhumo.
  3. Husayn ibn Aliy roziyallohu anhumo.
  4. Aliy Zaynul obidiyn ibn Husayn.
  5. Muhammad Bokir ibn Aliy Zaynul obidiyn.
  6. Ja’far Sodiq ibn Muhammad Bokir.
  7. Muso Kozim ibn Ja’far Sodiq.
  8. Aliy Rizo ibn Muso Kozim.
  9. Muhammad al-Javod ibn Aliy Rizo.
  10. Aliy Hodiy ibn Muhammad Javod.
  11. Hasan Askariy ibn Aliy Hodiy.
  12. Muhammad Mahdiy ibn Hasan Askariy.

Shiy’alarning o‘n ikkinchi imomi, Muhammad Mahdiy to‘rt yoki sakkiz yoshida «Sorra man ra’o» degan joyda otasining hovlisida bir g‘orga o‘xshash joyga kirib ketgan-u, bir kuni qaytib chiqadi, deb e’tiqod qilinadi. Shuningdek, ularning aqiydasi bo‘yicha, imomlik yagona diniy rahbarlik bo‘lib, u avvalgi imomning vasiyati ila keyingi imomga o‘tadi. Misol uchun, Payg‘ambar alayhissalom o‘zlaridan keyin imomlikni hazrati Aliyga vasiyat qilganlar, o‘z navbatida hazrati Aliy imom Hasan va Husaynga va hokazo.

Shiy’a mazhabidagi musulmonlarning e’tiqodi bo‘yi­cha, imom gunohlardan pok bo‘ladi va to‘liq ilm sohibi bo‘ladi. Ularning payg‘ambardan farqi vahiy tushmasligida, xolos. Imomlar mo‘jiza sohibi ham bo‘ladilar. Ular har kuni shom namozidan keyin imom Mahdiy kirib ketgan deb e’tiqod qilinadigan g‘or og‘ziga bir ulovni olib borib, to yulduzlar ko‘ringuncha imomning ismini aytib chaqiradilar, so‘ngra ertaga qaytib kelamiz, deb tarqalishadi. Ular imom chiqsa, yer yuzini adolatga to‘ldiradi, shiy’alarning dushmanlaridan o‘ch oladi, deb e’tiqod qiladilar.

Ba’zi haddan oshgan shiy’a toifalari farishta Jabroil alayhissalomni ham so‘kadilar. Ular u zotni vahiyni adashib Aliyga emas, Muhammadga olib tushgan deb ayblaydilar.

Muharram oyining birinchi o‘n kuni shiy’alar uchun motam kunlari hidsoblanadi. Ular o‘sha kunlari imom Hasan, imom Husayn va boshqalarga motam tutadilar. Ulardan ba’zi bir haddidan oshgan toifadagilarining e’tiqodi bo‘yicha o‘sha kunlari kim o‘zini ko‘prok qiynasa, shuncha ko‘p savob oladi.

Imomiya shiy’alarining asosiy markazi Erondir. Tarixchilar buning asl sababi imom Husayn roziyallohu anhuning Erondan uylanishlari bo‘lgan deydilar. Shu tufayli siyosiy janjallarda eronliklar imom Husayn tarafini oladilar va u kishini kelib, o‘zlariga rahbarlik qilishga chorlashadi. Imom Husayn shu chaqiriqqa binoan kelayotib, Karbaloda shahid bo‘ladilar. Shuningdek, imomiya shiy’alari Iroq, Quvayt, Pokiston va Livanda sezilarli darajada tarqalganlar.

Ozarboyjon aholisining ko‘pchiligi shiy’adir. Shuning­dek, Shimoliy Qofqozning Ozarboyjon chegarasiga yaqin joylarida yashaydigan aholi ham shiy’alardir. O‘zbekistonda Samarqand va Buxoroda ota-bobolari qadimda Eron­dan kelib qolgan shiy’a mazhabiga mansub kishilar yashashadi. Ularning mahalliy aholisi asli Erondan bo‘lgani uchun eroniylar ham deb ataydilar. Hozirgi kunda o‘zlarining masjidlari bor, ba’zi kitoblarini ham chop etdilar.

Oxirgi paytlarda sunniy va shiy’iy mazhablari orasida yaqinlashish ishlari bo‘yicha faoliyat olib borilmoqda. Har mazhab o‘zining ta’limotlarini tutishi bilan o‘zgani hurmat qilish va mushtarak manfaatlar yo‘lida hamkorlik qilish harakatlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Eronda «Islomiy mazhablarni yaqinlashtirish» deb atalgan katta muassasa ishlab turibdi. Har yili ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.

Hozirgi paytda imomiya shiy’alari bilan ahli sunnalar orasida munosabatlarni yaxshilashga harakatlar bo‘lib turib­di. Imomiya mazhabidagi shiy’alarni kofir deyilmaydi.

Asosiy baxsimizga qaytsak, umaviylar davrida shiy’­alar tomonidan doimiy ravishda qo‘zg‘alonlar uyushtirib turilgan. Bunday qo‘zg‘alonlarning boisi shiy’alarda umaviylarga nisbatan adovat kuchli bo‘lib, ularning niyati umaviylarni butunlay yo‘qotish va bu bilan barcha musulmonlarni zaiflashtirishga erishish edi.

 

KARBALO FOJIASI
(hijriy 61 yil 10 muharram; milodiy 680 yil 10 oktyabr)

Hijriy 60 yilda xalifa Muoviya ibn Abu Sufyon vafot etib, o‘rniga uning amriga binoan o‘g‘li Yazid xalifa bo‘­lib qolgach, Shom ahli unga bay’at qildi. So‘ng Yazid o‘ziga bay’at olish uchun Madinaga odam yubordi. Imom Husayn roziyallohu anhu bilan Abdulloh ibn Zubayr unga bay’at qilishdan bosh tortdilar va o‘sha kechasi Madinai munavvaradan chio‘ib, Makkai mukarrama tomon yo‘l oldilar.

Muoviyaning zamonidayoq Iroq ahli imom Husayn roziyal­lohu anhuga maktub yozib, u kishini o‘zlari tomon chorlashar, xalifalikni talab qilishga undar edilar. Yazid ibn Muoviyaga bay’at qilinganidan keyin imom Husayn roziyallohu anhu bir to‘xtamga kelolmay, uzoq o‘yladilar: bir tomondan o‘z joylarida qolishni, yana bir tomondan Iroq ahli tomon yurishni afzal ko‘rdilar. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu U kishining Iroqqa borishlari tarafdori bo‘lsa, Ab­dulloh ibn Abbos roziyallohu anhu bunga qarshi bo‘ldilar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu esa: «Sen ketma, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga dunyo yoki oxiratni tanlash ixtiyorini berganida u zot oxiratni ixtiyor qilganlar. Sen u zotning bir bo‘lagisan, dunyoga noil bo‘lmaysan», dedilar. Lekin imom Husayn ro­ziyallohu anhu Iroq sari yo‘lga chiqishga qaror qilib bo‘l­gan edilar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u kishini quchoqlab, yig‘lab xayrlashdilar. Keyinchalik Ibn Umar roziyallohu anhu: «Husayn bizning gapimizga ko‘nmay, chiqib ketgan edi», deb yurar edilar.

Imom Husayn roziyallohu anhu Kufa tomonga otlanib turganlarida huzurlariga Amr ibn Abdurrahmon ibn Horis ibn Hishom kelib: «Menga Iroqqa bormoqchi ekaning haqida xabar yetdi. Amirlari, omillari va baytulmollari bor yurtga borishing meni xavfga soladi. Odamlar dirham va dinorning bandalaridir. Senga yordam berishni va’da qilganlar senga qarshi jangu jadal qilib qolishlaridan qo‘rqaman», dedi. Imom Husayn roziyallohu anhu unga yaxshi muomala qilib, qaytarib yubordilar.

So‘ng Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu kelib: «Iroqqa bormoqchi ekaning odamlarni xavotirga solyapti. Nima qilmokchisan o‘zi?» dedi. «Shu ikki kun ichida yo‘lga chiqishga qaror qildim», dedilar imom Husayn roziyallohu anhu. «Unday qilishdan seni Allohning O‘zi asrasin! Al­loh rahmingni yegur, menga ayt-chi, amirlarini o‘ldirib, dushmanlarini yo‘q qilgan, yurtiga ega chiqib olgan qavmning oldiga bormoqchimisan?! Ular seni aldashidan, yolg‘onchiga chiqarishidan, senga xilof qilishidan, seni tashlab qochishidan, senga qarshi chiqishidan, ashaddiy dushman bo‘lib qolishidan qo‘rqaman», dedi Abdulloh ibn Abbos.

Imom Husayn roziyallohu anhu bu gapga javoban: «Men Allohga istixora qilaman. Keyin nima bo‘lishiga qarayman», dedilar.

Ertasiga Abdulloh ibn Abbos yana qaytib kelib: «Ey amakivachcham! Shuncha urinsam ham sabr qila olmayapman. Shu ketishda ketaversang, halok bo‘lib, tomiring qurishidan qo‘rqyapman. Axir Iroq ahli xiyonatkor qavm. Ularga zinhor yaqinlashma! Shu yerda turaver. Axir sen Hijoz ahlining sayyidisan. Agar Iroq ahli o‘zlari da’vo qilayotganlaridek, seni xohlaydigan bo‘lsalar, ularga xat yoz, avval omillarini va dushmanlarini quvishsin, keyin sen ularning oldiga bor. Juda chiqishing kerak bo‘lsa, Yamanga bor. U yerda qo‘rg‘onlar, daralar bor. Uning yeri keng. U yerda otangning tarafdorlari bor. O‘zing ommadan chetroqda bo‘lasan. Odamlarga xat yozib yuborasan, chorlovchilaringni shu yo‘l orqali yoyasan. Menimcha, ana shunda ofiyatda turgan holingda o‘zing xohlagan narsaga erishasan», dedi.

Imom Husayn roziyallohu anhu U kishining bu gaplarini ham qabul qilmadilar. Shunda Abdulloh ibn Abbos ro­ziyallohu anhu: «Agar boradigan bo‘lsang, ayollaringni, yosh bolalaringni olib borma. Usmon qatl qilinganidek, sen ham ayollaring va bolalaring ko‘z o‘ngida qatl qilinishingdan qo‘rqaman», dedi.

U kishining bu gaplari ham foyda bermadi. Imom Hu­sayn roziyallohu anhu ayollari va bola-chaqalari bilan yo‘lga tushdilar. Yo‘lda u kishiga mashhur shoir Farazdak duch keldi. Imom Husayn roziyallohu anhu undan: «Odamlar qanday?» deb so‘radilar. «Odamlarning qalbi sen bilan, qilichlari Banu Umayya bilan. Qazo osmondan nozil bo‘lur, Alloh xohlaganini qilur», dedi Farazdak.

So‘ng imom Husayn roziyallohu anhuga Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan maktub keldi. U kishi Alloh iomi bilan qasam ichib, zinhor yurtdan chiqmaslikni so‘ragan edilar. U kishining maktubi bilan birga Madinaning amiri Amr ibn Sa’idning omonlik xati ham bo‘lib, ortga qaytishni so‘ragan edi. Imom Husayn roziyallohu anhu yo‘llarida davom etaverdilar.

Yo‘lda u kishiga Abdulloh ibn Mutiy’ duch keldi. U imom Husayn roziyallohu anhuning qayoqqa ketayotganlarini bilgach, «Allohning nomi ila eslataman, ey Rasululloh qizining o‘g‘li! Islom hurmati o‘tinib so‘rayman, arablar hurmati, Al­lohning nomi ila o‘tinib so‘rayman, bunday qilma! Allohga qasamki, agar Banu Umayyaning qo‘lidagi narsani talab qiladigan bo‘lsang, ular seni albatta o‘ldirishadi. Sendan keyin esa hech kimdan tap tortmay qo‘yishadi. Allohga qasamki, Is­lom hurmati, Quraysh hurmati, arab xalqi hurmati, bunday qilma! O‘zingni Banu Umayyaga tutib berma!» dedi.

Imom Husayn roziyallohu anhu bu gaplarga ham e’tibor bermay, yo‘llarida davom etdilar. U kishi o‘z odamlari bilan Sa’labiyya degan joyga yetganlarida Muslim ibn Aqiylning qatl qilingani haqida xabar keldi. Ba’zi kishilari: «Al­loh nomi ila iltimos qilamiz, shu yerdan ortingizga qay­ting!» deyishdi. Ammo Muslimning yaqinlari bunga qarshi chiqib «Allohga qasamki, o‘chimizni olmaguncha qo‘ymaymiz. Yoki Muslim totgan narsani biz ham totamiz!» deyishdi.

Imom Husayn roziyallohu anhu odamlari bilan yurib borib, Batni Aqaba nomli yerga tushdilar. O‘sha yerda u ki­shiga arablardan bir kishi uchrab: «Allohning nomi ila iltimos qilaman, ortingga qayt! Allohga qasamki, nayzalarning uchiga, qilichlar tig‘iga qarab ketyapsan! Anavi seni chaqirganlar seni jangga kerakli narsalar bilan ta’minlaganlarida, hamma narsani tayyorlab qo‘yganlarida, borsang bo‘lar edi. Ammo hozir sen vasf qilgan holatda zinhor borib bo‘lmaydi! Ortingga qayt!» dedi.

U ketganidan keyin Har ibn Yazid Tamimiy boshliq ming nafar otliq keldi. Imom Husayn roziyallohu anhu ularga: «Ey odamlar, Allohga ham, sizga ham uzr! Men sizlardan ko‘plab maktublar olganim, elchilar ko‘rganim uchun, ular «Bizning oldimizga kel, bizning imomimiz yo‘q, shoyad, Alloh sen ila bizni hidoyatga boshlasa», deganlari uchun keldim. Agar sizlar menga ko‘nglimni to‘ldiradigan va’da bersangiz, shahringizga boraman, bo‘lmasa, kelgan yerimga qaytib ketaman», dedilar. Ular indashmadi.

Birozdan keyin Har: «Bizga agar seni uchratsak, Kufaga – Ubaydulloh ibn Ziyodning oldiga olib borgunimizcha sizlardan ajramaslik amr qilingan», dedi. Imom Husayn roziyallohu anhu unga: «Bundan ko‘ra o‘lganing yaxshi emasmi?!» dedilar. So‘ngra u kishi o‘z odamlarini otlanib ortga qaytishga amr qildilar. Har esa ularning yo‘lini to‘sdi. Shunda imom
Husayn roziyallohu anhu: «Onang ko‘kingni kiygur, bizdan nima istaysan?!» dedilar.

«Allohga qasamki, bu gapni sendan boshqa arab aytganida, kim bo‘lishidan qat’i nazar, onasini (yomon so‘z bilan) zikr qilmay qo‘ymas edim. Allohga qasamki, sening onangni yaxshilikdan boshqa bilan zikr qila olmayman», dedi va u kishining Madinaga qaytib ketmasliklari uchun hamma choralarni ko‘rdi.

Imom Husayn roziyallohu anhu shimol tomon yurib, Naynavoga bordilar. O‘sha yerda Ibn Ziyod ularga qarshi yuborgan lashkar yetib keldi. O‘sha lashkarning boshlig‘i Umar ibn Sa’d odam yuborib: «Nima uchun kelding?» deb so‘radi. Imom Husayn roziyallohu anhu: «Yurtingizning odamlari maktub yozib, kelishimni so‘rashdi. Agar xohlashmasa, qaytib ketaman», dedilar.

Umar bu haqda Ibn Ziyodga xat yubordi. She’riy uslub ila yozilgan xatda «Changalimizga tushganda najot topmoqchi, endi iloji bormikan?» degan ma’no bor edi.

Ibn Ziyod: «Husaynga Yazidga bay’at qilishni taklif qil. Agar qabul qilsa, o‘ylab ko‘ramiz, undan va odamlaridan suvni to‘sib qo‘y», deb buyruq berdi. Imom Husayn ro­ziyallohu anhu: «Menga imkon beringlar, kelgan joyimga qaytib ketaman», dedilar. Ular: «Ibn Ziyodning hukmiga tush», deyishdi. U kishi bu gapni qabul qilishlari mumkin emas edi. Urushdan boshqa iloj qolmadi.

Imom Husayn roziyallohu anhu bilan birga kelgan erkaklar sakson kishidan ortmas edi. Jang boshlandi. Ko‘p o‘tmay imom Husayn roziyallohu anhu va u kishining barcha yaqinlari qatl qilindi. Iroqliklardan sakson sakkiz kishi o‘ldi. Bu nobakorlik Karbaloda sodir bo‘ldi.

Imom Husayn roziyallohu anhuni Sinan ibn Avs ibn Amr an-Naxa’iy nayza sanchib o‘ldirgan edi. U ot ustida turib, o‘z odamlaridan Xavliy degan kishiga: «Uning kallasini uz», dedi. Xavliy imom Husayn roziyallohu anhuning boshlarini tanalaridan uzmoqchi bo‘lib harakat qilgan edi, xolsiz bo‘lib, uza olmadi. Sinan o‘zi otdan tushib, kallani tanadan uzdi. Bu mislsiz jinoyat xijriy 61 yil juma kuni bo‘ldi. O‘sha kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelgan edi.

Jinoyatchilar guruhi qolgan shahidlarning ham boshlarini tanalaridan ajratib olishdi. So‘ng kallalarni ko‘tarib, qizlar va ayollarni haydab, Ubaydulloh ibn Ziyodning oldiga shoshilishdi. Musibat o‘tida yonayotgan qiz-ayollar imom Husayn roziyallohu anhuning tirik qolgan yagona o‘g‘li Aliy ibn Husaynni ko‘tarib, fig‘onlari dunyoni to‘ldirib borishar edi.

Nobakorlar o‘z xo‘jayinlariga yaxshi ko‘rinish maqsadida yetmish ikki dona boshni bo‘lib olib, ko‘tarib borishardi.

  1. Imom Husayn roziyallohu anhuning boshlarini Huvliy ibn Yazid olib borardi.
  2. Kindaliklarga o‘n uchta bosh tekkan edi.
  3. Havozinliklar yigirmata boshni olib borishardi.
  4. Banu Tamim ham yigirmata boshga ega bo‘lgan edi.
  5. Banu Asad yettita boshni ko‘tarib olgan edi.
  6. Mazhijliklar o‘n bitta boshni olishgan edi.

Ularning rahbarlari Shimr ibn Ziljuvshan, Qays ibn Ash’as, Amr ibn Hajjoj va Urva ibn Qayslar edi. Ular ana shunday holda o‘z boshliqlari Ubaydulloh ibn Ziyod­ning oldiga kirib borishdi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ibn Ziyodning oldida edim. Bir payt Husaynning boshini keltirishdi. U qo‘lidagi cho‘p bilan uning burniga ishora qilib: «Buningdek chiroyni ko‘rmaganman», dedi. «U o‘shalarning ichida Rasululloh sollal­lohu alayhi vasallamga eng o‘xshagani edi», dedim».

Imomlar Buxoriy va Termiziy rivoyat qilishgan.

O‘sha yerda boshqa bir sahoba – Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu ham bor edilar. U kishi qonxo‘r Ubaydulloh ibn Ziyodga: «Ol cho‘pingni! Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha sening cho‘ping tegib turgan joydan o‘pganlarini ko‘rganman!» deb baqirib, so‘ng bor ovozlari bilan ho‘ngrab yig‘lab yubordilar.

Ibn Ziyod u kishiga: «Alloh ko‘zingni yig‘iga to‘ldirsin! Agar munkayib, aqli ketib qolgan chol bo‘lmaganingda, bo‘yningni chopardim», dedi.

Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu ketganlaridan keyin odamlar ichida shivir-shivir gap boshlandi. Ular: «Allohga qasamki, Zayd ibn Arqam roziyallohu anhu bir gap aytdiki, Ibn Ziyod eshitganda, uni o‘ldirar edi», deyishdi.

«Nima dedi?» deb so‘radi birovi.

«Ey arablar, sizlar bugundan boshlab qul bo‘ldilaring! Fotimaning o‘g‘lini o‘ldirdilaring! Marjonaning o‘g‘lini o‘zingizga amir qildilaring! U bo‘lsa sizning yaxshingizni o‘ldirib, yomoningizni qul qilmoqda. Yo‘qolsin xorlikka, orga rozi bo‘lganlar!» dedi», deyishdi.

Har qanday zolim jazosini tortmay qolmaydi. Ko‘p o‘tmay, zolim va fosiq Ubaydulloh ibn Ziyod ham qilmishiga yarasha jazosini tortdi. Hijriy 66 yilning zulhijja oyida Muxtor Saqafiyning amriga binoan Ibrohim ismli lashkarboshi Jozir degan joyda Ibn Ziyod va uning odamlarini o‘ldirib, kallalarini uzdi va tovoqqa solib, boshlig‘ining oldiga olib bordi. Ularning boshlari Muxtor Saqafiyning oldiga tashlandi. Shunda bir kichik ilon kelib, Ibn Ziyodning og‘ziga kirib ketdi va bir oz o‘tib, burnidan chiqdi. Keyin burnidan kirib, og‘zidan chiqdi. Ilon tinmay uning hali og‘zidan, hali burnidan kirib-chiqaverdi. So‘ng jinoyatchilarning boshlari Makkaga, Ibn Zubayr roziyallohu anhuga yuborildi va ular o‘sha yerda ko‘chaga osib qo‘yildi. Ibn Ziyod va uning sheriklarining murdalarini esa Ashtar kuydirib tashladi.

Shuningdek, imom Husayn roziyallohu anhuning qatllarida hozir bo‘lganlarning hammasi ham bu dunyodan xoru zor bo‘lib o‘tishgan. Hatto ularning zurriyotlari ham doimiy ravishda xorlikda o‘tganini tasdiqlovchi rivoyatlar tarix kitoblarimizda ko‘p uchraydi.

Imom Husayn roziyallohu anhu va u zotning yaqinlarining vaxshiyona o‘ldirilishi butun Islom olamini daxshatga soldi. Banu umayyaliklardan nafratlanish, iroqliklarni so‘kish oddiy bir xolga aylanib qoldi. Hatto raxbarlar o‘zlarini oqlash uchun gumashtalarini jazolashga ham o‘tishdi. Musulmon olamining imom Husayn roziyallohu anhuga bo‘lgan cheksiz muhabbati ularni xavf-xatar ostida qoldirgan edi.

Bu ulkan jinoyat sodir bo‘lganda dunyo musulmonlarning ko‘ziga boshqacha ko‘rinib qoldi. Bu haqda har xil rivoyatlar juda ko‘p. Ayniqsa, imom Husayn roziyallohu anhuning o‘ldirilishlari tafsiloti kishining yuragini qon qilmay qo‘ymaydi.

Ehtimol, shuning uchundir, buyuk alloma Jaloliddin Suyutiy «Tarixi xulafo» nomli kitoblarida: «Uning (imom Husayn roziyallohu anhuning) qatl etilish bayoni uzoqdir. Uni zikr qilishni qalb ko‘tara olmaydi», deb yozganlar.

Ushbu fitna eng oz deganda odamlarning o‘rtasida tafriqa bobini keng ochdi va minglab, millionlab musulmon­larning boshiga ofat keltirdi. Mana shu fitnaning eshigi hozirgacha ochiq turibdi. Musulmonlar bundan katta zarar ko‘rdilar va zarar ko‘rishda davom etmoqdalar.

 

HARRA VOQЕASI VA MADINANI MUBOH SANASH
(hijriy 63 yil zulhijja; milodiy 683 yil avgust)

Karbaloning xabari Madinaga yetib bordi. Shunda Ab­dulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu Yazidni xalifa emas deb e’lon qildi va odamlardan o‘ziga bay’at qilishlarini so‘radi. Madina ahli u kishiga bay’at qildi.

Shundan keyin Yazid Hijozga boshqa voliy tayinladi. Madinada Yazid haqida gap ko‘paydi. Yazid ularga No‘mon ibn Bashirni yuborib, ogohlantirdi, itoatga chaqirdi. Ular bundan bosh tortib, Yazidni ishdan bo‘shatganlarini e’lon qildilar va Abdulloh ibn Hanzalaga bay’at qilishdi. Ular Yazid tayinlagan yangi voliy Usmon ibn Muhammad ibn Abu Sufyonga qarshi chiqishdi. Banu Umayyani Marvon ibn Hakamning hovlisida qamal qilishdi.

Yazidga bu xaqda xabar yetib kelgach, Muslim ibn Uqba rahbarligida Madinaga lashkar yubordi. U o‘z lashkari bilan Madina shahrining sharqiy tarafidagi Darra – qora toshlar mintaqasiga kelib, Madina ahliga uch kun muhlat berdi. So‘ng Madinaga kirib borib, u yerning muqaddasligini, haramligini o‘zlaricha bekor qilishdi. Yuzlab sahobalarni, ularning farzandlarini qatl qilishdi. Bu mash’um hodisa hijriy 63 yil zulhijja oyining oxirlarida yuz berdi.

So‘ng Muslim ibn Uqbaning lashkari Makka sari yo‘l oldi. Yo‘lda Muslim ibn Uqba vafot etdi. Uning o‘rniga Yazid Husayn ibn Numayrni tayinladi.

Makka va Hijozning barcha ahli Abdulloh ibn Zubayrga bay’at qilishgan edi. U kishi o‘z odamlari bilan shomliklarga qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Yaqinlaridan ko‘pchilik halok bo‘ldi. Yazidning odamlari Makkai mukarramani qa­mal qilishdi. Hijriy 64 yil rabi’ul avval oyida Baytullohni manjaniq bilan toshga tutishdi va o‘t qo‘yishdi.

Makkaning qamali davom etib turgan paytda, 14 rabi’ul avvalda Yazidning o‘lgani haqida xabar keldi. Umaviylarning lashkarboshisi Husayn ibn Numayr Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuga bay’at qildi. U kishini Shomga borib rahbarlik qilishga chorladi. Lekin Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu bu taklifni qabul qilmadi. Umaviylarning qo‘shini Shomga qaytib ketdi.

Yazidning vafoti

Yazid hijriy 64 (milodiy 683) yil rabi’ul avval oyida vafot etdi. Uning xalifaligi to‘rt yil davom etdi.


IKKINCHI MUOVIYA IBN YAZID
(hijriy 64 yil; milodiy 683 yil)

Yazid ibn Muoviyaning o‘limidan keyin xalifalikni uning o‘g‘li – Ikkinchi Muoviya ibn Yazid egalladi. Uning xalifaligi faqat 40 kun davom etdi, xolos. So‘ng bemorligi, zaifligi sababli xalifalikdan voz kechdi. Uyida uzlat qilib o‘tirib oldi va uch oydan keyin vafot etdi. Mana shu yerda umaviylar xalifaligi vaqtinchalik uzilib qoldi.

 

Keyingi mavzular:

Abdulloh ibn Zubayrning xalifaligi;
Muxtor Saqafiy harakati;
Umaviylar xalifaligining qayta tiklanishi;
Abdurrahmon ibn Ash’as harakati.

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   4930   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.