O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko‘p yillar diniy-ma’rifiy sohada, jumladan, Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani "Sultonxon" jome masjidida imom-xatib vazifasida faoliyat yuritgan Salohiddin domla Nurmatovning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin! Din rivoji, xalq ma’rifati va vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Salohiddin domla Nurmatovning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!
«Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz U Zotga qaytuvchimiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
#xabar #haj2025
Shu yil 12 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiliklaridagi hojilarimizning dastlabki guruhlari eson-omon ona diyorimizga yetib keldilar.
Nurli yuzi, quvnoq ko‘zida Vatan sog‘inchi namoyon bo‘lgan hojilar jamoasini taniqli ulamolar, imom-domlalar, mutasaddilar va OAV vakillari Toshkent xalqaro aeroportida ehtirom ila kutib olishdi.
Hojilarimiz muborak zaminda Haq taoloning farzi – Haj amalini chiroyli ado etib, sog‘u salomat o‘z yurtiga yetib kelganlari va yaqinlari diydoriga yetishganlari uchun shukronalar aytish barobarida el-yurt haqqiga xayrli duolar qilishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati