Bismillahir Rohmanir Rohiym
Solih bir kishi o‘z o‘g‘liga bunday dedi: O‘g‘lim, aytadiganlarimga diqqat bilan quloq sol, zero bular senga dunyo va oxiratingda nafi tegadi.
O‘g‘il dedi: Ayting otajon, jon qulog‘im bilan tinglayman.
Solih kishi dedi: Vafosiz odam aqlsiz bo‘ladi. Rostgo‘yligi yo‘q odamda mardlik ham bo‘lmaydi. Ilmga ishtiyoqsiz odam bilimga ega bo‘lmaydi. Hayosiz odam karamli bo‘lmaydi. Betavfiq kimsa hech qachon tavba qilmaydi. Ilmdan foydaliroq hazina yo‘q. Hilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiruvchi mol yo‘q. Odobdan ko‘ra yuksakroq hasab yo‘q. Aqldan ishonchliroq hamroh yo‘q. O‘limdan ko‘ra ishonchliroq dalil yo‘q. Gunohlarni tark etishdan ko‘ra foydaliroq ehson yo‘q. Gunohlardan ko‘ra og‘irroq yuk yo‘q. Tafakkurdan ko‘ra afzalroq ibodat yo‘q. Yolg‘ondan ko‘ra yomonroq narsa yo‘q. Ahmoqlikdan ko‘ra ortiqroq takabburlik yo‘q. Jaholatdan ko‘ra ortiqroq faqirlik yo‘q. Ta’magirlikdan ortiq xorlik yo‘q. Baxillikdan qabihroq or yo‘q. Qanoatdan ko‘ra ortiq boylik yo‘q.
Ey o‘g‘lim, kim haqiqatga qarshi kurashsa albatta mag‘lub bo‘ladi. Kim musulmonning aybini ochishga urinsa, Alloh uni sharmanda qiladi. Kim o‘zining fikri bilan mag‘rurlansa adashadi. Kim odamlardan o‘zini yuqori olsa xor bo‘ladi. Kim mashvarat qilsa nadomat qilmaydi. Kim ulamolarning majlisida o‘tirsa hurmat topadi. Kim aqlsizlarning majlisida o‘tirsa tahqirlanadi. Kim oz gapirsa oqibati xayr bo‘ladi. Kim yolg‘onchilik bilan tanilsa hech qachon unga ishonch bildirilmaydi. Kim shahvatga berilsa oxir-oqibat sharmanda bo‘ladi.
Ey o‘g‘lim, men barcha totli narsalarning mazasini tatiganman. Lekin ofiyatdan ko‘ra totlirog‘ini ko‘rmadim. Achchiq narsalarni ham totib ko‘rganman. Lekin odamlarga muhtoj bo‘lib qolishdan achchiqrog‘ini ko‘rmadim. Og‘ir tosh va temirlarni ham ko‘tarib ko‘rganman, lekin qarzdan ko‘ra og‘irroq yukni ko‘rmadim.
Ey o‘g‘lim, yaxshilar bilan oshna bo‘l, yomonlardan yiroq bo‘l. Chunki, yaxshilar bilan oshna bo‘lsang seni qadrlashadi, zulmga uchrasang senga yordam berishadi, gapirsang gapingga quloq solishadi. Ammo yomonlarga yaqin yursang seni qadrlashmaydi, omonatingga xiyonat qilishadi, siringni ochib sharmanda qilishadi, kerak bo‘lmay qolganingda tashlab ketishadi.
Ey o‘g‘lim, din va axloqda o‘zingdan yuqori bo‘lganlarga boq, molu davlatda o‘zingdan quyi bo‘lganlarga boq.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Fiqh ijtihod va fikrlar majmuasi bo‘lib, bu fikrlar nafsu havoga berilishdan kelib chiqmagan, balki Qur’on va Sunnatni anglashdan kelib chiqqan, Qur’on va Sunnatdan olingandir. Alloh azza va jalla bizga shu yo‘lni buyurgan. Agar Alloh fiqhga tegishli har bir masalaning hukmini bayon qilishni iroda qilganida, hozir millionlab oyatlar, millionlab hadislar turgan bo‘lardi. Lekin hammasi bo‘lib, olti mingdan sal ortiq oyat nozil bo‘lgan, muayyan adaddagi hadislar vorid bo‘lgan. Har bir masalaga oyat-hadis kelsa, shuncha oyatni, shuncha hadisni kim yod olardi? Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘z zamonlarida avtomobillar haqida gapirishlarini tasavvur qiling! Unda u zotning so‘zlarini hech kim tasdiqlamagan bo‘lardi-ku!
Ijtihod qilish noto‘g‘ri desangiz, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Keyin o‘sha o‘z ijtihodi bilan chiqargan hukmga amal qilishni odamlarga buyurishgan. Odamlar ularga taqlid qilishgan, ergashishgan. Mana shu yo‘sinda ularning yo‘llaridan yurib kelishgan.
Tahallul tarafdorlari orasida «Fiqh dinning bir qismi emas», «Mazhab egalarining aytganiga amal qilish shart emas», degan gaplar tarqalgan.
Tashaddud ahli ham mana shunga chaqiryapti. Ularning asl maqsadi fiqhiy mazhablarni yo‘q qilib, dinsizlikka yetaklash edi. Masalan, men dinni mahkam ushlasam-u, lekin na hanafiy, na shofe’iy, na molikiy va na hanbaliy mazhabini tutmasam, unda dindan nimani ushlayman? Menda fiqh degan narsa qolmaydi-ku! Fiqhni mana shu mazhablar tashkil qiladi-ku! Alloh bizga «Zikr ahlidan so‘rang» deb buyurib, ergashishimizga rozi bo‘lgan ilmlarni mujtahidlarning ijtihod va fikrlari tashkil qilmasa, nima tashkil qiladi?!
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan