Bismillahir Rohmanir Rohiym
Solih bir kishi o‘z o‘g‘liga bunday dedi: O‘g‘lim, aytadiganlarimga diqqat bilan quloq sol, zero bular senga dunyo va oxiratingda nafi tegadi.
O‘g‘il dedi: Ayting otajon, jon qulog‘im bilan tinglayman.
Solih kishi dedi: Vafosiz odam aqlsiz bo‘ladi. Rostgo‘yligi yo‘q odamda mardlik ham bo‘lmaydi. Ilmga ishtiyoqsiz odam bilimga ega bo‘lmaydi. Hayosiz odam karamli bo‘lmaydi. Betavfiq kimsa hech qachon tavba qilmaydi. Ilmdan foydaliroq hazina yo‘q. Hilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiruvchi mol yo‘q. Odobdan ko‘ra yuksakroq hasab yo‘q. Aqldan ishonchliroq hamroh yo‘q. O‘limdan ko‘ra ishonchliroq dalil yo‘q. Gunohlarni tark etishdan ko‘ra foydaliroq ehson yo‘q. Gunohlardan ko‘ra og‘irroq yuk yo‘q. Tafakkurdan ko‘ra afzalroq ibodat yo‘q. Yolg‘ondan ko‘ra yomonroq narsa yo‘q. Ahmoqlikdan ko‘ra ortiqroq takabburlik yo‘q. Jaholatdan ko‘ra ortiqroq faqirlik yo‘q. Ta’magirlikdan ortiq xorlik yo‘q. Baxillikdan qabihroq or yo‘q. Qanoatdan ko‘ra ortiq boylik yo‘q.
Ey o‘g‘lim, kim haqiqatga qarshi kurashsa albatta mag‘lub bo‘ladi. Kim musulmonning aybini ochishga urinsa, Alloh uni sharmanda qiladi. Kim o‘zining fikri bilan mag‘rurlansa adashadi. Kim odamlardan o‘zini yuqori olsa xor bo‘ladi. Kim mashvarat qilsa nadomat qilmaydi. Kim ulamolarning majlisida o‘tirsa hurmat topadi. Kim aqlsizlarning majlisida o‘tirsa tahqirlanadi. Kim oz gapirsa oqibati xayr bo‘ladi. Kim yolg‘onchilik bilan tanilsa hech qachon unga ishonch bildirilmaydi. Kim shahvatga berilsa oxir-oqibat sharmanda bo‘ladi.
Ey o‘g‘lim, men barcha totli narsalarning mazasini tatiganman. Lekin ofiyatdan ko‘ra totlirog‘ini ko‘rmadim. Achchiq narsalarni ham totib ko‘rganman. Lekin odamlarga muhtoj bo‘lib qolishdan achchiqrog‘ini ko‘rmadim. Og‘ir tosh va temirlarni ham ko‘tarib ko‘rganman, lekin qarzdan ko‘ra og‘irroq yukni ko‘rmadim.
Ey o‘g‘lim, yaxshilar bilan oshna bo‘l, yomonlardan yiroq bo‘l. Chunki, yaxshilar bilan oshna bo‘lsang seni qadrlashadi, zulmga uchrasang senga yordam berishadi, gapirsang gapingga quloq solishadi. Ammo yomonlarga yaqin yursang seni qadrlashmaydi, omonatingga xiyonat qilishadi, siringni ochib sharmanda qilishadi, kerak bo‘lmay qolganingda tashlab ketishadi.
Ey o‘g‘lim, din va axloqda o‘zingdan yuqori bo‘lganlarga boq, molu davlatda o‘zingdan quyi bo‘lganlarga boq.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.
Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar.
Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;
Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;
Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;
Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;
Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;
Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;
Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;
O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;
Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;
Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;
Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.
Qutlovlar kelishda davom etmoqda.
President.uz