Tokiodagi Ilmiy tadqiqot instituti rahbari Masaru Emoto suv shunchaki suyuqlik emas, balki tirik materiya ekanini e’lon qilgan. Yangi ilmiy kashfiyot bo‘lgan – suv atomlarining kristallanish nazariyasi asoschisi Masaru Emoto bu xulosaga kelish uchun 10 mingdan ortiq fotosuratlardan foydalangan.
Yaponiyalik tadqiqotchi ikkita yozuvni suv idishlariga joylashtirish orqali tajriba o‘tkazdi. Birida “rahmat”, ikkinchisida esa “sen karsan” deb yozilgan. “Rahmat” so‘zi yozilgan suv go‘zal kristallar hosil qilgani aniqlangan.
Shuningdek, Doktor Emoto audiokassetaga yozib olingan Qur’oni karim tilovatini suv yaqiniga qo‘yib, bir qancha tajribalar o‘tkazgan va kristallarning hayratlanarli shaklga aylanishidan hayratda qolgan.
Tadqiqotchining ta’kidlashicha, “Bismillahir Rohmanir Rohiym” deb aytish ta’sirida kristallar juda chiroyli shakllarga aylanadi. Allohning go‘zal ismlaridan biri bo‘lmish “Al-Aliym” (Har bir narsani biluvchi)ni o‘qiganlarida ham suv kristallari go‘zal shakllarga aylandi, bu esa Alloh taoloning ismlarining ulug‘ligidan dalolat beradi.
Inson tanasining 70% ortiq qismini suv tashkil etishini hisobga olsak, bir piyola suvni bismillah, “Al-Aliym”ni aytib yoki Fotiha surasini o‘qib ichishga odatlansak, Allohning izni bilan bir qancha kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz, inshaALLOH.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.
Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni xotirjam ado etishga xizmat qiladi.
Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.
Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati