1. Qur’oni karimda doimo kecha kunduzdan oldin zikr etiladi:
وَهُوَ الَّذِي خَلَقَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ وَالشَّمْسَ وَالْقَمَرَ
“U kecha va kunduzni, Quyosh va Oyni yaratgan Zotdir” (Anbiyo surasi, 33-oyat).
Bu Islom dinida kun Quyoshning botishi, ya’ni kechaning kirishi bilan boshlanishiga dalolat qiladi.
2. Qur’oni karimda doimo o‘lim hayotdan oldin zikr etiladi:
كَيْفَ تَكْفُرُونَ بِاللَّهِ وَكُنتُمْ أَمْوَاتًا فَأَحْيَاكُمْ
“O‘lik ekaningizda sizni tiriltirgan Allohni qanday inkor etasiz?” (Baqara surasi, 28-oyat).
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا
“U sizlarni qaysi biringiz chiroyliroq amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir” (Mulk surasi, 2-oyat).
Buning sababi, inson avval boshda o‘lik bo‘lgan, so‘ngra Alloh taolo uni tiriltirgan.
3. Qur’oni karimda doimo yeyish ichishdan oldin zikr etilgan:
كُلُوا وَاشْرَبُوا وَلَا تُسْرِفُوا
“Yenglar, ichinglar, lekin isrof qilmanglar” (A’rof surasi, 31-oyat).
كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا كُنتُمْ تَعْمَلُونَ
“Sizlar qilib o‘tgan yaxshi amallaringiz evaziga bemalol yeb-ichinglar” (Tur surasi, 19-oyat).
Buning sababi, taom tanovul qilingach albatta, ketidan suyuqlik ichish foydalidur.
4. Qur’oni karimda doimo mevalar go‘shtdan oldin zikr etilgan:
وَأَمْدَدْنَاهُم بِفَاكِهَةٍ وَلَحْمٍ مِّمَّا يَشْتَهُونَ
“Biz ularni ko‘ngillari istaydigan meva va go‘sht bilan quvvatlantirurmiz” (Tur surasi, 22-oyat).
وفاكهة مما يتخيرون ولحم طير مما يشتهون
“O‘zlari tanlab oladigan meva va ishtahalari tortadigan qush go‘shtlari bilan ta’minlarmiz” (Voqea surasi, 20-21-oyatlar).
Buning sababi, taomlanishda avval meva yeb, undan keyin go‘shtli taomni tanovul qilish foydalidir.
Vallohu a’lam bissavob.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mushkuli borning duosi budir: "Allohumma, rohmataka arju va laa takilniy ila nafsiy torfata ’ayn va aslih liy shaniy kullah. Laa ilaha illa anta", dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ma’nosi: "Allohim, rahmatingdan umidvorman. Meni ko‘z ochib-yumguncha ham o‘z holimga tashlab qo‘yma. Barcha ishlarimni O‘zing o‘ngla. Sendan o‘zga iloh yo‘q".