O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi uzoq yillar diniy sohada faoliyat yuritgan Nurulloh domla Mirzahmedovning padari buzrukvorlari Rixsitilla hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Nurulloh domla Mirzahmedovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza bugun peshin namozidan so‘ng poytaxtimizdagi Imomi Buxoriy jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hazorasp tumanida yangidan qurib bitkazilgan “Hazrati Shayx Muxammad Amin” jome masjidining ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, Hazorasp tumani hokimi Maqsudbek Abdullayev, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va masjid imom-xatiblari, mahalla ahli jam bo‘lishdi.
Qur’oni karim tilovatidan so‘ng masjidning to qiyomatgacha Haq taologa ibodat qilinadigan sajdagoh bo‘lishini, xalqimiz e’tiqodi, ma’rifatini mustahkamlashda hidoyat va ziyo maskani bo‘lib xizmat qilishini so‘rab, bu xayrli ishga ko‘makchi bo‘lgan barcha ezgu niyatli kishilar haqiga duolar qilindi.
Ma’lumot o‘rnida zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan mazkur masjid 1600 nafar namozxonga mo‘ljallangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati