Bir qiz aytadi:
«Xudoning bergan kuni hali u tarafdan, hali bu tarafdan meni g‘am-tashvishlar siquvga oladi. Lekin juma kuni kayfiyatim boshqacha bo‘ladi, qayg‘ularim kamayib, xursandchiligim ortadi. Sizlarga buning sirini aytib beraman.
Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Eng afzal kunlardan biri – juma kunidir. Odam alayhissalom shu kuni yaratilgan, ruhi ham shu kuni qabz qilingan. Surga shu kuni puflanadi. Dahshatli qichqiriq ham shu kuni bo‘ladi. Bu kunda menga ko‘p salavot aytinglar, chunki salavotlaringiz menga ko‘rsatib turiladi». Sahobalar «Yo Allohning Rasuli, siz tuproqqa qorishib ketgan bo‘lsangiz, qanday qilib salavotlarimiz sizga ko‘rsatiladi?» dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla anbiyolarning jasadini tuproqqa harom qilgan», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Mana shu muborak hadisni eshitganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni qanday qilib tanib olishlarini o‘yladim. Har juma kuni aytgan salavotlarim u zotga yetkazib turilar ekan. Rasululloh meni umuman salavot aytmagan yoki juda kam salavot aytgan holimda tanib qolsalar-chi? Buni o‘ylab, o‘zimdan ham, Rasulullohdan ham juda uyalib ketdim. Qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni tanib olsinlar, u zotga ko‘p salavot aytganim uchun shafoat qilsinlar deb umid qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p-ko‘p salavot aytadigan bo‘ldim. Har juma kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘proq salavot aytishni odat qildim.
Shundan keyin salavot aytib bo‘lishim bilan ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatilayotganini o‘ylab, juma kunini chinakamiga sevib qoldim. Juma kuni aytgan salavotlarim Rasulullohga ko‘rsatilgani uchun bu kunni intiqlik bilan kutadigan bo‘ldim. Juma kuni tongda bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, qalbim shodlikdan entikib ketadigan bo‘ldi, chunki shu kungi salavotlarim suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatiladi! Inshaalloh, men bu borada birinchilardan bo‘laman!
Salavotning bundan boshqa foydalari ham bilina boshladi. Juma kuni uyimiz yanada sokin, fayzli bo‘lib qoladi, muammo va tashvishlardan xoli bo‘lib ketadi. Shu kuni onam bilan bir-birimizga yanada mehribon, iltifotli bo‘lib qolamiz. Bularning barchasi, albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytgan salavotlarimizning sharofatidir. Hatto uzrli paytimda boshqa kunlarni ruhan siqilib o‘tkazsam ham, juma kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytganim uchun qiyinchiliklar yo‘q bo‘lib ketadi. Men bu holatni taxminan yetti yildan beri kuzatib kelaman. Hozirda esa juma kunlari o‘zgacha baxt, o‘zgacha tetiklik his qilaman. Alloh taolo barcha muslima qizlarni juma kunlari ham, boshqa kunlarda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish halovati bilan siylasin!»
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi