Bir qiz aytadi:
«Xudoning bergan kuni hali u tarafdan, hali bu tarafdan meni g‘am-tashvishlar siquvga oladi. Lekin juma kuni kayfiyatim boshqacha bo‘ladi, qayg‘ularim kamayib, xursandchiligim ortadi. Sizlarga buning sirini aytib beraman.
Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Eng afzal kunlardan biri – juma kunidir. Odam alayhissalom shu kuni yaratilgan, ruhi ham shu kuni qabz qilingan. Surga shu kuni puflanadi. Dahshatli qichqiriq ham shu kuni bo‘ladi. Bu kunda menga ko‘p salavot aytinglar, chunki salavotlaringiz menga ko‘rsatib turiladi». Sahobalar «Yo Allohning Rasuli, siz tuproqqa qorishib ketgan bo‘lsangiz, qanday qilib salavotlarimiz sizga ko‘rsatiladi?» dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla anbiyolarning jasadini tuproqqa harom qilgan», dedilar (Abu Dovud, Nasoiy rivoyati).
Mana shu muborak hadisni eshitganimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni qanday qilib tanib olishlarini o‘yladim. Har juma kuni aytgan salavotlarim u zotga yetkazib turilar ekan. Rasululloh meni umuman salavot aytmagan yoki juda kam salavot aytgan holimda tanib qolsalar-chi? Buni o‘ylab, o‘zimdan ham, Rasulullohdan ham juda uyalib ketdim. Qiyomat kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni tanib olsinlar, u zotga ko‘p salavot aytganim uchun shafoat qilsinlar deb umid qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p-ko‘p salavot aytadigan bo‘ldim. Har juma kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘proq salavot aytishni odat qildim.
Shundan keyin salavot aytib bo‘lishim bilan ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatilayotganini o‘ylab, juma kunini chinakamiga sevib qoldim. Juma kuni aytgan salavotlarim Rasulullohga ko‘rsatilgani uchun bu kunni intiqlik bilan kutadigan bo‘ldim. Juma kuni tongda bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, qalbim shodlikdan entikib ketadigan bo‘ldi, chunki shu kungi salavotlarim suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ko‘rsatiladi! Inshaalloh, men bu borada birinchilardan bo‘laman!
Salavotning bundan boshqa foydalari ham bilina boshladi. Juma kuni uyimiz yanada sokin, fayzli bo‘lib qoladi, muammo va tashvishlardan xoli bo‘lib ketadi. Shu kuni onam bilan bir-birimizga yanada mehribon, iltifotli bo‘lib qolamiz. Bularning barchasi, albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga aytgan salavotlarimizning sharofatidir. Hatto uzrli paytimda boshqa kunlarni ruhan siqilib o‘tkazsam ham, juma kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytganim uchun qiyinchiliklar yo‘q bo‘lib ketadi. Men bu holatni taxminan yetti yildan beri kuzatib kelaman. Hozirda esa juma kunlari o‘zgacha baxt, o‘zgacha tetiklik his qilaman. Alloh taolo barcha muslima qizlarni juma kunlari ham, boshqa kunlarda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish halovati bilan siylasin!»
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Barchamizga ma’lumki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi. Mana shu maqsadlarga yetishishda Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limotiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi.
Dinimizda yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga katta ahamiyat qaratiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida bunday deganlar: “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Tarbiya inson kamolotining asosidir. Bizda farzand tarbiyasi har bir oila uchun asosiy vazifa bo‘lib kelgan. Hozirda ham yoshlar tarbiyasiga, ularning sifatli bilim olishlariga davlatimiz miqyosida katta ahamiyat berilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda shunday ta’kidlagan edilar: “Mening eng katta tashvishim, maqsadim — yoshlar tarbiyasi. Biz olgan marralar uchun bilimli avlod kerak. Buning uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilyapmiz. Sizlar esa vaqtning qadriga yetib, bor imkoniyatni ishga solib, o‘qishingiz kerak. Olgan bilimingiz, o‘rgangan kasb-hunaringiz kelajakda sizlarga qanot bo‘ladi”.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularni aqlan va ma’nan yetuk avlod bo‘lib yetishishiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Islom dini ta’limotida yoshlarni aqlan tarbiya qilish ham muhim masala sanaladi. Bunda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning jismoniy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir.
Islom ta’limotlariga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shariat, ham tariqat va ham ilm-fan sohasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.
Buyuk shoir va mutafakkir Nizomiddin Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai”.
Inson dunyoda yashar ekan, o‘z hayotini go‘zal o‘tkazishga harakat qiladi. Turmushning farovon bo‘lishi, jamiyatning taraqqiy etishi esa faqat ilm-fan bilan bo‘ladi. Qayerda ilm-fan rivoj topsa, o‘sha yerda tarqqiyot bor. Ilm-fanning rivoji esa ilm egalari – olimlar bilan bo‘ladi.
Islom dini musulmonlarni doimo ilmga undagan. Chunki inson shaxsiyatini ilmdan boshqa hech narsa to‘g‘ri yo‘lga sola olmaydi, taraqqiyotga ham erishtira olmaydi.
«Bilimli inson quyoshga o‘xshaydi, kirgan joyini yoritadi».
Ha, ilm qorong‘uliklarni yorituvchi mash’aladir. Qorong‘ulikda qolgan har bir kishi unga muhtoj. Yuksak pog‘onalarga ilm narvoni bilan chiqiladi. Taraqqiy etishni va kamolot topishni istasak ilmning etagini mahkam ushlaylik.
Shunday ekan, biz musulmonlar o‘z farzandlarimizni bugungi kun talablari asosida tarbiyalashimiz, ularni zamonaviy ilm va kasb-hunarga yo‘naltirishga bor kuchimizni sarflashimiz lozim. Shunda farzandlarimiz xorij mamlakatlariga ishlash uchun “qora ishchi” bo‘lib emas, balki mutaxassis sifatida boradilar.
So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonlaridan yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar va chet tiliga o‘rgatish bo‘yicha ilgari surilgan “1000 dasturchi”, “Ikki til, bir kasb” loyihalaridan ham aynan shu ezgu maqsad ko‘zlangan...
Albatta, musulmon inson o‘zga insonlarga avvalo o‘zining yuksak axloqi bilan namuna bo‘lishi kerak. Zero, insonlar xulqi go‘zal kishini yaxshi ko‘radilar. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Islomga chaqirishni boshlaganlarida qarindoshlarini “Ey Bani Fihr, ey Bani Adiy” deb chaqirdilar. Barcha to‘plandi, uyidan chiqishga imkoni bo‘lmagan kishilar nima bo‘layotganini bilib kelish uchun odam jo‘natdilar. Rasululloh alayhissalotu vasallam: “Agar men sizlarga mana bu tog‘ etagidagi vodiyda otliqlar ustingizga bostirib kelishga tayyor turibdi, deb xabar bersam, menga ishonasizlarmi?”, dedilar. Ular: “Sizning biror marta yolg‘on gapirganingizni bilmaymiz, Sizga ishonamiz”, deyishdi. Shundan keyin u zot o‘zlarini Payg‘ambar qilib yuborilganlarini aytdilar.
Bu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar ekanlarini turli hujjat va mo‘jizalar orqali isbotlash bilan e’lon qilmadilar. Balki, eng avvalo ularga o‘zlarining axloqlari haqida savol berib, o‘zlarining rostgo‘y ekanliklarini tasdiqlatib oldilar. Bundan ko‘rinib turibdiki, musulmon kishi o‘zga kishilarga eng avvalo amali, xulqi va odobi bilan namuna bo‘lishi kerak ekan.
Kishi husni xulqli bo‘lishi uchun ahli ilm va solih zotlarni suhbatlaridan bahramand bo‘lishi va ularni odob axloqlaridan o‘ziga namuna olishi ham ayni muddaodir. Bu haqda Ibn Vahb rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Imom Molikning ilmlaridan ko‘ra, u zotning odoblaridan o‘rganganimiz ko‘proq bo‘ldi”.
Demak, husni xulq va odob kishida o‘z-o‘zidan shakllanib qolmas ekan. Balki uni ilm ahli bilan hamsuhbat bo‘lish, ulardan ilm olish bilan birga odob-axloqlarini o‘rganish bilan kasb qilinar ekan. Ushbu xislat o‘tgan salafi solihlarimizning go‘zal odatlaridan bo‘lgan.
Junayd Bag‘dodiy rahimahulloh aytadilar: “Garchi insonning ilmi va amali oz bo‘lsa ham, to‘rtta narsa uni yuqori darajalarga ko‘taradi: Hilimlik, tavoze’lik, saxiylik va husni xulqdir. Husni xulq imonning komilligidir”.
Luqmoni Hakimning o‘g‘li otasiga: “Ey otajon, inson uchun qaysi xislat yaxshiroq?” dedi. Otasi: “Din”, deb javob berdi. “Agar xislat ikkita bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. Otasi: “Din va mol”, dedi. “Agar uchta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol va hayo”, dedi. O‘g‘il: “Agar to‘rtta bo‘lsa-chi?” dedi.
Otasi: “Din, mol, hayo va chiroyli xulq”, dedi. “Agar beshta bo‘lsa-chi?” dedi o‘g‘li. Otasi: “Din, mol, hayo, chiroyli xulq va saxiylik”, deb javob berdi. O‘g‘il yana: “Oltita bo‘lsa-chi?” deb ham so‘ragan edi, Luqmoni Hakim: “Ey o‘g‘lim, agar insonda mana shu besh xislat jamlansa, u pokiza, taqvodor, Allohga do‘st va shaytondan uzoq bo‘ladi” deb javob qildi. Mana shu beshta xislatlar borligi ham mo‘minlik sifatlaridandir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu aytadilar: “Albatta, banda chiroyli xulqi bilan jannatda oliy maqomga yetadi, garchi (nafl) ibodatini ko‘p qilsa ham”.
Inson yomon xulqi bilan boshqa insonlarni ko‘ngliga ozor beradigan bo‘lsa, o‘sha xulqi tufayli qilgan yaxshiliklari ham bekor bo‘ladi.
Kishi ilmga qancha muhtoj bo‘lsa, go‘zal xulqqa va odobga ham shuncha muhtojdir. Zero, ilm, go‘zal xulq va odob insonni kamolotga yetkazuvchi ikki qanotdir. Axloqi komil, bir-biriga mehribon va madadkor jamiyat baxtli va farovon jamiyatdir.
Farzandlarimiz ilm-ma’rifatli bo‘lishida eng katta mas’ul biz ota-onalar ekanimizni zinhor zinhor unutmaylik. Farzandim ilmli, odobli, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topib, oilasiga, vataniga, muborak diniga xizmat qiladigan, orzu-havaslaringizni ro‘yobga chiqaradigan inson bo‘lsin desak, hayotda turli keraksiz, ortiqcha hoyu-havaslarga berilib ketmasdan, ularning ehtiyoji uchun eng zaruriy badiiy, ilmiy, tanlagan kasbiga oid, dunyo va oxiratiga manfaat beradigan kitoblar, darsliklar olib berishga erinmaylik. Albatta, olib berib, ularni xursand qilib, qo‘llab-quvvatlab, shu kitoblarni birga o‘qiylik yoki o‘qishini albatta nazorat qilib turaylik.
Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.