Nabiy alayhissalomning tug‘ilishlari fil yilida (ya’ni Abraha Makkaga yurish qilib, Ka’bai muazzamani vayron qilmoqchi bo‘lgan yil)da sodir bo‘lgan. Dunyoga kelishlari esa Rabi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi dushanba kuniga to‘g‘ri keladi.
U zot sollallohu alayhi vasallam yetim holda dunyoga kelganlar. Chunki onalari Omina ikki oylik homilador chog‘ida otalari Abdulloh vafot etgan. Shu bilan bobolari Abdulmuttalibning qarmog‘ida qolganlar.
Alloh taoloning rasulidek ulug‘ zot yetim holda dunyoga kelishi, ko‘p o‘tmay onalariyu bobosidan ham ayrilishi tasodifiy hodisa emas. U zot alayhissalom hayotining ilk kunlaridanoq ota tarbiyasidan, biroz o‘tgach ona mehridan ham mahrum bo‘lib ulg‘aydi.
Albatta, Alloh taolo O‘zining nabiysini mana shu holda ulg‘ayishini ixtiyor etdi. Bunda ko‘plab hikmatlar bor. Ushbu hikmatlarning eng muhimi:
Alloh taolo Islom dinini botilga chiqarib insonlar qalbiga Muhammad bu da’vati va risolatini (chaqiriq va vazifa) yoshlik chog‘idan ota va bobosidan o‘rgangan deb turli shubhalarni soluvchilarga birorta ham yo‘l qoldirmadi. Zero, bobolari Abdulmuttalib qavmining eng peshvosi va boshlig‘i edi.
Alloh taoloning hikmati dinni botilga chiqaruvchilarga bu tarafdan birorta ham yo‘l qoldirmadi. Hatto, O‘z rasulini eng yoshlik vaqtidanoq ota-onasi hamda bobosidan ham ajratib ulg‘aytirdi. Balki, Alloh nabiysini Halima roziyallohu anhoning qo‘liga topshirib, barcha oila a’zolaridan yiroqda tarbiya qildi. Bobolari vafot etgach hijratdan uch yil avvalgacha amakilari Abu Tolibning himoyasida yashadilar.
Allohning hikmatining mukammalligidan biri Nabiy alayhissalomning amakilari Abu Tolibning iymon keltirmagani bo‘ldi. Toki bu da’vat ishiga amakisi debocha vazifasida bo‘lgan degan fikr kelmasin va bu oilaviy va boshliqlik ishiga aylanib, payg‘ambarlik emas degan tushuncha paydo bo‘lmasligi uchun.
Soliyev Elyorbek Muhammad Muso o‘g‘li,
“Fayzullaxo‘ja o‘g‘li Murodxoji” jome masjidi imom-noibi.
Haj safariga borish, Ka’batullohni ziyorat qilish har bir mo‘min-musulmonning orzusi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik sababli vatandoshlarimiz emin-erkin haj amallarini ado etish baxtiga muyassar bo‘lishmoqda.
19 may kuni navbatdagi ziyoratchilar Makkai mukarramaga zamonaviy avtobuslarda yetib keldi.
Hamyurtlarmizni muhtasham Soncrete al-Sahhab mehmonxonasida saudiyalik mutasaddilar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakillari, Jidda shahridagi bosh konsul Sirojiddin Shamsuddinov va bosh konsulxona xodimlari tomonidan katta ehtirom ila kutib olindi.
Alloh taoloning mehmonlariga risoladagidek xizmat ko‘rsatish, ularga qulay sharoitlarni yaratib berish maqsadida barcha imkoniyatlar hozirlandi. Muborak safar mobaynida har bir tadbirlar aniq reja asosida yuksak darajada amalga oshirilmoqda. Tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifatda tashkil etilgan.
Ziyoratchilar umra amalini bajarib bo‘lgach haj ibodati boshlanish sanasi, ya’ni Zulhijja oyining sakkizinchi kuniga qadar Harami sharifda toatu ibodatda bo‘ladilar.
Haq taolo hojilarning hajlarini mabrur, sa’ylarini mashkur, gunohlarini mag‘fur qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati