Bismillahir Rohmanir Rohiym
Farzandingizning sochini tarasangiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kimning sochi bo‘lsa, uni parvarish qilsin”, deganlar, o‘sha hadisga muvofiq tarab qo‘yyapman deb ayting.
O‘g‘ilchangizga atir sepsangiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Menga bu dunyodan xushbo‘ylik, ayollar mahbub qilindi. Namoz esa ko‘z quvonchim qilindi”, deganlar, o‘sha hadisga muvofiq atir surtyapman deb ayting.
Farzandingiz maktabga ketayotganda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Kim ilm talabida yo‘lga tushsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi”, degan hadislarini eslating.
Farzandingizga kulib qaraganingizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqadir”, degan hadislarini eslating.
Farzandingizni maqtasangiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Yaxshi so‘z ham sadaqadir”, deganlarini eslating.
Farzandingizga yoshi katta keksalarni hurmat qilishni o‘rgatib, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kichiklarimizga rahm shafqat qilmagan, keksalarimizni e’zozlamaganlar bizdan emas”, deganlarini ayting.
Shu tariqa farzand tarbiyasini sunnat va siyratga bog‘lab, hadislar asosida ta’lim-tarbiya bering.
#xabar #haj2025
Shu kunlarda Makkai mukarramada haj amallarini ado etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ziyoratchilar uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar bilan bir qatorda mutaxassis va otinoyilar tomonidan ham ma’rifiy suhbatlar uzviy davom ettirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim xodimi Munira Abubakirova va Toshkent shahar Yangihayot tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Sijoat Sharipova yurtimizning har bir hududidan kelgan ayol ziyoratchilar ishtirokida suhbatlar o‘tkazmoqda.
Shuningdek, oliy toifali shifokor Muhabbat Saatova ham tibbiy maslahatlar bermoqda.
Ma’rifiy uchrashuvlarda muborak zaminda toat-ibodat, duoyu zikr va ziyorat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan diyorimiz ayollariga haj ibodati ruknlari, fazilatlari va safarda ayollarga oid tibbiy masalalar ham atroflicha tushuntirilmoqda. Ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati