Bismillahir Rohmanir Rohiym
46 - وَمَنْ يَنْوِ ارْتِدَادًا بَعْدَ دَهْرٍ
يَصِرْ عَنْ دِيْنِ حَقٍّ ذَا انْسِلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi:
Kimki biror zamondan so‘ng murtad bo‘lishni niyat qilsa, (shu lahzaning o‘zidayoq) haq dindan pinhona chiqib ketganga aylanadi.
Nazmiy bayoni:
Kimki murtadlikni niyat-qasd etar,
Shu ondayoq pinhona haq dindan ketar.
Lug‘atlar izohi:
مَنْ – shart ism.
يَنْوِ – shart fe’li. Oxiridagi ي si hazf qilinishi bilan majzum bo‘lib turibdi. Niyat tashdidli نِيَّةٌ va tashdidsiz نِيَةٌ shakllarida keladi, lug‘atda “qasd qilish”, “azmu qaror qilish” ma’nolarini anglatadi.
اِرْتِدَادٌ – lug‘atda “orqaga qaytish”, “tark etish” ma’nolarini anglatadi. Shu ma’noda Islom dinidan qaytgan kishi murtad deyiladi.
بَعْدَ – zarf.
دَهْرٍ – kalimasi “zamon”, “asr”, “uzun umr” ma’nolarini anglatadi.
يَصِرْ – javob shartlikka ko‘ra jazm bo‘lib turibdi.
عَنْ – jor harfi مِنْ ma’nosida kelgan.
حَقٍّ دِيْنِ– muzof, muzofun ilayh. Haq din degan so‘z bilan Islom dinining sifati bayon qilingan.
انْسِلاَلِ – bu masdar biror joydan bildirmasdan chiqib ketishga nisbatan ishlatiladi.
Matn sharhi:
Ushbu matnda Islom dinidan qaytishni niyat qilgan kimsaning murtad bo‘lishi bayon qilingan. Bu masala o‘ta nozik bo‘lganidan matnda kelgan har bir kalimani diqqat bilan atroflicha o‘rganib chiqishni taqozo qiladi. Murtad bo‘lishni niyat qilsa, deyildi. Niyat qalbning ishi bo‘lganidan avvalo qalbda niyatgacha bo‘lgan bosqichlar ham borligini bilib olish lozim.
Qalbning biror narsaga qanday bog‘lanishi haqida Ibn Hajar rahmatullohi alayh Ibn Abi Jamradan quyidagi rivoyatni keltirgan: qalbga keladigan narsalar quyidagi tartibda bo‘ladi:
1. اَلْهَمَّةُ (ko‘ngilga kelish);
2. اَللَّمَّةُ (istak paydo bo‘lish);
3. اَلْخَطَرَةُ (o‘y-fikr kelish);
4. اَلنِّيَّةُ (niyat qilish);
5. اَلاِرَادَةُ (qasd qilish);
6. اَلْعَزِيمَةُ (azmu qaror qilish).
Ya’ni dastlab biror ma’no ko‘ngilga keladi, so‘ngra o‘sha ma’no kuchayadi, keyin esa u haqida turli o‘y-fikrlar keladi. Ushbu uchta bosqich bandaning ixtiyoridan tashqarida bo‘lgani uchun ular haqida banda mas’ul qilinmaydi.
Ammo bulardan keyingi niyat, qasd qilish va azmu-qarorlar bandaning ixtiyori bilan vujudga kelgani uchun bular haqida banda javobgar bo‘ladi.
Demak, qaysi bir mo‘min kishi missionerlar ta’siriga tushibmi yo boshqa bir sabablar tufaylimi, ma’lum bir muddatdan keyin qisqa vaqt bo‘lsin yoki ko‘proq vaqt bo‘lsin, o‘z ixtiyori bilan Islomdan chiqishini niyat qilsa (Alloh saqlasin), kelajakda murtad bo‘lishni niyat qilayotgan bo‘lsa-da, o‘sha ondayoq dindan chiqib ketgan hisoblanadi. Chunki Islomni din deb qabul qilib, oxiratga ishongan har bir mo‘min bandaga keltirgan iymonida sobit turish buyurilgan:
“Ey, iymon keltirganlar! Allohga, Payg‘ambariga, (shu) Payg‘ambariga nozil qilgan Kitob (Qur’on)ga hamda ilgari nozil qilgan Kitobga iymon keltiringiz!”[1].
Ya’ni iymon keltirganlarga qarata yana iymon keltiring, deya buyurilishi, ey iymon keltirganlar, keltirgan iymoningizda sobitqadamlik bilan bardavom bo‘linglar ma’nosini anglatadi. Chunki ishongan narsasi to‘g‘risida qat’i e’tiqodda turish iymon taqozosidir. Agar banda ushbu qat’i e’tiqodiga qarshi borishni niyat qilsa, bu niyati qalbidagi tasdiqni yo‘qqa chiqaradi, tasdiqni yo‘qqa chiqarishga rozi bo‘lish esa o‘zining kufrga ketishiga rozi bo‘lishdir. Kufrga rozi bo‘lish esa kufr bo‘ladi. Shuning uchun bilib-bilmasdan bunday ishga duchor bo‘lgan kimsa darhol kalimai shahodat qaytarib, tavbaga shoshilishi lozim bo‘ladi.
Ammo ushbu masalaning teskarisi bunday emas. Ya’ni kofir odam bir muddatdan so‘ng mo‘min bo‘laman, deb niyat qilsa, to iymon keltirmagunicha kufrdan chiqmaydi. Chunki voz kechish niyatning o‘zi bilan hosil bo‘ladi, ish-harakat esa niyatning o‘zi bilan hosil bo‘lmaydi. Buning misoli muqimlik bilan safarga o‘xshaydi, musofir kishi muqimlikni niyat qilishning o‘zi bilan muqimga aylanadi, chunki muqimlik safardan voz kechishdir. Voz kechish niyatning o‘zi bilan hosil bo‘ladi. Muqim kishi esa yolg‘iz niyatning o‘zi bilan musofirga aylanmaydi, u yashab turgan joyidan ajralib chiqqanidan keyin musofirga aylanadi. Chunki safar ish-harakatdir, ish-harakat yolg‘iz niyatning o‘zi bilan hosil bo‘lmaydi. Islom ish-harakatdir, shunga ko‘ra musofir niyatning o‘zi bilan muqimga aylanib qolganidek, musulmon kishi ham kufrni niyat qilishning o‘zi bilan kofirga aylanadi. Kofir esa, muqim kishi safarga chiqmagunicha, niyatning o‘zi bilan musofirga aylanib qolmaganidek, to iymonga iqror bo‘lmagunicha, mo‘minga aylanmaydi...”[2].
Beparvolikning ayanchli oqibati bayoni
47 - وَلَفْظُ الْكُفْرِ مِنْ غَيْرِ اعْتِقَادٍ بِطَوْعٍ رَدُّ دِيْنٍ بِاغْتِفَالِ
Ma’nolar tarjimasi:
E’tiqod qilmasdan (bo‘lsa-da) o‘z ixtiyori bilan kufr (so‘z)ni talaffuz qilish g‘aflat bilan dinni rad etishdir.
Nazmiy bayoni:
E’tiqodsiz ixtiyor-la kufrni aytish,
Demishlar: g‘aflat-la haq dindan qaytish.
Lug‘atlar izohi:
لَفْظُ – mubtado. Lafz lug‘atda “chiqarmoq”, “talaffuz qilmoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda ikki xil ta’rif berilgan:
1. Inson talaffuz qilgan narsa;
2. Talaffuz qilgan yo qilmaganidan qat’i nazar uning hukmidagi narsa.
الْكُفْرِ – muzofun ilayh.
مِنْ – “tabyiniya” (farqlash) ma’nosida kelgan jor harfi.
غَيْرِ– sifat.
اعْتِقَادٍ – jor majrur لَفْظُ ga mutaalliq.
بِ – “sababiya” ma’nosidagi jor harfi.
طَوْعٍ – jor majrur لَفْظُ ga mutaalliq. طَوْعٍ masdari lug‘atda ixtiyoriy ravishda bo‘yunsunish ma’nosini ifodalash uchun ishlatiladi.
رَدُّ – xabarlikka ko‘ra raf bo‘lib turibdi. Lug‘atda “qaytarish”, “inkor qilish” ma’nolarini anglatadi.
دِيْنٍ – muzofun ilayh. Din kalimasi lug‘atda “toat”, “mukofot” ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa “aql egalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlaridagi narsani qabul qilishga undaydigan ilohiy qonun – din deb ataladi”.
Islom dini va Islom millati o‘rtasidagi farq quyidagichadir:
– Unga itoat etilish jihatidan din deb nomlanadi, ya’ni itoat etiladigan ilohiy hukmlar Islom dini deyiladi;
– Unga jamlanish jihatidan millat deb nomlanadi, ya’ni Islom dini hukmlariga itoat etuvchilar Islom millati deyiladi.
بِ – “musohaba” (birga bo‘lmoq) ma’nosidagi jor harfi.
اغْتِفَالِ – jor majrur رَدُّ ga mutaalliq. اِغْتَفَلَ fe’li g‘ofil holatda e’tiqod qilishga nisbatan ishlatiladi.
Matn sharhi:
Xalqimizda “O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir” degan hikmatli so‘z bor. So‘fi Ollohyor bobomiz tilga o‘ta ehtiyot bo‘lish lozimligi haqida shunday nasihat qilgan:
Yomon til ikki olamda zarardir,
Gohi isyon, gohi xavfu xatardir.
* * *
Yomon til shumlig‘i ki, jonga urg‘ay,
Gohi jondin o‘tib iymong‘a urg‘ay.
Ya’ni yomon til dunyo-yu oxiratda kishiga zarar yetkazadi. Uning yomonligi gohida egasining boshiga yetsa, gohida dindan chiqishiga sabab bo‘ladi. E’tiqodga taalluqli so‘zlarni yaxshi bilmasdan gapirish mumkin emasligini har bir musulmon kishi yaxshi anglashi lozimdir. O‘shiy rahmatullohi alayh ixtiyoriy ravishda kufr so‘zini talaffuz qilish dindan qaytish ekanini aytgan. Ushbu bahsga aloqador masalalardan biri kufr kalimasini majburan aytgan kishining iymoni to‘g‘risidagi so‘zlardir. Majburdan kufr kalimasini aytgan kishilar haqida turli xil qarashlar bor. Qalbi iymonga to‘liq bo‘lgani holda, ro‘parasidagi aniq o‘limdan qutulish uchungina o‘zini iymondan qaytgan qilib ko‘rsatish kufr bo‘lmasligi oyati karima bilan sobit bo‘lgan:
“Kim Allohga iymon keltirganidan keyin (yana qaytib) kofir bo‘lsa (holiga voy!) Lekin kimning qalbi iymon bilan xotirjam holda (kufr kalimasini aytishga) majbur qilinsa, u mustasnodir. Ammo kimki ko‘ngilni kufrga ochsa, bas, u (kabi)larga Alloh (tomoni)dan g‘azab va ulkan azob bordir”[3].
Ya’ni kimki iymon keltirganidan so‘ng kufr kalimasini tilga olsa, kimki kufrga rozi bo‘lib, unga ko‘ksini ochsa, undaylarga jahannamning qattiq azobi yetadi. Ammo qalbi iymonga limo-lim bo‘la turib kufr kalimasini aytishga majburlanganlarga bunday azob bo‘lmaydi. Mufassirlar ushbu oyati karimani Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqida nozil bo‘lgan, – deyishgan. Mushriklar u zotni tutib azoblashganida u zot qattiq zo‘rlanganidan ular xohlayotgan narsani majbur holatda aytib qo‘ygan. Shunda insonlar: “Ammor kofir bo‘ldi”, deyishgan. Ammor roziyallohu anhuning o‘zlari ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlariga yig‘lab kelganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Qalbingni qanday his qilyapsan, deganlar. U iymonga limo-limligini aytgan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Agar ular qaytarsalar, sen ham qaytargin”, – deganlar.
Shu o‘rinda ulug‘ sahobalardan biri bo‘lgan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning tarjimayi holi bilan tanishib chiqish foydadan xoli bo‘lmaydi.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning tarjimayi holi
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu Arabiston yarimorolidagi Tihoma nomli joyda hijratdan 54 yoki 57 yil oldin tug‘ilgan. Nasablari Ammor ibn Yosir ibn Omir ibn Molik ibn Kinona ibn Qays bo‘lgan.
Bu zot Islomni eng avval qabul qilganlardan biri bo‘lib dastlab Islomga kirganlarning yettinchisi hisoblanadi.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning eng yaqin sahobalaridan bo‘lgan. Uhud, Ahzob, Xaybar, Makka fathi va Hunayn g‘azotlarida ishtirok etgan.
Otasi Yosir Yamandan Makkaga ish bilan kelib shu yerda qolib ketadi. Abu Huzayfa ibn Mug‘iyra Maxzumiyning cho‘risi Sumayyaga uylanadi va undan Ammor roziyallohu anhu tug‘iladi.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu uzun bo‘yli, keng yelkali kishi bo‘lgan.
Onasi Sumayya binti Xoyyat Islomdagi eng avval shahid bo‘lgan ayol hisoblanadi.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu “Dorul Arqam”da Islomni qabul qilgan. Bu zot Islomga kirganidan so‘ng otasi Yosir, onasi Sumayya va ukasi Abdullohlar ham musulmon bo‘lganlar. Bu oila Islomni qabul qilganlari sababli Quraysh mushriklari tomonidan juda qattiq qiynoqlarga solingan. Qurayshlik zodagonlar bu oilani qiynash bilan boshqa yangi musulmon bo‘lganlarni ham qo‘rqitib qo‘yishmoqchi bo‘lishgan. Maxzumiylarning Yosir roziyallohu anhuning oilasiga qilgan qiynoqlari haqida turli rivoyatlar kelgan. Hatto Abu Jahl Islomdan qaytishdan bosh tortgani uchun Sumayyaga nayza sanchadi. Yosirni ham o‘ldiradilar. Shunga ko‘ra Ammor roziyallohu anhuning ota-onasi Islomdagi dastlabki shahidlardan bo‘lganlar. Ularning Ammor roziyallohu anhuga qilayotgan qiynoqlari shu darajaga yetganki, u qiynoqning zo‘ridan nima deyotganini idrok qila olmaydigan darajaga yetgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu oila haqida “Sabr qilinglar, Yosir oilasi, sizlarga jannat va’da qilingan”, – deganlar. Mazkur qiynoqlardan qolgan olovning izlari Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning yuzlarida umrining oxirigacha bilinib turgan. Bu zot haqida quyidagi oyat nozil bo‘lgan:
“Kim iymondan so‘ng Allohga kufr keltirsa, – qalbi iymon ila orom topa turib zo‘rlanganlar bundan mustasno – kim ko‘ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g‘azab bor. Ularga ulkan azob bor”[4].
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu ikki marta hijrat qilgan. Qibla o‘zgartirilishdan oldin namozni Baytul maqdisga qarab o‘qigan sahobalardan biri bo‘lgan.
Badr, Uhud g‘azotlarida qo‘shinning oldingi safida turib jang qilgan. “Bay’atur rizvon”da ham qatnashgan. Yamoma g‘azotida quloqlari kesilib ketgan.
Keyinchalik Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu zotni Kufaga voliy qilib tayinlagan.
Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqlarida aytgan ayrim so‘zlari:
– “Ammor boshidan oyog‘igacha iymon bilan to‘ldirilgan, iymon uning go‘shti va qonlariga aralashib ketgan”;
– “Jannat uch kishiga mushtoqdir: Aliga, Ammorga va Salmonga”;
– “Sumayyaning o‘g‘li ikki ish o‘rtasidan albatta to‘g‘rirog‘ini ixtiyor qiladi, shuning uchun uning izidan yuringlar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan so‘ng doimo Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhuning yonlarida bo‘lgan.
Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu hijriy 37 yilda Siffin jangida Ali roziyallohu anhuning qo‘shini safida jangga kirgan va Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuning qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan Abu G‘oniya Juhaniy tomonidan shahid etilgan.
Siffin jangida to‘qson yoshdan oshgan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhuning o‘ldirilishlari ko‘plab musulmonlarning haqiqatni anglab yetishlariga va Ali roziyallohu anhuning yonlariga qaytishlariga sabab bo‘lgan. Chunki jangda qatnashganlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu haqida “Ammorni o‘ldiradigan bog‘iy guruhning holiga voy, bu ularni jannatga chaqiradi, ular esa uni do‘zaxga chaqirishadi”, degan so‘zlarini bilar edilar. Ali roziyallohu anhu bu zotning jasadlarini ko‘tarib olib chiqadi va ko‘pchilik jamoat bilan janozasini o‘qib, kiyimlari bilan dafn qiladilar.
Alloh taolo bu zotni O‘z rahmatiga olib yotgan joylarini jannat bog‘laridan qilgan bo‘lsin.
Kufrga majburlanish haqida so‘z ketar ekan, majburlash darajalari va majburlangan kishining holatlari borasidagi bahslarni o‘rganib chiqish zarur bo‘ladi. “Fatovoi Qozixon” kitobida “Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar” mavzusida majburlangan kishilarning holatlari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar
“Majburlangan kishiga ruxsat berilgan va man etilgan ishlar to‘rt qismdir:
1. Majbur qilingan amaldan bosh tortishdan ko‘ra uni bajarish to‘g‘riroq hisoblanadigan, bosh tortish sababli gunohkorga aylanadigan ishlar;
Masalan, o‘limtik yeyishga yo shu kabi biror harom narsani iste’mol qilishga majbur qilinib, agar buyurilgan narsani bajarmasa, o‘ldirilishi, yo qo‘li kesib olinishi, yoki yuz qamchi urilishi bildirilsa, majburlangan ishni qilib o‘zini talofatdan qutqarib qolishi to‘g‘riroq bo‘ladi. Agar majburlangan ushbu ishni bajarmasa halok bo‘lishi aniqligini bila turib, bosh tortsa gunohkor bo‘ladi. Ammo bilmasa gunohkor bo‘lmaydi.
2. Majbur qilingan amaldan bosh tortish to‘g‘riroq bo‘lgan, qilmaslik tufayli savobga ega bo‘ladigan, ammo qilish sababli gunohkor ham bo‘lmaydigan ishlar;
Masalan, Alloh taologa kufr keltirishga majbur qilinib, agar kufr keltirmasa o‘ldirilishi yo biror a’zosiga talofat yetkazilishi bildirilsa, til uchida aytib halokatdan qutulib qolishga ruxsat borligini bilsa ham, bu ishni o‘ziga ep ko‘rmasdan bosh tortsa, savobga ega bo‘ladi. Shuningdek, qutulib qolish uchun til uchida aytsa ham gunohkor bo‘lmaydi. Ammo o‘ldirish yo biror a’zosiga talofat yetkazish emas, kishanlab qo‘yish yo qamab qo‘yish bildirilganda agarchi qalbi iymonga limo-lim bo‘lib turgan bo‘lsa-da, til uchida ham kufr keltirish mumkin emas.
3. Majbur qilingan amaldan bosh tortish tufayli savobga ega bo‘ladigan, uni bajarish sababli gunohkor bo‘ladigan ishlar;
Masalan, musulmon kishini o‘ldirishga yo zino qilishga majbur qilinib, agar bajarmasa o‘ldirilishi bildirilsa, jonini bersa ham bu ishdan hazar qilishi tufayli savobga ega bo‘ladi, jonini qutqarish uchun shu ishni qilib qo‘ysa, gunohkor bo‘ladi.
4. Majburlangan ishni qilish va qilmaslik barobar bo‘lgan ishlar.
Masalan, boshqaning moliga talofat yetkazishga majburlansa, bunday holatda ikkala tarafi ham barobar bo‘lib qoladi.
Bayon qilinganlarning barchasida majburlanayotgan kishi bildirilayotgan narsaning qo‘rqitish va po‘pisa uchun aytilmayotganiga, amalga oshishi aniq ekaniga ishonsagina, majburlangan hukmida bo‘ladi, aks holda bu hukmda bo‘lmaydi”[5].
HIDOYAT
Isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik oiladan boshlanadi
Har qanday ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yor hamisha ma’qullanib kelingan. Haddan oshishlik, isrofgarchilik, manmanlik va riyokorlik kabi illatlar ham aqlan, ham shar’an qoralanib, ulardan hazar qilishga buyurilgan.
Taassuflar bo‘lsinki, bugun aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay, birvarakayiga isrof qilinishini kuzatish mumkin.
Xo‘sh, isrof nima? Bugun har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun tejamkorlikni nimadan boshlashi kerak? Bu borada dinimizda nima deyilgan?
Alloh taolo isrofning yomon illat ekanligi haqida Qur’oni karimda marhamat qilgan. Jumladan, “A’rof” surasi, 31-oyat mazmunida: “...Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas”, deyiladi.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. “Isrof” deganda keraksiz narsalarga behuda pul sarf etish, foydasiz sarf-xarajatlar va harakatlar tushuniladi. Isrofning katta-kichigi yo‘q. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham maqtanishning yuqori ko‘rinishlaridandir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida ham, jumladan, bunday deyilgan: “Allohning nozu ne’matlaridan xohlagancha yeb-ichinglar, xayru ehson qilinglar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo‘l qo‘ymangizlar!” (Imom Ahmad rivoyati).
OQAR DARYO BO‘LSA HAMKI, SUVNI TЕJANG
Har bir inson isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikni o‘z oilasidan boshlashi kerak. Bu borada o‘zlari namuna bo‘lib, farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi lozim. Dastlabki tejamkorlikni suvdan boshlash zarur. Alloh bandalariga bergan ne’matlaridan unumli foydalanib, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka buyuradi. Biroq ko‘pchilik ertalab suv jo‘mragini to‘liq ochgan holda yuz-qo‘lni yuvishadi.
Afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz qovun-tarvuz, ichimliklarni salqinlatish yoki mashinalarni yuvish uchun ko‘p miqdorda toza ichimlik suvini ishlatadi. Bu – isrofdir. O‘sha meva yoki ichimliklarni boshqa yo‘l bilan ham sovutish, mashina yuvayotganda bir chelakka suv olib, uvol qilmasdan yuvish mumkin-ku, axir. Alloh taolo Qur’oni karimda butun insoniyatga qarata shunday marhamat qiladi: “Sizlar o‘zlaringiz ichadigan suv haqida hech o‘ylab ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘dirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (“Voqea”, 68-70).
Suv nafaqat iste’mol, balki poklanishimiz uchun ham muhimdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Muttafaqun alayh). Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taxminan, 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar. Bu narsa hammamizga o‘rnak bo‘lishi lozim.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Bir kuni Sa’d tahorat qilayotgan chog‘ida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldidan o‘tib qoldilar va unga qarata: “Bu qanday isrofgarchilik, ey Sa’d?!”, dedilar. Shunda Sa’d roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?” deya ajablandi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Garchi oqar daryoda bo‘lsang ham, tahoratda suvni ortiqcha ishlatish isrofdir”, deya unga tanbeh berdilar (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Avvalgi paytlarda tahorat uchun suv alohida idishga olinib, oz-ozdan quyib amalga oshirilgan. Hozirda maxsus quvur va jo‘mraklari orqali suv o‘tkazilib, suvdan foydalanishda qulaylik paydo bo‘lgan. Ammo bu, suvdan xohlaganicha foydalanish, uni isrof qilish mumkin, degani emas. Balki, bu ne’mat uchun Allohga shukr qilib, tejamkorlik yo‘liga o‘tishimiz hammamiz uchun birdek zarur.
Qolaversa, bugun aholini ichimlik suv bilan ta’minlash dunyoviy muammo darajasiga ko‘tarilgan bir pallada qo‘ni-qo‘shni, yoru do‘stlarimizni suvni tejashga chaqirsak, dunyoda yutuqlarga, oxiratda esa Allohning roziligiga sazovor bo‘lamiz.
Shunday ekan, har birimiz suvni isrof qilmasdan, tejamkorlik bilan ishlatishni o‘rganaylik!
QANCHA TAOM TANOVUL QILMOQ KЕRAK?
Kim isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadi? Albatta, uvol-savobning farqiga bormagan odam. Shunday oilalar bor, vaqti kelsa qolipli nonga pul topolmaydi. Shunday oilalar bor, faqat biron yig‘in sabab yopgan non sotib oladi.
Taassufki, bugun ayrim chiqindixonalarda turli nonlar, shirinliklarni, hatto ovqat qoldiqlarining tashlab yuborilayotganini ko‘rib, aqlingiz shoshadi. Uni bir odam isrof qilmagani aniq. “Tanasi boshqa dard bilmas”, deganlaridek, atrofdagilarning hayoti unday odamlarni qiziqtirmasligi aniq. Agar qiziqtirganida, qo‘shnisining yashash sharoiti o‘ylantirganida edi, bugun bunday nonlar, turli taomlar chiqindixonalardan joy olmas edi.
Aytishingiz mumkin, ko‘p qavatli uylarda turadigan odamlarning moli bo‘lmagach nima qilsin, deb. Ammo me’yor degan narsa bor-ku! Nahotki bir kunlik me’yor qanchaligini anglash qiyin bo‘lsa?!
Aynan mana shu me’yorni har bir oila ertalabki nonushta oldidan bir kunda qancha non, ovqat va boshqa taomlar zarurligini bilishi kerak. Kindiy roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni – qorindir. Kishiga harakat qilishi uchun kerak bo‘lgan miqdordagi taom kifoya qiladi, yoki bo‘lmasa qornini uch qismga bo‘lsin, bir qismi taom uchun, bir qismi suv uchun, yana bir qismi nafasi uchundir” (Imom Ahmad rivoyati). Alloh taolo aytadi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (A’rof, 31).
Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi. Shunday ekan, bizlar barcha ne’matlarning qadriga yetib, ularni kichik sanamasligimiz lozim. Aks holda, kishi ne’matlarga nonko‘rlik qilgan bo‘ladi. Ne’matlarni qadrlashni, ularni kichik sanamay barchasiga birdek yaxshi muomalada bo‘lishni Payg‘ambarimizdan o‘rganishimiz kerak.
MЕ’YORDAN OSHSA, ISROFGAR BO‘LADI
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat – yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, xoh amali, xoh molu davlati bilan bo‘lsin, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Shuni bilingki, kiyimda ham isrofgarchilik bo‘ladi. Inson o‘ziga kerakli, faqat hojatiga yetarli libos kiyishi kerak. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish isrof va bu takabburlikka olib boradi.
NЕ’MATLARNI QADRLASHIMIZ KЕRAK
Bizda bir tushuncha bor: qaysi ne’mat arzon bo‘lsa, uni xohlagancha ishlatish mumkin, narxi qimmat narsalarni tejash kerak. Bu noto‘g‘ri. Sababi, Alloh bergan ne’matlarning qadri uning insonlar nazdidagi bahosi, qiymati bilan o‘lchanmaydi.
Gaz va shu kabi ne’matlar, odatda, tejab ishlatiladi. Sababi, ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularning qadriga yetaylik.
Biz yuqorida moddiy ne’matlar isrofi haqida gapirdik. Lekin isrofning eng yomon ko‘rinishi – ma’naviy sohadagi isrofgarchilikdir. Bularga, asosan, quyidagi ikki narsa kiradi:
birinchisi, umrni isrof qilish. Alloh taolo bandasiga bergan eng qadrli ne’matlardan biri aynan umrdir. Uning qadri shundaki, boshqa barcha ne’matlarni qayta tiklash, qo‘ldan chiqargach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Shu sabab umrni isrof qilishdan uzoq bo‘laylik;
ikkinchisi, ilm va iste’dodni isrof qilish. Ilm egallash – ulug‘ fazilat. Ilm sohibi bo‘lgach, uni hayotga tatbiq etish – ilmiga amal qilish va o‘zgalarga ilm o‘rgatish har bir ziyo ahlining burchidir. Aks holda, o‘rgatilmagan yoki amal qilinmagan ilm isrofdir. Buning uchun banda oxiratda javob beradi.
***
Biz Allohga suyukli xalqlardan, mahbub ummatlardan bo‘lishni xohlasak, isrofdan saqlanaylik! Alloh bergan har bir ne’matni katta-kichik demasdan, qadriga yetaylik. Shunda rizqimiz yanada ziyoda bo‘ladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.
QO‘LLANMA
HAR BIR OILA BILISHI SHART!
Ulamolar isrofga yo‘l qo‘yadigan kishilarning holatlarini tahlil qilish orqali, isrofga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladigan omillarni, isrofgarlikning zararli oqibat va asoratlaridan qutulish yo‘llarini aniqlaganlar.
ISROFGA YO‘L QO‘YISHGA SABAB BO‘LADIGAN OMILLAR:
– avvalo, tarbiya o‘chog‘i bo‘lmish oilada farzandlarni sabrli va qanoatli qilib tarbiyalash o‘rniga, ular tomonidan bo‘ladigan barcha talablarni me’yoridan oshirib ta’minlab berish;
– maishatparast, dunyoparast kishilar bilan ulfat va suhbatdosh bo‘lish, ularning holatlaridan ta’sirlanish;
– tezlikda, mashaqqat chekmay tanglikdan keyin kenglikka, faqirlikdan keyin boylikka erishish;
– nafsning xohish va istaklariga so‘zsiz itoat etish;
– bu dunyo hayoti oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rish davri ekanligi, oxiratda esa bu dunyoda qilingan amallar uchun hisob-kitob bor ekanini unutish yoki tushunmaslik;
– umuman, inson hayotida mo‘tadillik va me’yor degan tushunchalardan yiroq bo‘lishi.
ISROFGARLIKNING ZARARLI OQIBAT VA ASORATLARI:
– Allohning muhabbatidan mosuvo bo‘lib, Uning g‘azabi va qahriga mubtalo bo‘lish;
– shaytonni xursand qilib, uning sherigiga aylanish;
– hayotdagi qiyinchilik va mashaqqatlarni ko‘tara olmaslik, ojizlik va notavonlikka mahkum bo‘lish;
– tanada turli kasalliklarning paydo bo‘lishi, qalb qotishi, fikrning o‘tmaslashuvi;
– jamiyatda yalqovlik, tekinxo‘rlikning avj olishi, qashshoqlik va tilanchilikning ko‘payishi.
ISROFGARLIKDAN QUTULISH YO‘LLARI:
– har ishda Alloh taolo buyurgan mo‘tadil yo‘lni tutib, haddan oshish va isrofgarlikdan o‘zni saqlash;
– Payg‘ambar alayhissalom, sahoba va tobeinlar hamda ulug‘ zotlarning hayot tarzlarini o‘rganib, ularga ergashish;
– dunyodagi faqir va miskinlar, uysiz-joysiz, och-nahor yurgan xalqlarning holatini ko‘z oldiga keltirish;
– isrofgar, dunyoparast odamlardan uzoqlashib, qalbi siniq, xokisor kishilarga yaqin yurish;
– oila va farzandlarni sabr va qanoat kabi go‘zal fazilatlar sohibi qilib tarbiyalash.