Sayt test holatida ishlamoqda!
20 May, 2025   |   22 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:23
Quyosh
05:00
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:43
Xufton
21:14
Bismillah
20 May, 2025, 22 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

G‘am-tashvishlaringizni namoz bilan aritib ko‘rganmisiz?

25.11.2024   2845   6 min.
G‘am-tashvishlaringizni namoz bilan aritib ko‘rganmisiz?

Alloh taolo Payg‘ambariga g‘am-g‘ussalarni qanday aritishni ham o‘rgatgan: «Ularning gapidan yuragingiz siqilishini yaxshi bilurmiz. Robbingizni hamdi ila poklab yod eting, sajda qiluvchilardan bo‘ling. Sizga yaqiyn kelgunicha Robbingizga ibodat qiling» (Hijr surasi, 97-99-oyatlar).

Alloh taolo Payg‘ambariga bunday demoqda: «Quraysh mushriklari sizni masxara qilib, mazax qilib, sizga aziyat berayotganini, ularning aziyatlaridan mahzun bo‘layotganingizni ham bilamiz. Ammo bu narsalar sizni Robbingizning risolatini yetkazishdan to‘sib qo‘ymasin! Robbingizga tavakkul qilingki, U Zot sizga kifoya qiladi, dushmanlaringiz ustidan sizga g‘alaba ato etadi».

Ko‘rib turganingizdek, Alloh taolo Payg‘ambariga g‘am-tashvishlarga yengilib qolmasin deya, to‘rt narsani buyurmoqda: Allohga tasbeh aytish, hamd aytish, sajda qilish (namoz o‘qish), ibodat qilish.

Demak, namoz – g‘am-tashvishlarga qarshi kurash vositalaridan biri ekan. Shuning uchun ham Alloh taolo Payg‘ambariga «...sajda qiluvchilardan bo‘ling (shunda Alloh dilingizdagi g‘am-alamni ketkazur)», demoqda. Shu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham Robboniy buyruqqa labbay deb, barcha muammolarga qarshi namoz bilan kuch-quvvatga to‘ldilar.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biror narsa mahzun qiladigan bo‘lsa, namoz o‘qir edilar», deganlar (Imom Ahmad rivoyati).

Boshqa bir rivoyatda «Rasulullohni biror narsa qayg‘uga solsa, darhol namoz o‘qir edilar», deyilgan.

Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘p yillar birga bo‘lgan sahobadir, shuning uchun bu kishi Rasululloh biror narsadan qayg‘uga tushganlarida yoki musibatga, qiyinchilikka duch kelsalar, qalblarini tinchlantirib, xotirjam qilish uchun, Parvardigorlaridan musibat va qayg‘uda yordam so‘rash uchun namozga oshiqqanlarini ko‘rib yashagan.

Nafaqat Rasulullohning, balki barcha payg‘ambarlarning odati shunday edi – boshga biror musibat kelsa yoki tashvish tushsa, darhol namozga shoshilishar edi.
 

Suhayb ibn Sinon roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni asr namozini o‘qib bo‘lgach, bir nimalar deb pichirladilar. Yonlaridagi sahobalar «Ey Allohning Rasuli, asr namozidan keyin pichirlab nimalar dedingiz?» deb so‘rashgan edi, u zot shunday dedilar: «Sizlar ham sezdingizmi? Men bir payg‘ambarni esladim. Unga o‘z qavmidan bir qo‘shin berildi. U (qo‘shinning kuchliligini ko‘rib): «Bularga kim ham bas kela olardi?» dedi. Shunda Alloh taolo u payg‘ambarga uch ishdan – dushmanning ularni bosib olishini, ocharchilikni yoki o‘limdan birini tanlashni buyurdi. O‘sha payg‘ambar shu uch narsa borasida qavmi bilan maslahat qildi. Qavm: «Bu ishni o‘zingga topshiramiz, chunki sen Allohning payg‘ambarisan», dedi. Payg‘ambar darhol turib, namoz o‘qidi, chunki anbiyolar biror ishda taraddudlanib qolsalar, darhol namoz o‘qiydilar. Bu payg‘ambar ham namoz o‘qib, «Yo Robbim, dushman yoki ocharchilikni emas, o‘limni tanladim», deb duo qildi. Alloh ularga o‘limni yuborgan edi, ulardan yetmish mingtasini o‘lim olib ketdi. (Namozdan keyin) pichirlaganimda shunday deyayotgan edim: «Allohim, Sening noming bilan urushaman, Sening noming bilan dushman ustidan g‘alaba qilaman. Kuch-qudrat faqat Alloh bilan» (Imom Termiziy rivoyati).

 

Ibrohim alayhissalom ham g‘am-g‘ussalarini namoz bilan muolaja qilar edilar.

 

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Bir kuni Ibrohim alayhissalom Sora bilan bir zolim podshohning yurtiga kelib qoldilar. (Ayg‘oqchilar zolim podshohga) «Falon joyda bir kishi bor, yonida misli ko‘rilmagan go‘zal ayoli ham bor», deyishgan edi, podshoh u kishini chaqirtirdi. «Yoningdagi ayol kim?» degan edi, «Singlim», dedilar. Keyin Soraning yoniga qaytib kelib, shunday dedilar: «Sora, hozir yer yuzida sen bilan mendan boshqa mo‘min yo‘q. Anavi mendan seni so‘ragan edi, «Singlim», dedim. Meni yolg‘onchi qilib qo‘yma». Podshoh esa Sorani chaqirtirdi, Sora uning huzuriga kirib keldi. Podshoh (uning go‘zalligini ko‘rib) uning qo‘lini ushlamoqchi bo‘lgan edi, qo‘li qotib qoldi. Podshoh qo‘rqib ketib, «Robbingga duo qil, senga hech narsa qilmayman», dedi. Sora Allohga duo qilgan edi, anavining qo‘li qo‘yib yuborildi. Podshoh esa yana Soraga yopishmoqchi bo‘lgan edi, qo‘li boyagidek yoki bundan ham qattiqroq qotib qoldi. Shunda u yana: «Robbingga duo qil, senga yomonlik qilmayman!» dedi. Sora duo qilgan edi, anavining qo‘li yana qo‘yib yuborildi. Shunda podshoh ayg‘oqchilarini chaqirib, «Senlar mening oldimga odam emas, shaytonni olib kelibsanlar-ku!» dedi. So‘ng Soraga Hojarni cho‘ri qilib berdi. Sora eson-omon Ibrohim alayhissalomning yonlariga qaytib keldi. Ibrohim alayhissalom namoz o‘qiyotgan edilar, qo‘li bilan «Nima gap?» deya ishora qildilar. Sora: «Alloh anavi kofirning [yoki fojirning] makrini o‘ziga qaytardi, shunga Hojarni menga cho‘ri qilib berdi», dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Bir qiz aytadi: «Bir dugonam bor, nihoyatda asabiy qiz. Bizning uyimizda ham ko‘p muammolar bo‘lib turar edi. Buni bilgan o‘sha dugonam «Uyingda shuncha muammo bo‘la turib, qanday qilib asablaring joyida?» deb hayron bo‘ldi. Men unga «Buning siri namozda!» dedim. U yanada hayron bo‘lib, «Qanday qilib?» deb so‘radi. Men shunday javob berdim: «Avvallari oilamizda muammolar ko‘pligidan o‘zimni bechora, ojiz hisoblardim, muammolar haqida ko‘p o‘ylayverganimdan aqldan ozay der edim. Bunday ahvoldan qutulish uchun hamma narsa qilib ko‘rdim, tinchlantiruvchi dorilar ichdim, lekin foydasi bo‘lmadi.

Bir kuni g‘am-tashvishlarimni, qayg‘ularimni namoz bilan yengish mumkinligini eshitib qoldim. G‘am-qayg‘ular yopirilib kelganda, kimdir meni xafa qilib, his-tuyg‘ularim oyoqosti bo‘lganda namozga oshiqadigan bo‘ldim. Namozlarimda Allohga ahvolimni arz qilib, meni qayg‘ulardan xalos qilishini, muammolardan qutulish yo‘llarini ko‘rsatishini so‘rab, iltijolar qiladigan bo‘ldim. Iltijo qilar ekanman, ruhiy, iymoniy ulkan kuch-quvvatni his etardim, xotirjam yashab, hayotni davom ettirishga kuch topardim. Qayg‘ularim namozni sevishimga, unga chinakam oshiq bo‘lishimga sabab bo‘ldi».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (2-qism)

19.05.2025   1807   1 min.
Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (2-qism)

1

Maqolalar