Alloh taolo insoniyatni ozodalikka, jismu iymoni, uy-joyi – Vatanini pok tutishga, bog‘u rog‘lar o‘stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan bo‘lishga chaqiradi.
Yuqoridagi chaqiriqqa monand ayni kunlarda O‘MI Buxoro viloyati vakili Jobir domla Elov boshchiligida viloyatimizdagi barcha masjid, madrasa va ziyoratgohlarda yashil makonlarni ko‘paytirish ishlari uyushqoqlik bilan tashkil etilib, din peshvolari tomonidan hududlarda yashil maydonlar barpo etilmoqda.
Zero, hadis shariflarda: “Albatta, farishtalar ekin yoki ko‘chat ekuvchining haqqiga, modomiki, ekkan narsasi ko‘karib turarkan, istig‘for aytib turishadi”, - deyiladi.
Yaratgan Zot bu hayrli ishlarni bardavom va barokatli qilsin!
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
1 iyun kuni Jidda shahrida butun dunyodan kelgan haj tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga mas’ul idoralar rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirok etdi.
Muloqotda yildan-yilga haj mavsumida Alloh taoloning mehmonlariga munosib xizmat qilish takomillashib borayotgani, innovatsion loyihalar amaliyotga joriy etilayotgani, ziyoratchilarning salomatliklarini saqlash, transport xizmati ko‘rsatish, sifatli oziq-ovqat bilan ta’minlash va toatu ibodatlarni tartibli tashkil etishda yaxshi natijalarga erishilganini alohida qayd etildi.
Haj va umra vaziri yig‘ilish ishtirokchilaridan yaqinlashayotgan haj kunlarida ziyoratchilar belgilangan tartiblarga rioya etishlarini ta’minlash, ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarda hamkorlik qilishni so‘radi.
Anjuman doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vaziri, turli mamlakatlardan kelgan mo‘tabar ulamolar, martabali vazirlar, fazilatli muftiylar, jumladan, Turkiya Diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Pokistonning Dorul ulum Karachi Islom universiteti professori Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy, Afg‘oniston Irshod, haj va vaqf ishlari vaziri Nur Muhammad Saqib bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik yuzasidan fikr-mulohaza almashdilar.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar Haj va umra sohasidagi ilmiy va amaliy hamkorlikni kuchaytirish, ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va bu borada o‘zaro tajriba almashishni yanada takomillashtirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati