Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrati Usmon roziyallohu anhu o‘ldirilganlaridan keyin musulmonlar hazrati Aliy roziyallohu anhuni o‘zlariga rahbar qilib sayladilar. U kishi buni rad etdilar, lekin sahobalar mahkam turib olishdi. Ular o‘zlari kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqishlari uchun Aliy roziyallohu anhuning rahbarligi zarurligini yaxshi bilishar edi. Madinai munavvaradagi ahvol juda ham og‘irlashgan, yo‘ldan ozganlar ushbu shaharga ega chiqib olishgan edi. Hazrati Aliy roziyallohu anhu o‘zlari qiziqmasalar ham, xalifalikni qabul qilib oldilar.
Imom Tabariy Muhammad ibn Hanafiyyadan rivoyat qiladilar: «Usmon roziyallohu anhu o‘ldirilganida, otam bilan birga uyda edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari kelib, hazrati Aliy roziyallohu anhuga: «Bu kishi (ya’ni Usmon roziyallohu anhu) o‘ldirildi. Odamlarga imom (rahbar) lozim. Bugungi kunda bu ishga sizdan ko‘ra haqli odam yo‘q. Sizdan avval Islomga kirgan ham, sizdan ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin ham yo‘q», dedilar.
Hazrati Aliy: «Unday qilmanglar. Men uchun vazir bo‘lganim amir bo‘lganimdan yaxshidir», dedi.
Odamlar: «Allohga qasamki, sizga bay’at qilmasdan qo‘ymaymiz», deyishdi.
Hazrati Aliy: «Unday bo‘lsa, masjidda. Menga bay’at maxfiy bo‘lmasligi, faqat musulmonlarning roziligi bilan bo‘lishi kerak», dedi. U kishi masjidga kirganida muhojirlar kirib bay’at qilishdi. So‘ng boshqalar bay’at qilishdi».
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga xalifa sifatida hijriy 35 yil 25 zulhijja, juma kuni bay’at qilindi. Bu vaqtda Islom olamida fitna dengiz to‘lqinidek mavj urib turar edi.
Hazrati Aliy roziyallohu anhu juda ham qat’iyat va jazm bilan ish tutadigan, salobatli va haq yo‘lda shiddatli zot edilar. U kishi o‘zlariga bay’at qilinganidan keyin darhol ikkita farmon chiqardilar. Bu farmonlarning ikkovi ham juda qat’iyat bilan chiqarilgan farmonlar edi:
– Hazrati Usmon roziyallohu anhu qo‘ygan ayrim voliylarni ishdan olish. Ularning ko‘pchiligi Banu Umayyadan edilar.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu quyidagi voliylarni tayin qildilar:
Usmon ibn Hunayfni Basraga;
Umora ibn Shihobni Kufaga;
Ubaydulloh ibn Mas’udni Yamanga;
Qays ibn Sa’d ibn Ubodani Misrga;
Sahl ibn Hunayfni Shomga...
Tayin qilingan mazkur voliylarning ishlari turlicha bo‘lib chiqdi. Bundan ixtilof kuchayib borayotgani ko‘rinardi.
– Ikkinchi farmon hazrati Usmon roziyallohu anhu o‘z yaqinlariga Baytulmoldan bergan sovg‘alar va suyurg‘ollarni qaytarib olish haqida edi.
U zotning bu tasarruflaridan so‘ng Banu Umayya qabilasi a’zolari u kishiga qarshi bosh ko‘tarib, bay’at qilmaslikka o‘tishdi. Bu ishning boshida Shomning voliysi Muoviya ibn Abu Sufyon turar edi.
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hazrati Umar roziyallohu anhuning davridan buyon Shomning voliysi bo‘lib kelar edi. U kishi o‘z ishini a’lo darajada bajarar, o‘z aholisi ichida juda katta obro‘ga ega edi. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuga hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘ldirilganlari va hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning xalifa bo‘lganlari haqidagi xabar yetganda, u kishi yangi xalifaga bay’at qilmadi. Buning bir necha sababi bor edi.
1. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlarida hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning ham ayblari bor deb tushunar edi.
2. U kishi Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning lashkari ichida fitnachilarning borligini ham ayb hisoblar edi.
3. Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu bu ishlarni bir yoqlik qilib, orani ochib olmay turib toatni vojib qiluvchi bay’at qilishga qo‘l urmadi.
Boshqa Islom yurtlarining barcha aholisi hazrati Aliy roziyallohu anhuga bay’at qildilar va u yerlarda ish o‘z maromida ketdi.
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi
Padari buzrukvorim shunday dedilar: "Birodar! Darhaqiqat, ilm ato qilish va foyda yetkazish na ustozning, na voizning va na nasihat qiluvchining ishi. U narsa boshqa bir Zotning ato etganidir. Ilmni Alloh beradi. Biror vosita orqali beradi, kimnidir sabab ham qiladi. Agar biror odam ilm tolibi bo‘lib haqiqiy talab ila kelsa, u holda Alloh taolo ustozning qalbida uning uchun foydali bo‘ladigan narsani solib qo‘yadi. Yo‘qsa, biror kimsada o‘zgaga biror foyda yetkazish qudrati yo‘qdir. Toki, Alloh taoloning tavfiqi bo‘lmasa va U Zot iroda qilmasa, biror shaxs o‘zgaga foyda yetkaza olmaydi. Alloh xohlasa, bir jumla ila foyda yetkazishi mumkin. Agar xohlamasa, uzun va mazmundor va’zlar hammasi bekor ketadi".
Ulug‘larimizning bir gapi bor: "Tolibning (ilm) talabi barakotidan (ilm) aytuvchining qalbi va tiliga Alloh taolo eshituvchilar uchun foydali narsani joriy qilib qo‘yadi".
Din ilmining barakalari
Shayxul islom, Alloma Shamsul Haq Afg‘oniy rahmatullohi alayh aytadilar: «Devbandagi "Dorul ulum" madrasasida hadis ilmining bir talabasi vafot etdi. Janoza o‘qilib, dafn qilindi. Keyin vorislariga xat yuborildi. Masofa uzoqligi uchun xat olti oy deganda yetib bordi. Marhumning qarindoshlari kelishdi... Rektor Qori Muhammad Toyyib hazratlari bilan uchrashishdi va: "Biz mayyitni qabrdan qazib olib, yurtimizga olib ketishni xohlaymiz", deyishdi. Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularga uzoq tushuntirdilar. Lekin ular juda qaysar edi, gapga kiray deyishmasdi. Shunda Qori Muhammad Toyyib hazratlari ularni mening huzurimga yubordilar. Men ham ularga uzoq tushuntirdim. Ular esa: "Biz mayyitni yo olib ketamiz, yoki butun qarindoshlarimiz bilan bu yerga ko‘chib kelib olamiz", deyishdi...
Xullas, qabr qazildi, ne xolki, olti oydan keyin mayyit kafanida bus-butun yotgan edi. Undan ajib xushbo‘y taralardi. Mayyitning jasadi qutiga solindi va hurmat yuzasidan bir talaba ular bilan birga yuborildi. Uning yurtiga temir yo‘l orqali borilar edi. Temir yo‘l vokzalida bojxona va nazoratchi xodimlar to‘xtatib: "Bu qutida mayyit emas, noqonuniy yo‘l ila olib ketilayotgan mushki anbar bor", deb, tobutni ochishga majburlashdi. Ochib qarasalar, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, unda o‘lik jasad, ammo hadis ilmini o‘rganayotgan talabaning jasadi bor edi, undan judayam xush hid taralayotgan edi.
"Nasihatlar guldastasi" kitobidan