Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hasan roziyallohu anhu ziroat ekinlari ekiladigan yerlarga ega edi. Bundan tashqari, hazrati Umar roziyallohu anhu davrida ukasi Husayn roziyallohu anhu bilan birga davlatdan yiliga besh ming dirham maosh olardi. Bu miqdordagi maoshni faqat Badr jangida qatnashganlargina olishlari mumkin edi. U kishi roziyallohu anhu Muoviya roziyallohu anhuning davrida yiliga yuz ming dirham maosh oladigan bo‘ldi. Ko‘plab boy sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari tufayli Hasan roziyallohu anhu va ukasi Husayn roziyallohu anhuga katta miqdorda hadyalar berishardi. Bundan tashqari, ba’zi sahobalar o‘limidan oldin o‘zi qoldirgan merosdan ularga berilishini vasiyat qilishardi. Masalan, Badr va Uhud janglarida qatnashgan Islom suvoriysi Miqdod ibn Amr ibn Sa’laba al-Kindiy o‘limidan oldin boyligidan o‘n sakkiz ming dirhamni Hasan va Husayn roziyallohu anhumoga vasiyat qiladi. Bu vasiyat amalga oshiriladi.
Hasan roziyallohu anhu ko‘p marta uylangan sahobalardan edi. Biroq u ajrashgan ayollariga nisbatan juda saxiy edi. Ana shunday ayoli Oisha Hasamiyyaga yigirma ming dirham nafaqa to‘lagan. Yana ajrashgan ikki xotiniga o‘n ming dirhamdan tashqari boshqa mol-mulklarni ham nafaqa qilib qo‘shib bergan. U nikohiga oladigan ayollariga ham ko‘p miqdorda mahr berardi. Ikkita ayoliga yigirma ming dirhamdan, boshqa bir ayoliga esa yuzta joriya va yuz ming dirham mahr bergan.
Hasan roziyallohu anhu bor mol-mulkini ikki marta, mol-mulkining yarmini oyoq kiyimi va mahsilarigacha uch marta hadya qilgan. Yordamga muhtoj bir kishiga bir yuz o‘ttiz ming dirham, boshqa biriga esa yuz ming dirham sadaqa qilgani rivoyat qilingan. Madina ko‘chalaridan o‘tib ketayotgan bir yo‘lovchini zarur bo‘lgan ulov va oziq-ovqatlar bilan ta’minlagan. Ehtiyoji uchun yuz ming dirham so‘rab Alloh taologa duo qilgan kishiga o‘shancha pul jo‘natgan. Masjidul Haromning chetida bir kishining «Allohim, menga o‘n ming dirham ber», deganini eshitib, darhol uyiga qaytib borib, unga shuncha pul yuborgan.
Hasan roziyallohu anhu haj safari chog‘ida o‘zi va ukasi Husayn roziyallohu anhuni, jiyani Abdulloh ibn Ja’far ibn Abu Tolib roziyallohu anhuni qo‘y go‘shti bilan mehmon qilgan bechora ayolni Madina bozorida ko‘rib qolib, unga mingta qo‘y va ming tilla berib yuborgan.
Makkadan Madinaga safari chog‘ida bir odam u kishini yomg‘irdan himoyalash uchun o‘z chodirida mehmon qiladi. Ana shu chodir egasiga cho‘ponlari bilan birga yuzta tuya hadya qiladi.
Yana Hasan roziyallohu anhu o‘ziga bir qo‘y hadya qilgan qulni qo‘ylari bilan birga sotib olib, uni ozod etadi va unga suruvni hadya qiladi. Shunga o‘xshash yana bir voqea: itiga ovqatidan bergan qulni o‘zi qo‘riqlayotgan bog‘i bilan birga sotib olib, uni ozod qiladi. Keyin o‘sha bog‘ni qulning o‘ziga hadya qiladi.
«Millioner sahobalar» kitobidan
Savol: Men haydovchilik qilaman. Ba’zilar menga ma’lum miqdorda pul berib, uni boshqa shahardagi odamga yetkazishimni so‘rashadi. Shu puldan avval o‘zim foyda ko‘rib, so‘ng aytilgan odamga to‘liq qilib yetkazsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu ish joiz emas. Chunki bu omonatga xiyonat qilish hisoblanadi. Omonatga olingan puldan faqat egasi rozi bo‘lsagina ishlatish mumkin. Ammo egasi rozi bo‘lmasa, yoki egasiga bildirmay ishlatilsa, bu xiyonat sanaladi. Omonatga xiyonat qilish esa, katta gunoh va munofiqning belgilaridan biridir. Bu haqda faqih Nizomiddin Shoshiy rahimahulloh shunday zikr qiladilar:
“Omonatdor, vakil va g‘osib (birovning molini zo‘rlik bilan olgan kimsa)lar molning ayni o‘zini o‘zlarida olib qolib, uning mislini (qiymatini) to‘lashlari mumkin emasdir” (“Kitabul-xamsiyn” kitobi).
Shuningdek, alloma Ibn Nujaym rohimahulloh shunday naql qiladilar: “Omonatga olingan buyum boshqa kishiga na omonatga beriladi, na qarzga (bepul foydalanish uchun) beriladi, na ijaraga beriladi va na garovga qo‘yiladi. Agar omonatdor ulardan birortasini qilsa, javobgar bo‘ladi” (“Al-Bahrur-roiq” kitobi).
Xulosa qilib aytganda, haydovchilarning yuqoridagi birovning omonatidan beruxsat foydalanishlari va undan daromad ko‘rishlari shar’an joiz emasdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.