Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mazhab – bu ummatdir. Ummat esa ko‘pchilik ulamolardan tashkil topgan. Bu ulamolar ijtihod qilishadi, tahqiq qilishadi. Masala bir emas, ko‘pchilik tomonidan ilmiy tahqiq qilinadi. Ummatda sanoqsiz ulamolar bor, sanoqsiz kitoblar bor. Ulamolar qayta-qayta o‘zaro bahslar qilib, «Falon masala to‘g‘ri», deb xulosa qilishadi.
Natijada mukammal darajada ma’sum bo‘lmasak-da, kuchli ishonch ila to‘g‘ri yo‘lda bo‘lamiz. «Ma’sum bo‘lmasak-da», deganimning sababi shuki, biz hanafiylar «So‘zimiz yuz foiz to‘g‘ri», deb da’vo qilmaymiz. To‘qson sakkiz-to‘qson to‘qqiz foiz to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, xato qilish ehtimoli bor. Toki shofe’iy mazhabiga ham yo‘l qolsin. Ammo biz bu qadar katta nisbatga faqat Abu Hanifaning ijtihodi bilan emas, balki ilm ijtihodi bilan erishdik, katta miqdordagi, juda ko‘p ulamolar vositasida erishdik. Ulamolar masalalarni diqqat bilan o‘rganib, tahqiq qilishadi. Shuning uchun bir masalada turli o‘lkalarda avloddan avlodga ma’lum bir fatvoga ko‘ra amal qilib kelinadi. Barcha ulamolar mana shu masalaga muvofiq keladi. Natijada suyanishning eng oliy chegarasiga chiqib boriladi.
Bu suyanish nihoyatda quvvatli bo‘ladi, iymon keltiradigan darajada aniq bo‘lmasa-da, shunga yaqin keladi. Ahli sunnaning o‘ziga xos xususiyati mana shudir. Nima uchun bu fiqh zalolatdagi fiqh bo‘lmaydi? Chunki unda xato bo‘lish ehtimoli juda kam, chunki undagi ijtihod bir kishiga tegishli emaski, uning aksari xato bo‘lsa... Balki bu narsa ilmiy maktab ijtihodiga, qaroriga aylandi. Bunday ilmiy maktabda esa xato qilish ehtimoli juda kam bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining dinini ilmiy maktablarning mana shunday tartibli ilmlari orqali muhofaza qildi.
Aks holda Alloh taolo O‘zining dinini Zayd, Amr yoki Yusufning qo‘lida, ya’ni bir yoki bir necha kishining qo‘lida muhofaza qilgan bo‘lib qolar edi. Bu gapga aql bovar qiladimi? Yo‘q. Alloh taolo O‘zining dinini kuchli, asosli, juda ko‘p ulamolarni o‘z ichiga olgan qat’iy, sobit ilmlar orqali muhofaza qiladi.
Masalaga yengil, yuzaki qaraydigan, mutaassib maktablar nazdidagina mo‘tabar bo‘lgan Falonchi yoki Pistonchining fatvo berishi bilan ulug‘ ulamolarning ijtihodi va qarorlari orasida qanchalar farq bor!
Qur’on va Sunnatni anglashni, fahmlashni yakka shaxslarga topshirib qo‘yish mumkinmi? Yo‘q. Qur’on va Sunnatni anglashni ilmiy maktabdan hosil bo‘lgan ilmlargagina havola qilish mumkin.
Ahli sunnaning nazdida Qur’on va Sunnatning qadrini ko‘ryapsizmi?
Ahli sunna Allohning Kalomi va Rasulining Sunnatini anglash yo‘lida dunyodagi eng buyuk ilmni safarbar qilishdi. To‘rt mazhabning ilmi dunyodagi eng keng ilmdir. Bu ilm son-sanoqsiz ulamolarni qamrab olgan. Ularning vazifasi – Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iroda qilgan narsani bayon qilib berishdir. Aqoid borasida Alloh va Rasulining irodasini ochiqlab beradigan mustahkam ilmlar ishlab chiqildi. Odob-axloq borasida ham shunday bo‘ldi.
Biz to‘g‘ri, noto‘g‘ri emas, balki qat’iyan haq, deyayotgan bu maktab qayerda-yu, zalolat maktabi – yengillik va mutaassiblik maktablari qayerda?!
Haq maktab Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlarini hurmat qildi. Uni anglash uchun kerakli barcha ilmlarni ishlab chiqdi. Bu maktabda insoniyat tarixidagi eng afzal, eng ulug‘ ulamolar faoliyat ko‘rsatdilar. Ular Allohning Kitobi va Rasulining sunnatini olamda tengi yo‘q ilmlar, qoida va usullar orqali tafsir qilishdi. Bu dunyoda fiqh qoidalarining o‘xshashi yo‘q! Biron kishi ularning maqomiyu hisobiga yeta olmaydi. Sahobalar ham, tobe’inlar ham barcha sa’y-harakatlarini Alloh va Rasulining murodiga bag‘ishlashdi. Shu bois barcha ilmlar o‘z qoidalariga ega bo‘lib, mustahkam qaror topdi. Bizda – Urdunda «Kim qonunlarni o‘rganmoqchi bo‘lsa, usulul-fiqhni o‘rgansin», degan gap bor. Usulul-fiqh (fiqh qoidalari)ni bilsangiz, qonunlarni ham yaxshi tushunasiz.
Qonunlar ishlab chiqilgan, lekin o‘zlarida usul yo‘q, shuning uchun usulul-fiqhni o‘rganishga majbur bo‘lishadi, shunda ularni yaxshi tushunishadi. Tasavvur qiling, qancha-qancha qoidalar ishlab chiqilgan! Bularning barchasi usuldandir.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Nuqtayi nazar
Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari bag‘rikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashab kelmoqda. 2174 ta islomiy va 198 ta noislomiy diniy tashkilot faoliyat ko‘rsatapti. So‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda jami 130 ta – 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti, 102 ta masjid hamda turli konfessiyaga taalluqli 24 ta noislomiy diniy tashkilot davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Joriy yil 25 fevral kuni qabul qilingan qonun asosida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Mazkur hujjat vijdon erkinligiga bo‘lgan huquq va O‘zbekiston dunyoviy davlat ekaniga oid konstitutsiyaviy qoidalarni ro‘yobga chiqarish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsip va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
O‘tgan qisqa vaqt ichida mamlakatimizda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda 3 ta oliy (1 ta islomiy, 2 ta noislomiy) hamda 9 ta o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bugun esa 16 ta diniy ta’lim muassasasi bor, ularning 6 tasi oliy o‘quv yurtidir.
Mazkur sohadagi ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 21 apreldagi "Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni nafaqat diniy-ma’rifiy soha, balki keng jamoatchilik tomonidan ham mamnuniyat bilan kutib olindi.
Sodiq Toshboyev,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 25 aprel, 84-son