Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Avgust, 2026   |   27 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:27
Peshin
12:30
Asr
17:25
Shom
19:33
Xufton
21:02
Bismillah
10 Avgust, 2026, 27 Safar, 1448

Mazhab – bu ummatdir

25.11.2024   10299   4 min.
Mazhab – bu ummatdir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Mazhab – bu ummatdir. Ummat esa ko‘pchilik ulamolardan tashkil topgan. Bu ulamolar ijtihod qilishadi, tahqiq qilishadi. Masala bir emas, ko‘pchilik tomonidan ilmiy tahqiq qilinadi. Ummatda sanoqsiz ulamolar bor, sanoqsiz kitoblar bor. Ulamolar qayta-qayta o‘zaro bahslar qilib, «Falon masala to‘g‘ri», deb xulosa qilishadi.

Natijada mukammal darajada ma’sum bo‘lmasak-da, kuchli ishonch ila to‘g‘ri yo‘lda bo‘lamiz. «Ma’sum bo‘lmasak-da», deganimning sababi shuki, biz hanafiylar «So‘zimiz yuz foiz to‘g‘ri», deb da’vo qilmaymiz. To‘qson sakkiz-to‘qson to‘qqiz foiz to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, xato qilish ehtimoli bor. Toki shofe’iy mazhabiga ham yo‘l qolsin. Ammo biz bu qadar katta nisbatga faqat Abu Hanifaning ijtihodi bilan emas, balki ilm ijtihodi bilan erishdik, katta miqdordagi, juda ko‘p ulamolar vositasida erishdik. Ulamolar masalalarni diqqat bilan o‘rganib, tahqiq qilishadi. Shuning uchun bir masalada turli o‘lkalarda avloddan avlodga ma’lum bir fatvoga ko‘ra amal qilib kelinadi. Barcha ulamolar mana shu masalaga muvofiq keladi. Natijada suyanishning eng oliy chegarasiga chiqib boriladi.

Bu suyanish nihoyatda quvvatli bo‘ladi, iymon keltiradigan darajada aniq bo‘lmasa-da, shunga yaqin keladi. Ahli sunnaning o‘ziga xos xususiyati mana shudir. Nima uchun bu fiqh zalolatdagi fiqh bo‘lmaydi? Chunki unda xato bo‘lish ehtimoli juda kam, chunki undagi ijtihod bir kishiga tegishli emaski, uning aksari xato bo‘lsa... Balki bu narsa ilmiy maktab ijtihodiga, qaroriga aylandi. Bunday ilmiy maktabda esa xato qilish ehtimoli juda kam bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining dinini ilmiy maktablarning mana shunday tartibli ilmlari orqali muhofaza qildi.

Aks holda Alloh taolo O‘zining dinini Zayd, Amr yoki Yusufning qo‘lida, ya’ni bir yoki bir necha kishining qo‘lida muhofaza qilgan bo‘lib qolar edi. Bu gapga aql bovar qiladimi? Yo‘q. Alloh taolo O‘zining dinini kuchli, asosli, juda ko‘p ulamolarni o‘z ichiga olgan qat’iy, sobit ilmlar orqali muhofaza qiladi.

Masalaga yengil, yuzaki qaraydigan, mutaassib maktablar nazdidagina mo‘tabar bo‘lgan Falonchi yoki Pistonchining fatvo berishi bilan ulug‘ ulamolarning ijtihodi va qarorlari orasida qanchalar farq bor!

Qur’on va Sunnatni anglashni, fahmlashni yakka shaxslarga topshirib qo‘yish mumkinmi? Yo‘q. Qur’on va Sunnatni anglashni ilmiy maktabdan hosil bo‘lgan ilmlargagina havola qilish mumkin.

Ahli sunnaning nazdida Qur’on va Sunnatning qadrini ko‘ryapsizmi?

Ahli sunna Allohning Kalomi va Rasulining Sunnatini anglash yo‘lida dunyodagi eng buyuk ilmni safarbar qilishdi. To‘rt mazhabning ilmi dunyodagi eng keng ilmdir. Bu ilm son-sanoqsiz ulamolarni qamrab olgan. Ularning vazifasi – Alloh taolo va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iroda qilgan narsani bayon qilib berishdir. Aqoid borasida Alloh va Rasulining irodasini ochiqlab beradigan mustahkam ilmlar ishlab chiqildi. Odob-axloq borasida ham shunday bo‘ldi.

Biz to‘g‘ri, noto‘g‘ri emas, balki qat’iyan haq, deyayotgan bu maktab qayerda-yu, zalolat maktabi – yengillik va mutaassiblik maktablari qayerda?!

Haq maktab Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Sunnatlarini hurmat qildi. Uni anglash uchun kerakli barcha ilmlarni ishlab chiqdi. Bu maktabda insoniyat tarixidagi eng afzal, eng ulug‘ ulamolar faoliyat ko‘rsatdilar. Ular Allohning Kitobi va Rasulining sunnatini olamda tengi yo‘q ilmlar, qoida va usullar orqali tafsir qilishdi. Bu dunyoda fiqh qoidalarining o‘xshashi yo‘q! Biron kishi ularning maqomiyu hisobiga yeta olmaydi. Sahobalar ham, tobe’inlar ham barcha sa’y-harakatlarini Alloh va Rasulining murodiga bag‘ishlashdi. Shu bois barcha ilmlar o‘z qoidalariga ega bo‘lib, mustahkam qaror topdi. Bizda – Urdunda «Kim qonunlarni o‘rganmoqchi bo‘lsa, usulul-fiqhni o‘rgansin», degan gap bor. Usulul-fiqh (fiqh qoidalari)ni bilsangiz, qonunlarni ham yaxshi tushunasiz.

Qonunlar ishlab chiqilgan, lekin o‘zlarida usul yo‘q, shuning uchun usulul-fiqhni o‘rganishga majbur bo‘lishadi, shunda ularni yaxshi tushunishadi. Tasavvur qiling, qancha-qancha qoidalar ishlab chiqilgan! Bularning barchasi usuldandir.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   3022   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari