Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Musohibiy shunday degan: «Ne’matlar bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish shukr bilan bo‘ladi. Balolar ham bir mehmon, ularni izzat-ikrom qilish esa sabr bilan bo‘ladi».
«Sabr iymonning boshidir», deyishadi. Agar inson tanasi boshidan judo qilinsa, u halok bo‘lgani kabi sabr bo‘lmasa, iymon ham halokatga yuz tutgusidir.
Abdulqodir Jiyloniy aytgan: «Ey o‘g‘lim, musibat-balo seni halok qilish uchun kelmaydi, sabringni sinash uchun keladi». Oltin o‘tga kirsa, sayqallanib yanada chiroy ochgani kabi inson ham musibat olovi orqali sayqallanadi.
Zakariyo Ahmad
«Hilol» jurnali 4 (61) son
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Qur’oni karimda rayhon zikr qilingan. Alloh taolo aytadi:
﴿وَالْحَبُّ ذُو الْعَصْفِ وَالرَّيْحَانُ﴾
“Yana (unda) somonli donlar va rayhon (va boshqa gullar) bor” (Rahmon surasi, 12-oyat).
﴿فَرَوْحٌ وَرَيْحَانٌ وَجَنَّةُ نَعِيمٍ﴾
“(uning uchun) rohat, rayhon (bo‘yi) va ne’matlar jannati bordir” (Voqea surasi, 89-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kimga rayhon taklif qilinsa, uni qaytarmasin. Zero ko‘tarishga yengil, hidi xushbo‘ydir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Rayhonning xushbo‘y hidi ko‘ngilga xursandchilik bag‘ishlaydi. Uni hidlash va uyga qo‘yib qo‘yish bilan yuqumli kasalliklar daf bo‘ladi. Badanga ishqalansa, terlashni, ortiqcha rutubat va noxush hidlarni ketkizadi.
Qora rayhonning yirik bargli va ko‘kish ranglisi erituvchi xususiyatga ega. Shuningdek, u tanadagi tiqilmalarni ham ochadi.
"Islomda salomatlik" kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li