Hayotda har bir inson boy bo‘lishni istaydi va bu yo‘lda tinmay harakat qiladi. Agar bu harakat Alloh ko‘rsatgan halol tarzda bo‘lsa dinimizda unga boy bo‘lishga hech qanday taqiq yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey Amr, solih boylik solih kishining qo‘lida bo‘lsa, qandoq ham yaxshi! deganlar (Imom Buxoriy Imom, Imom Tabaroniy rivoyat qilgan).
Biroq bugun ba’zi odamlarning hamma narsani boylik bilan o‘lchaydigan, foyda yo‘lida imon, e’tiqod, barcha muqaddas tuyg‘ular va insoniylikdan ham voz kechayotganlarini guvohi bo‘lmoqdamiz. Ular boy bo‘lish yo‘lida hatto o‘zining jigarlarini ham chuv tushirishdan tap tortmayaptilar. Umrlarida biror badiiy yoki ilmiy kitob o‘qishga odatlanmagan bo‘lsalar-da, kitob do‘konlaridagi “Boy bo‘lish sirlari”, “Folbinlar bashoratlari” mazmunidagi kitoblarni topib o‘qishadi. Har gal yangi chiqqan folbinning “eng yaqin mijoz”iga aylanib ulguradilar. Eng achinarlisi, mo‘may daromad topish ilinjida xorijga ketayotgan ayollarning odam savdosi bozorining mahsulotiga aylanib qolayotganidir.
«Biz xorij davlatlaridan biriga borganimizdan so‘ng, aldanganimizni bildik. Daromadli ish topib beramiz, deganlar bizga yolg‘on gapirganini, aslida esa fohishalik bilan shug‘ullanishimiz uchun sotilganimizni aytishdi. Bizni bu jirkanch ishga majburlashar, aytganlariga ko‘nmasak, uch-to‘rt erkak ovozimiz chiqmay qolguncha tepkilashar, xo‘rlashardi...» afsuski bu gaplar ham aynan boylik ortidan quvgan bir o‘zbek ayoliga tegishli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlar soni yiliga o‘rtacha 2,7 million kishini tashkil etmoqda. Odam savdosi bozori narkotik va qurol savdosidan keyingi uchinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Jahon bozorida odam savdosidan ko‘rilayotgan yillik daromad 7 milliard dollar miqdorida baholanmoqda.
Nega bugun millatdoshlarimiz o‘z ajdodlari ming yillardan buyon tarixning eng og‘ir kunlarida ham amal qilishgan din ko‘rsatmalarini qo‘yib, safsatalarga ishonishmoqda. Mahalla, turli tadbir va jamoat joylarida ularning qilmishlaridan ehtiyot bo‘lishga qanchalik targ‘ib etilmasin, ularning qarmog‘iga ilinganlarning soni kamaymayapti? Bu savol javobi sabrsizlikdir.Ular sabrni bir chetga surib qo‘yib, hamma narsaga osongina erishmoqchi bo‘lmoqdalar. Qadimda ota-bobolarimiz ne-ne qonli sinovlarni boshidan o‘tkazmagan, bir burda nonga muhtoj bo‘lgan bo‘lsalarda, lekin hech qachon sabrsizlik qilmaganlar.
Faraz qiling, bir xonadonda turli sabablar bilan biror tangchilik bo‘ldi. Oila a’zolari boshqa xonadonga chiqib ketmaydi-ku. Farzandlar boshqa ota-onani o‘zining ota-onasi deb bilmaydi-ku.
Aksariyat odamlar boylik ortidan qanchalik yugursa-da, yer yuzini kezib chiqsalarda boyliklarida ham, umrlarida ham baraka, halovatning yo‘qligidan shikoyat qiladilar. Bunga Allohning kalomi Qur’onda ko‘rsatib qo‘yilgan halol yo‘l bilan rizq izlashni unutib qo‘yganlari bosh sababdir. Aslida boy bo‘lishning, boylik, mol-dunyo orttirishning yagona yo‘li taqvo bilan, halol yo‘l bilan boylik topishdir. Taqvodorlik rizqning kaliti hisoblanadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur. Kimki Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) o‘zi unga kifoya qilar. Albatta, Alloh o‘zi (xohlagan) ishiga yetuvchidir. Alloh barcha narsa uchun miqdor (me’yor va muddatni tayin) qilib qo‘ygandir» (Taloq surasi, 2-3-oyat).
Alloh taolo har bir jon uchun rizq tayin qilib qo‘ygan. Banda xoh o‘z yurtida bo‘lsin xoh xorijda bo‘lsin belgilab qo‘yilgan rizqgagina egalik qiladi. Undan ortig‘iga ham kamiga ham erishib bo‘lmaydi. Ayni shu haqiqatni har birimiz yaxshi tushunib olishimiz darkor. Chunki yurtdoshlarimizning xorijga ketishlariga ham aynan shu aqidaga amal qilmasliklari sabab bo‘lmoqda. Ota-ona duosini olib, qalb tinch bo‘lib bir burda bo‘lsada nonni o‘z oila a’zolari atrofida yeyishga nima yetsin. Alloh bunday marhamat qiladi: «Agar ular Alloh va Rasuli ularga ato etgan narsaga rozi bo‘lib: “Bizga Alloh kifoya. Bizga, albatta, Alloh o‘z fazlidan ato etur va Rasuli ham. Biz Alloh (roziligi)gagina rag‘bat qiluvchilarmiz”, – desalar edi (o‘zlariga yaxshi bo‘lur edi)» (Tavba surasi, 59-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Boylik mol-mulkning ko‘pligida emas. Balki boylik ko‘ngil to‘qligidir” (Imom Muslim, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).
Allohning bergan ne’matiga shukr qilish ne’matning ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Va aksincha, ne’matga shukr qilmaslik, ne’matning zavol topishiga olib keladi. Alloh bunday marhamat qiladi: «Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir» (Ibrohim surasi,7-oyat).
Chindan ham, bugun yurtimiz tinch, turmushimiz farovon. Biroq bu ne’matlarning qadriga yetmay, yanada ko‘proq daromad topish maqsadida farzandlar, yaqinlarni ham unutib xorijga ketayotgan millatdoshlarimiz yaxshi tushunib olishlari lozimki aslida ota-ona, farzandlar bilan birga boriga shukr, yo‘g‘iga sabr qilib, chiroyli tarzda umrguzaronlik qilish, farzandlarini o‘z yurti, xalqi taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan avlod qilib tarbiyalash haqiqiy boylikdir.
Davron NURMUHAMMAD
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.