Toshkent islom instituti "Qur’on ilmlari" kafedrasi o‘qituvchisi Abdulbosit qori Qobulov Imom Hafsning Imom Osimdan qilgan rivoyati Toyyiba yo‘li orqali Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanadi bilan ijoza oldi.
Abdulbosit qori Qur’oni karimni yuqoridagi tariqaga ko‘ra qiroat qilib, Shayx Ibrohim Muhammad huzurida xatm qildi.
Shu munosabati bilan TII "Qur’on ilmlari" kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov va 10 ta qiroat bo‘yicha ijoza sohibi, Al-Azhar shayxi, kafedra ustozi Ibrohim Muhammad bilan birgalikda Abdulbosit qori Qobulovga ijoza shahodatnomasini topshirdi.
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son