Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Kimki Allohning huzurida unga nima borligini bilishni istasa, o‘zida Alloh uchun nima borligiga qarasin».
Imom Suyutiy «Jome’us sog‘ir»da rivoyat qilib, Doraqutniyga nisbat berganlar.
Sharh: Banda o‘zini qaysi mavqe’ga mos ko‘rsa, Alloh taolo o‘sha maqomga tushiradi. Bandaning qalbida Allohning manzilati, banda qay daraja Allohning tanishi, ma’rifati, bilishi, Uni oliy sanashi, Uni ulug‘lashi qadaricha bo‘ladi. Shuningdek, bandaning qalbida Allohdan hayo qilishi, Undan qo‘rqishi, Uning amrlari va qaytariqlarini qoim qilishdagi hurmati, qalbini xotirjam bo‘lishi, U Zotga jismi bilan, ruhi va qalbi bilan taslim bo‘lmog‘i, ishlarida Uning muroqabasini his etishi, Uning zikrini o‘ziga lozim tutishi, ne’matlariga erishish yo‘lida mashaqqatlarni ko‘tarishi, maishat rohatini U uchun tark etishida, U haqdagi yaxshi gumoni miqdoricha bo‘ladi.
Shuningdek, odamlarning bu o‘rindagi daraja va nasibalari yuqoridagilardan olgan nasibalari miqdoricha bo‘lib, bas, ularning nasibalari ulkanroq daraja bo‘ladi, uning aksi bo‘lsa aksi qadar bo‘ladi.
Imom Munoviyning «Jome’us sog‘iyr»ga yozgan sharhi,
«Fayzul qodir»dan.
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati