Bismillahir Rohmanir Rohiym
Tanishlarimizdan biridan oddiy musulmonlarimizning dinimizni o‘rganishlari qandoq borayotgani haqida so‘radim. U kishi bu savolimga:
- Hamma ish yaxshi ketayotgan edi-yu, ixtiloflar chiqib oddiy musulmonlar nima qilishlarini bilmay hayron bo‘lib qoldilar, dedi.
- Oddiy musulmonlarni hayron qilib qo‘ygan masalalardan, oxirgisi qaysi masala ekan? dedim men, muammoni tuzukroq bilish uchun.
- Misol uchun, hozirgacha hamma tahoratda bo‘yinga mas'h tortish mustahab, deb kelgan, omma o‘qiydigan kitoblarda ham shundoq yozilgan. Lekin yangi chiqqanlar bu – bid’at, deyishmoqda. Odamlar nima qilishlarini bilmay hayron. So‘rashga biror odam topish ham qiyin, dedi tanishim.
- O‘shandoq narsalarda darhol dalil-hujjat so‘rash kerak. Bo‘yinga mas'h tortish nima uchun bid’at bo‘ladi, deb so‘rmadingizmi? dedim men.
- Bo‘yinga mas'h tortish oyatda ham, hadisda ham yo‘q emish, ularda bo‘lmagan narsani qilsa, bid’at bo‘lar emish…
Sirtdan qaraganda arzimagan bo‘lib ko‘ringan bu masala ko‘pchilik oddiy musulmonlarni xijolat qilgani bejiz emas. Chunki tahoratda bo‘yinga mas'h tortish bid’-atdir, degan toifaning so‘zi bu bilan tugamaydi. Ular, tahoratda bo‘yinga mas'h tortish bid’atdir. Har bir bid’at zalolatdir. Har bir zalolat do‘zaxdadir, deyishdan ham tap tortmasliklari mumkin. Agar shundoq gap chiqadigan bo‘lsa, tahoratda bo‘yniga mas'h tortib yurgan bechoralarning, ularning ota-bobolarining oxiratdagi holi nima bo‘ladi?
Agar gap bid’at haqida yuqorida zikr qilingan ma’noni o‘z ichiga olgan hadisi sharif javhariga mos bo‘lganda, unga qo‘shilish hammamizning burchimiz bo‘lar edi. Ammo hozirgi gapga mutlaqo qo‘shila olmaymiz. Chunki hozirgi gap musulmonlar jumhuri haq deb tan olgan to‘rt fiqhiy mazhabdan eng kattasi, Hanafiy mazhabi mujtahid ulamolari qariyib o‘n uch asrdan buyon mustahab, deb kelayotgan amalni bid’at deb e’lon qilish haqida ketmoqda.
Muhtaram o‘quvchi! Keling, birgalikda Hanafiy ulamolardan, nima uchun tahoratda bo‘yinga mas'h tortish mustahab degansiz, deb so‘rab ko‘raylik. Axir ular o‘n uch asr davomida musulmonlarni bid’at ishga undab kelmagandirlar!?
Bunday savolimizga javob quyidagicha bo‘ladi:
Odamlarni bid’atga, shariatimizda yo‘q narsaga chaqirishdan Allohning O‘zi asrasin. Biz hech qachon, hech kimni bid’atga chaqirganimiz yo‘q. Biz shar’iy masdarga suyanmay turib, hargiz biror hukm haqida og‘iz ochmaymiz. Tahoratda bo‘yinga mas'h tortish mustahabligiga quyidagi dalillarimiz bor:
Birinchi dalil:
Imom Ahmad Ibn Hanbal Laysdan, u Tolha Ibn Musorrifdan, u otasidan, u bobosidan keltirgan rivoyatda:
«Albatta, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bo‘yinlarining ort tomonidan old tomoniga qarab mas'h tortganlarini ko‘rgan», deyilgan.
Ikkinchi dalil:
Abulhasan Ibn Foris Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan va sahih, deb ta’kidlangan hadisda Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam:
«Kim tahorat qilib, bo‘yniga ikki qo‘li ila mas'h tortsa, qiyomat kuni g‘uldan saqlanadi», deganlar.
Uchinchi dalil:
Imom al-Bazzor Voil Ibn Hujr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda jumladan:
«...So‘ngra boshlariga uch marta, quloqlarining sirt tarafiga uch marta va bo‘yinlarining sirt tarafiga mas'h tortdilar», deyilgan.
Xuddi shu ma’noda boshqa rivoyatlar ham bo‘lib, hammalari bir-birlarini quvvatlab keladi. Yana nima kerak? O‘zi yoki o‘ziga yoqqan taraf bilmagan hadisni topib amal qilganlar bid’atda ayblanaveradimi? Boshqalar hadisni topmagan bo‘lsalar Hanafiylarda nima ayb?
Biz yuqoridagi satrlarda hozirda qaytadan ixtilofga sabab bo‘lib turgan uchtagina masalani misol tariqasida munoqasha qildik. Qolgan hamma masalalarni ham xuddi shu tariqa munoqasha qilish juda ham oson ish. Bizning niyatimiz tortishish emas, ixtiloflarga chek qo‘yish bo‘lgani uchun gapni cho‘zmadik. Maqsadimiz eski yarani yana qo‘zg‘amay, tajribadan o‘tgan ishonchli yo‘lni mahkam ushlashga da’vatdir. Ana shunda ixtiloflarga barham beriladi, inshaalloh.
Ixtiloflarning oldini olish maqsadida, fiqhiy mazhablarning Qur’on va Sunnat doirasida qilgan ijtihodlarini qayta qo‘zg‘ab, qani, ko‘raylik-chi, kimning dalili kuchli ekan, qabilida ish tutish ham man qilingan. Hatto ba’zi bir kishilar ilmda yuqori darajalarga erishib, mazhablarning dalillarini solishtirib, kuchlisini kuchsizidan ajratadigan darajaga yetsa ham o‘zi uchun fatvo chiqarib olsa mayli-yu, ko‘pchilikning boshini aylantirib, ixtilof chiqarishga sabab bo‘lmasin, deyilgan.
Shuning uchun ham odatda, doimo mazkur qoidalarni buzib, ixtilof chiqargan tomon mazammat qilinadi. Ushbu bahsimizda betaraflikni da’vo qilsak ham, gohida gap bir tomonlamaga o‘xshab qolishi ham ana o‘sha qoida tufaylidir.
Hamma balo ilmimizning yo‘qligida. Juda oz narsani bilamiz. Ammo juda ko‘p narsani da’vo qilamiz. Bilgan juda oz narsamizga o‘ta mutaassiblik bilan, bor ilm shu, bundan boshqa narsa yo‘q, deb qaraymiz. Bilmagan juda ko‘p narsamizni esa, butunlay inkor qilamiz. Natijada hozirgi boshimizdan o‘tib turgan noqulay holatga duchor bo‘lamiz.
Mazkur ishni hamasr ulamolarimiz bir kitob va unyozar tasmasi madaniyati, deb nomlamoqdalar. Darhaqiqat, qo‘limizga qayerdandir tushib qolgan bir kitobchani o‘qiymiz-da, butun dunyoning ilmi shu kitobchada jo bo‘lgan, bundan boshqa ilm yo‘q, degan ma’noda ish tutishga o‘tamiz. Unyozar tasmasiga yozilgan uch-to‘rt, tumtaraqay ma’ruzani eshitib olib, dunyodagi musulmonlarning to‘rtdan uchini yo kofir, yo mushrikka chiqarib yuboramiz.
Hozirgi kunda butun Islom ummati ming uch yuz yildan buyon tan olib, ardoqlab, ehtirom qilib kelayotgan to‘rt fiqhiy mazhablarni inkor etib, ular haqlarida noloyiq gaplar aytib, o‘zini mujtahid sanab yurganlarimiz ana shundoq bir kitobcha va unyozar tasmasi madaniyatiga mansub kishilardir.
Biz hozir ularga fiqhiy mazhablar haq ekanligi haqida ilmiy bahs taqdim qilish niyatidan yiroqmiz. Chunki ul birodarlarimiz bundoq bahsni e’tirof qilishga tayyor bo‘lganlarida, hozirgi noqulay holat yuzaga kelmagan bo‘lar edi. Ul birodarlarimiz fiqhiy mazhablarni inkor qilishdan oldin salaf ulamolarimizning ilmiy bahslari bilan tanishib chiqqan bo‘lar edilar. Mazkur birodarlarimiz fiqhiy mazhablarni inkor qilishdek xatarli ishda o‘zgalarga taqlid qilmoqdalar. Ular xususan, chet eldan kelgan, o‘zlarini allaqanday nomlar bilan ataydigan shoshqaloq kishilarning etagini tutganlar. Ular boshqa tomonlarning gap-so‘zlarini e’tiborga olmaydilar. Shuning uchun o‘sha birodarlarimiz tan olib, so‘zlarini hujjat qilib ko‘tarib yuradigan tomonlarning fiqhiy mazhablar haqida e’lon qilgan hujjatlari va fatvolaridan namunalar keltirishni ma’qul topdik.
Keyingi mavzular:
Fiqhiy mazhablarning haqligi to‘g‘risidagi zamonaviy hujjat va fatvolar;
To‘qqizinchi qaror;
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Kvadroberlik atamasining kelib chiqishi va mazmuni
Kvadroberlik (quadrobics yoki quadrobics lifestyle) ingliz tilidagi "quad" (to‘rt) va "aerobics" (jismoniy mashq) so‘zlaridan tashkil topgan atamadir. Bu submadaniyat to‘rt oyoqlab yurgancha mushuk, it yoki boshqa hayvonlarga taqlid qilish, ularga xos sakrash va harakatlarni bajarish orqali o‘zini ifoda etish shaklidir. Ayrim hollarda bu harakat o‘zini hayvon deb tasavvur qilishga borib yetadi.
Uning paydo bo‘lishi:
2008-yilda yaponiyalik Kenichi Ito maymunlarga taqlid qilib, 100 metrni to‘rt oyoqlab yugurib o‘tganidan keyin e’tiborni tortgan.
2010-yillarda "Animal Flow" nomli sport yo‘nalishi bilan bog‘liq tarzda ommalasha boshlagan.
So‘ngra, TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar orasida "kvadrober"lar jismoniy mashqlarni, sakrashlarni, maska va kostyumlar kiyishni moda qilganlar.
2. Ijtimoiy va ruhiy oqibatlari
Kvadroberlik tashqi tomondan zararsiz ko‘rinsa-da, uning chuqur ijtimoiy va ruhiy oqibatlari mavjud:
Shaxsiylik inqirozi: Yoshlar o‘zlarini hayvon sifatida ko‘rishga intilishi psixologik nomutanosiblik va shaxsni tan olmaydigan buzilishlarga olib kelishi mumkin.
Ota-ona va jamiyatdan ajralish: Bu submadaniyatni tanlaganlar ko‘pincha real jamiyatdan yiroqlashadi, internetdagi virtual guruhlarga yopishib qoladi.
Normativ qadriyatlarga qarama-qarshilik: Jamiyatda qabul qilingan axloqiy me’yorlarga zid bo‘lgan harakatlar – odamlar oldida itdek yurish, qichqirish, sakrashlar – boshqalarda noqulaylik uyg‘otadi va bu omma orasida tushunmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘ladi.
Fitna va ijtimoiy xavf: Ayrim holatlarda kvadroberlar odamlar ustiga sakrash, g‘alati tovushlar chiqarish orqali atrofdagilarda qo‘rquv uyg‘otgan holatlar kuzatilgan (masalan, Toshkentda kuzatilgan holatlar).
3. Islom nuqtayi nazaridan bahosi
Islom dini inson sha’nini oliy darajada qadrlaydi. Kvadroberlik esa bu sha’nni pastga tushiruvchi, fitratga zid bo‘lgan xatti-harakatdir.
A) Insonning sha’ni va martabasi
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آدَمَ
"Biz Odam bolalarini aziz qildik…" (Isro surasi, 70-oyat).
Tafsiri: Imom Tabariy va boshqa mufassirlar bu oyatda insonlarga Alloh tomonidan berilgan sha’n va fazilatlar – aql, to‘g‘ri yo‘riq, nutq, kiyinish qobiliyati, halol rizq kabi ne’matlarni nazarda tutganlar. Bu oyat asosida inson o‘zini hayvonga o‘xshatmasligi lozim, chunki Alloh insonni hayvondan ustun qilgan.
B) O‘zini boshqalarga o‘xshatish (tashabbuh) haqida hadis
"Kim bir qavmga o‘xshasa, u o‘sha qavmdandir" (Abu Dovud, Libos: 4020).
Sharh: Ulamolar bu hadisdagi "tashabbuh" ni faqat diniy emas, balki xulqiy va madaniy jihatdan o‘xshashlik deb izohlaydi. Odam o‘zini hayvonga o‘xshatish orqali aslida insoniy fazilatlarini rad etgan bo‘ladi.
C) Fitratni buzish – harom amallardan biri
وَلَآمُرَنَّهُمْ فَلَيُغَيِّرُنَّ خَلْقَ اللَّهِ
(Shayton dedi:) "Ularni albatta buyuraman, shunda ular Allohning yaratganini o‘zgartiradilar" (Niso surasi, 119-oyat).
Tafsiri: Ibn Kasir rahimahulloh va boshqa mufassirlar bu oyatni fitratni buzish – jinsni o‘zgartirish, tabiiy xulqdan chiqish, o‘zini boshqa mavjudotga o‘xshatish sifatida talqin qilishgan. Kvadroberlik bu ma’noda insoniy fitratni o‘zgartirishga kiradi.
D) Fitna va ijtimoiy xavf
وَالْفِتْنَةُ أَشَدُّ مِنَ الْقَتْلِ
"Fitna qotillikdan battar" (Baqara surasi, 191-oyat).
Tafsiri: Qurtubiy bu oyatdagi "fitna"ni – ijtimoiy notinchlik, odamlar orasida g‘alayon chiqish, ularning tinchini buzish deb tushuntirgan. Jamoat joyida o‘zini hayvon kabi tutish aynan mana shu fitnaga olib keladi.
Kvadroberlik tashqi tomondan zamonaviy "subkultura" bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida bu harakat yoshlar orasida insoniylik sha’nini pastga tushiruvchi, fitratni buzuvchi, jamiyatda fitna chiqaruvchi va Islomiy qadriyatlarga ziddir. Ulamolar, tarbiyachilar, ota-onalar bunga qarshi ogoh bo‘lishi, yoshlarni bunday zararli yo‘nalishlardan kelajak avlodlarni ham ogohlantirishi va uzoq tutishi zarur.