2024 yil 26 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati vakilligi xodimlari, tuman va shaharlarning bosh imom-xatiblari, Yangiyo‘l tumani imom-xatiblari, otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilar “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish, masjidni boshqarish, faoliyati hamda hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, peshin namozlarida dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilinib, Ishchi guruh tuzildi.
Kun davomida Ishchi guruh a’zolari Yangiyo‘l shahrining 2 ta masjidi hamda 22 ta mahallasiga biriktirildi. Shuningdek, ishchi guruh a’zolari oilalarga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Targ‘ibot tadbiri davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Xususan, Yangiyo‘l tumanidagi “Xonto‘ra hoji” jome masjidi hududida 100 tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, “Ezgulik bog‘i” nomli mo‘jaz bog‘ yaratildi.
Zayniddin domla Eshonqulov ko‘chat ekishda qatnashgan imom-xatiblar va mahalliy aholisiga yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shishning ahamiyati haqida so‘zlash barobarida mazkur bog‘ aytilgan so‘zning amaliy ifodasi bo‘lganini shar’iy dalil va hayotiy misollar bilan tushuntirib, barchani bunday ezgu ishlarga hissa qo‘shishga chaqirdi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Yangiyo‘l tumani masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Toshkent viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2024 yilning 12 dekabr kuni Chinoz tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
So‘nggi paytlarda yoshlar orasida energetik ichimliklar ichish odat tusiga kirdi. Shifokorlar tetiklashtiruvchi bunday ichimliklarni sog‘lik uchun juda xavfli ekanini ta’kidlashmoqda.
Energetik ichimliklar 1960 yili Yaponiyada tibbiyotda dori vositasi sifatida kashf qilingan. Dastlab inson salomatligi uchun zararsiz deb hisoblangan ichimlik asta-sekin ommalashib, tijoratga aylanib ketdi. So‘ngra uning tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalar qo‘shildi.
2014 yilga kelib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda voyaga yetmagan o‘smirlarning energetik ichimlikni ko‘p iste’mol qilishi xavfli ekanini e’lon qildi. Shu sababdan ko‘p mamlakatlarda bu ichimlikka taqiq qo‘yildi.
Salomatlik uchun asosiy xavflar shakar va kofein miqdorining yuqoriligidir. Energetiklarda esa, kofein 100 ml uchun 30–50 mg bo‘ladi. Ba’zilarida 100 mggacha oshishi mumkin. Bu oddiy qahva (12 mg)dan 8 baravar ko‘p. Energetik ichimliklarni muntazam iste’mol qilish tushkunlikka tushish ehtimolini oshiradi.
“Energetik ichimliklarni muntazam ravishda iste’mol qilish yurak xurujini oshiradi, asab tizimini susaytiradi va giyohvandlikka olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, qon bosimini ko‘tarish xavfi bor. Masalan, bitta idishdagi energetik ichimlikda 27 choy qoshiq shakar bor. Agar siz bu ichimliklarni ichsangiz, kelajakda qandli diabet va boshqa og‘ir kasalliklarga duch kelishingiz muqarrar”, deydi mutaxassislar.
Ayrim ishlab chiqaruvchilar bu ichimliklarga hayvonlar aminokislotalariga o‘xshash bo‘lgan taurin moddasini qo‘shadi. Bu modda yurak mushaklarining ishlash jarayonini tezlashtiradi.
Energetik ichimliklar tarkibida shakar miqdori me’yoridan ancha yuqori. Shu bois bir shisha energetik ichimlik ichgan kishi jigari qattiq zo‘riqadi. Energetik ichimliklarni muntazam ichish jigar qurishiga olib keladi.