2024 yil 26 noyabr kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida amaliy tadbirlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent viloyati vakilligi xodimlari, tuman va shaharlarning bosh imom-xatiblari, Yangiyo‘l tumani imom-xatiblari, otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda imom-xatib hamda otinoyilar “Haj – 2024” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish, masjidni boshqarish, faoliyati hamda hujjat yuritish ishlarini yaqindan o‘rganish, peshin namozlarida dolzarb mavzuda ma’ruza qilish kabi masalalar muhokama qilinib, Ishchi guruh tuzildi.
Kun davomida Ishchi guruh a’zolari Yangiyo‘l shahrining 2 ta masjidi hamda 22 ta mahallasiga biriktirildi. Shuningdek, ishchi guruh a’zolari oilalarga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordilar.
Targ‘ibot tadbiri davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Xususan, Yangiyo‘l tumanidagi “Xonto‘ra hoji” jome masjidi hududida 100 tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, “Ezgulik bog‘i” nomli mo‘jaz bog‘ yaratildi.
Zayniddin domla Eshonqulov ko‘chat ekishda qatnashgan imom-xatiblar va mahalliy aholisiga yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga hissa qo‘shishning ahamiyati haqida so‘zlash barobarida mazkur bog‘ aytilgan so‘zning amaliy ifodasi bo‘lganini shar’iy dalil va hayotiy misollar bilan tushuntirib, barchani bunday ezgu ishlarga hissa qo‘shishga chaqirdi.
Tadbir so‘ngida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Yangiyo‘l tumani masjidlardagi kamchiliklarni bartaraf etish, imom-xatiblarning ma’naviy-ma’rifiy hamda masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Toshkent viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2024 yilning 12 dekabr kuni Chinoz tumanida o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yilning 6 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yangi tayinlangan mudir (direktor) o‘rinbosarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov hamda Ta’lim va ilmiy-tadqiqot, Kadrlar va Ichki nazorat bo‘limlaridan vakillar ishtirok etdi.
Tadbirda yangi tayinlangan xodimlar ham tanishtirilib, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Yangi rahbar xodimlarga kerakli tavsiyalar berilib, xususan, yoshlarning axloqiy va ma’naviy tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ularga milliy va diniy qadriyatlarimizni singdirish, zamonaviy ta’lim usullaridan samarali foydalanish masalalari eslatib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati