Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446
Maqolalar

Maryam alayhassalom tashvishlarini namoz bilan yengar edi

27.11.2024   1808   5 min.
Maryam alayhassalom tashvishlarini namoz bilan yengar edi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Maryam alayhassalomning onalari tug‘ilajak o‘g‘il farzandini Alloh taologa nazr qilgan edilar. Ammo o‘g‘il emas, qiz farzand tug‘ildi. Alloh taolo Maryam alayhassalomni tarbiyalashni Zakariyo alayhissalomga topshirdi: «Robbi uni husni qabul aylab, go‘zal tarzda o‘stirdi va unga Zakariyoni kafil qildi» (Oli Imron surasi, 37-oyat).

Iyso alayhissalom tug‘ilishlaridan biroz avval, Maryam onamiz mehrobda turganlarida farishtalar Iyso alayhissalomning tug‘ilishlari, payg‘ambar bo‘lishlari haqidagi xushxabar keltirdilar.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «O‘shanda farishtalar «Ey Maryam, Alloh seni tanlab oldi, pokladi va butun olamdagi ayollardan ustun qildi. Ey Maryam, Robbingning ibodatida bardavom bo‘l, Unga sajda qil, ruku’ qiluvchilar bilan ruku’ qil», dedilar» (Oli Imron surasi, 42-43-oyatlar).

Darhaqiqat, Alloh taoloni Maryam alayhassalomni barcha yomon sifatlardan pok saqladi, buyuk mo‘jiza ko‘rsatib, Iyso alayhissalomning dunyoga otasiz kelishlarni iroda qildi. Mana shu jihat bilan Alloh taolo Maryam onamizni olamdagi barcha ayollardan ustun qildi. Bunday sharaf biror ayolga nasib etgan emas! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodagi eng yaxshi ayollar to‘rttadir: Maryam bint Imron, Xadicha bint Xuvaylid, Fotima bint Muhammad va Fir’avnning ayoli Osiyo”, deganlar.

Farishtalar “Ey Maryam, Robbingning ibodatida bardavom bo‘l, Unga sajda qil va ruku’ qiluvchilar bilan ruku’ qil” deb, Maryam onamizga qunut (namozda uzoq qiroat qilish), sajda qilish, jamoat bilan namoz o‘qish, mo‘minlar bilan bir safda bo‘lish buyurilganini xabar qildilar.

Demak, Maryam onamizga ikki narsa buyurilgan ekan.

Birinchisi – qiyom va sajdani uzoq qilish. Bu ikki buyruqning bir o‘rinda kelishiga sabab shuki, bu ikki amalning namozdagi o‘rni, ulug‘ligi bir xil, qiyom va sajdani uzoq qilish esa yolg‘iz namoz o‘qishga xosdir.

Ikkinchisi – namozni jamoat bilan o‘qish, ruku’ qiluvchilar bilan birga ruku’ qilish.

E’tibor bering, farishtalar Sayyida Maryam alayhassalomga bu xushxabarlarni aytgach, namoz haqidagi buyruqni yetkazdilar. Zero, bu ulug‘ mavqening shukri namoz bilan ado bo‘ladi. Alloh taolo tanlab olingan zotlarga shunga yarasha sinovlar keladi. Sinovlarga bardosh berish uchun eng munosib omil esa namozdir. Sinovlar kelgach, Maryam onamiz yolg‘iz holda ham, jamoat bilan ham namoz o‘qishga ko‘p muhtoj bo‘ladilar. Oyatlardan ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo bir bandaga yaxshilik ato etsa, undan talab etiladigan ibodatlarni yanada ko‘paytiradi. Shuning uchun farishtalar Alloh seni tanlab oldi, pokladi, butun olamdagi ayollardan ustun qildi, degan xabardan keyin Maryam onamizga Alloh taologa bardavom ibodat qilish, sajda va ruku’ni uzoq qilish haqidagi buyruqlarni yetkazdilar.

Demak, Alloh taolo bir insonga ko‘plab ne’matlar ato etsa, bu ne’matlarning shukri o‘laroq, Allohga yanada ko‘proq ibodat qilish, ruku’ va sajda qilish lozim ekan.


Bir qiz aytadi: «Men namoz o‘qishni juda yaxshi ko‘raman, ayniqsa sajdaga oshiqman. Hayotimdagi eng yaxshi makonimjoynamozim. Buning sababi – Qur’on o‘rgatgan muallimamiz bizga sayyida Maryam alayhassalomning qissalarini ko‘p martalab aytib berib, oxirida: «Baxtli bo‘lish uchun sayyidamiz Maryam alayhassalom kabi bo‘linglar!» der edilar. Alloh taolo bu haqda shunday marhamat qilgan: «O‘shanda farishtalar «Ey Maryam, Alloh seni tanlab oldi, pokladi va butun olamdagi ayollardan ustun qildi. Ey Maryam, Robbingning ibodatida bardavom bo‘l, Unga sajda qil, ruku’ qiluvchilar bilan ruku’ qil», dedilar» (Oli Imron surasi, 42-43-oyatlar).

U paytlarda namoz faqat ruku’dan iborat bo‘lgan. Sajda alohida ibodat bo‘lgan, namoz amallarining ichida bo‘lmagan. Shuning uchun Alloh taolo O‘ziga yana ham yaqinroq bo‘lsin deb, Maryam alayhassalomga namozda sajda qilishni buyurdi. Maryam alayhassalom ham farishtalarning tavsiyasiga labbay deb javob berdi, shu tariqa namoz va boshqa ibodatlar uchun ajratilgan alohida joy – mehrob uning eng sevimli makoniga aylandi.

Alloh taolo aytadi: «Zakariyo qachon uning oldiga, mehrobga kirsa, uning huzurida rizq ko‘rar edi» (Oli Imron surasi, 37-oyat).

Zakariyo alayhissalom mehrobda toat-ibodat, zikr-tasbeh va Tavrot tilovati bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. «Mehrob» arab tilida harb, ya’ni jang qilinadigan joy degan ma’noni bildiradi. Ibodat qilinadigan joyning mehrob deb atalishiga sabab shuki, bu yerda inson Allohga ibodat qilib, shayton bilan kurashadi, uning hiyla-nayranglarini daf qiladi. Inson mehrobda, sajdagohda, joynamozda faqat shayton bilan emas, balki o‘zining g‘am-qayg‘ulari bilan ham kurashadi, Robbiga dardlarini to‘kib solib, ulardan xalos bo‘ladi.

Maryam alayhassalom juda ko‘p qiyinchiliklarga, sinovlarga, tashvishlarga duch keldilar. Ana shunday qiyin vaziyatlarda sabr qilishlari uchun eng yaxshi hamroh – namoz bo‘ldi. Shunday ekan, siz ham Maryam alayhassalom kabi bo‘ling, qayg‘ularingizni ruku’ va sajda bilan qarshi oling! Hayot mashaqqatlarini joynamoz ustida, sajda qilish bilan mahv eting!».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Duolarning ta’sirlari bayoni

10.01.2025   1077   10 min.
Duolarning ta’sirlari bayoni

 - 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ

 

Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.


Nazmiy bayoni:

Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.


Lug‘atlar izohi:

لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.

دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.

تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.

بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.

وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.

قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.

يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.

 

Matn sharhi:

Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].

Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.

Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:

“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].

Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:

“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].

Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.


Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar

Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.

Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].

Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:

“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].

Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:

“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].

Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.

Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.

Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:

“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].

Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).

Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.

Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.


Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.

 


[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.

[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.

[3] Najm surasi, 39-oyat.

[4] Baqara surasi, 286-oyat.

[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.

[6] Muhammad surasi, 19-oyat.

[7] Hashr surasi, 10-oyat.

[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.

[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.

Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm  darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.

Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:

1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);

2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);

3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);

4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);

5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);

Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.