Bismillahir Rohmanir Rohiym
Agar o‘ylab ko‘rsang, Alloh taolo seni yaxshi ko‘rishini, seni afzal qilganini anglab yetasan. Zero, Alloh taolo senga O‘ziga ibodat qilishing uchun kuch-quvvat ato etdi. Namozda: “Sengagina ibodat qilamiz, Sendangina yordam so‘raymiz” deyishga muvaffaq etdi.
Agar o‘ylab ko‘rsang, Alloh seni yaxshi ko‘rishini, seni mukarram etganini tushunib yetasan. Dunyoning behisob turli ne’matlarini ato etdi, osmonu yerdan rizqingni berdi.
Agar o‘ylab ko‘rsang, Alloh senga ofiyat ne’matini berganini, Uning ne’matlari senga doimiy ravishda kelayotganini guvohi bo‘lasan.
Bu nimani anglatadi? Bu Alloh taolo seni yaxshi ko‘rishini bildiradi.
Ha, Alloh haqqi, O‘zidan o‘zga iloh yo‘q bo‘lgan Zot Allohga qasamki, Albatta Alloh sizni yaxshi ko‘radi.
Bizni yaxshi ko‘radi, zero, O‘z rahmati ila bizga O‘zini tanitdi.
Bizni yaxshi ko‘radi, axir O‘z fazli bilan ibodatida bizni qoim etdi.
Bizni yaxshi ko‘radi, O‘ziga sajda qilishimizni nasib etdi-ku...
Agar Alloh taolo sizni yaxshi ko‘rishini anglab yetsangiz, ey aziz birodarim, axir Alloh taoloning muhabbatiga javoban muhabbat bilan javob berishingiz kerak emasmi?
Nima uchun muhabbatga muhabbat bilan javob qaytarmaysiz?
Bizning qalbimiz Alloh taologa bo‘lgan muhabbat bilan to‘lib toshishi kerak. Agar sizning qalbingiz Allohning muhabbatiga limmo-lim bo‘lsa, qalbingizdagi barcha zulumatlar yo‘qoladi. Allohning muhabbatidan boshqa narsaga joy qolmaydi. Shunda Alloh taoloning bandalariga qarab, ularning har biri sizdan afzal ekanini anglab yetasiz. Hatto ular bugun sizdan yaxshi bo‘lmasalar-da, ertaga sizdan ko‘ra yaxshi bo‘lishlari mumkinligiga ishonasiz.
Doktor, Shayx Muhammad Sa’id Ramazon Butiy
rahmatullohi alayhning ma’ruzalaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD