Ovqatlanishda o‘n ikki xususiyatga rioya qilish lozim. Ulardan to‘rttasi farz, to‘rttasi sunnat va to‘rttasi odob.
Farzlar:
1. Allohning nomini zikr qilish (bismillah aytish),
2. Halol va pok ovqat iste’mol qilish,
3. Bor narsaga rozi bo‘lish,
4. Ne’mat uchun shukr qilish.
Sunnatlar:
1. O‘ng oyoq ustida o‘tirish,
2. Ovqatni o‘z oldidan olib yeyish,
3. O‘ng qo‘lning uchta barmog‘i bilan ovqatlanish,
4. Barmoqlarni yalab tozalash.
Odoblar:
1. Ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvish,
2. Luqmani kichik qilish,
3. Ovqatni yaxshi chaynash,
4. Boshqa ovqatlanayotgan kishilarning yuzlariga tikilmaslik.
(Hasan Basriyning odoblari, zuhdi va mav’izalari, Ibn Javziy, 50-bet).
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati