Agar koinotda Oy bo'lmasa, Yerda 1 sutka, ya'ni bir kecha kunduz 8 soat va 1 yil 1000 kundan iborat bo'lar edi.
Shuning uchun Qur'oni Karimda:
"Quyosh ham, Oy ham aniq hisob bilan sayr qilur" - Rahmon, 5;
"U tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, Quyosh va Oyni esa hisob belgilari qilib qo'ydi. Bu qudratli va Dono zotning o'lchovidir" - An'om, 96;
"U Quyoshni ziyo taratuvchi va Oyni nur sochuvchi etgan hamda yillarning adadini va vaqt va zamonga doir hisobini bilishlaringiz uchun uni Oyni manzillarga bo'lib o'lchab qo'ygan zotdir..." - Yunus, 5;
"Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq - o'n ikki oydir..." - Tavba, 36;
"Sizdan, Ey Muhammad! hilollar yangi oylar haqida so'raydilar. "Ular odamlarga yil hisobi va haj uchun vaqt o'lchovlaridir", - deb ayting" - Baqara, 189.
Hijriy yil hisobi — musulmonlar yil hisobi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Makkadan Madinaga hijrat qilib ko'chib o'tishi bilan hijriy yil hisobi boshlangan. U qamariy-oy va shamsiy-quyosh yil hisobiga bo'linadi.
Qamariy bo'yicha yil hisobi 622 yilning 16 iyuli juma kunidan boshlanib, Oyning ketma-ket kelgan ikki bir xil fazasi orasida o'tgan vaqt — sinodik oy, 29,530588 kun, davriga asoslangan.
12 oydan iborat bir qamariy yil 354,3671 kundan iborat. Qamariy yilda 1, 3, 5, 7, 9 va 11-oylar 30 kundan, qolganlari 29 kundan butun qilib olingan.
Oylar tartibi bilan muharram, safar, rabiul avval, rabiul oxir, jumodul avval, jumodul oxir, rajab, sha'bon, ramazon, shavval, zulqa'da va zulhijja deb ataladi. Qamariy yil tropik yildan 10-12 kun qisqa.
Qamariya hisobi Yaqin va O'rta Sharqning ko'p davlatlari va boshqa ba'zi davlatlarda qo'llanadi.
Shamsiy hisob 622 yilning bahoridan, kun va tun teng kelgan kuni — 21 martdan boshlab hisoblanadi.
Keyingi yil boshlari esa 20, 21 yoki 22 martga to'g'ri keladi. Davomiyligi Grigoriy kalendari kabi 365 yoki 366 kundan iborat.
Shamsiy hisob bo'yicha oylarning nomlari hut, hamal, savr, javzo, saraton, asad, sumbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy va dalv bo'lib, bu oylar doimo yilning ma'lum bir vaqtlarida keladi.
O'rta Osiyo xalqlari Shamsiy hisobi bo'yicha yilning dastlabki kunlarini Navro'z bayrami sifati nishonlaydilar.
https://t.me/oliymahad/29265
Ramazon hayiti va Qurbon hayiti Islomning ikki ulug‘ bayramidir. Ularning har birida ulkan ma’naviy ma’nolar bo‘lib, musulmonlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Xususan, Qurbon hayiti Islomda fidokorlik, sadoqat va bag‘rikenglik ramzi hisoblanadi.
Ushbu muqaddas bayram oldidan Davlatimiz rahbarining maxsus qarorlari qabul qilinishi, Ramazon va Qurbon hayiti sanalari dam olish kuni sifatida belgilanishi xalqimizning diniy ehtiyojlarini ta’minlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda ma’naviy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Qurbon hayiti Zulhijja oyining avvalgi o‘n kunida nishonlanadi. Ulamolar ta’kidlaganidek, Zulhijjaning avvalgi o‘n kuni Allohning eng mahbub kunlaridan biri bo‘lib, bu kunlarda qilinadigan amallar, ibodatlar, xayru saxovatlar juda ham ulug‘ hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo huzurida yaxshi amallar Zulhijjaning birinchi o‘n kunida qilinadigan amallardek afzalroq amal yo‘q”, — deb marhamat qilganlar. Shunday ekan, ushbu kunlarda yaxshi amallarga shoshilish, savobli ishlarga ulgurib qolish ayni muddaodir.
Qurbon hayitining fazilatlari amallaridan biri – qurbonlik qilish hisoblanadi. Qurbonlik, Islom dinida ahamiyati katta bo‘lgan amallardan biri bo‘lib, u Qurbon hayiti kunlarida Allohning roziligi uchun fidoiylik ifodasi o‘laroq jonliq so‘yishdir. Bu amal hazrati Ibrohim alayhissalom va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish, fidokorlik, sabr va taqvo kabi tushunchalarni ifoda etadi.
Qurbonlik qilish nafaqat insonning taqvosi, balki ijtimoiy mehr-oqibat, muhtojlarga g‘amxo‘rlik belgisidir. Qurbonlik go‘shti faqirlarga, qarindoshlarga, qo‘shnilarga tarqatilishi, ahillik va mehr-muhabbatni yanada mustahkamlaydi.
Qurbon hayiti — bu ahillik va mushtaraklikning ramzi bo‘lib, bu kunda musulmonlar o‘z qarindoshlari, qo‘shnilari, do‘stlarining holidan xabar oladilar, uzoqdagi yaqinlarini yo‘qlab borishga harakat qiladilar. Ayniqsa, keksa, bemor, yolg‘iz kishilar holidan xabar olish — dinimizda yuksak ajr hamda e’tiborga sazovor amal hisoblanadi.
Qurbon hayiti insonlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehru shafqatni uyg‘otadi, bayram munosabati bilan ehson qilish, bolalar va keksalarni xursand qilish kabi amallar nafaqat shaxsiy savob, balki jamiyatdagi yaxshilik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Bu kunda imkoni bor insonlar kam ta’minlangan oilalar, yetimlar, ehtiyojmandlar holidan xabar olib, ularga xursandchilik ulashsalar, bu amalning savobi beqiyosdir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning o‘zaro do‘stliklari, rahm qilishlari va mehr ko‘rsatishlari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Undan bir a’zo xasta bo‘lsa, jasadning qolgani unga qo‘shilib bedor bo‘ladi va isitmalaydi”, — dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Azizlar, ayni kunlarda yurtimizdan 15 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning besh ustunidan biri bo‘lgan Haj ibodatini ado etishga taraddud ko‘rmoqdalar. Ular orasida yuzlab nuroniylar, onalarimiz, ustoz va ziyolilar bor. Bu har bir yurtdoshimizning qalbida quvonch uyg‘otadi. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazrat bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarimiz ahvolidan xabar olganelari, ularga muborak safarda to‘liq sharoit yaratilishi, Haj ibodatini xotirjam va mukammal ado etishlari uchun zarur ko‘mak va duolarini izhor etganlari katta voqea bo‘ldi.
Bu voqelik yurtimizda din va davlat munosabatlari yangi, barqaror va hamjihat zaminda qurilayotganidan dalolatdir. Bu – xalqimizning muqaddas qadriyatlariga hurmat, Islomning pok ta’limotiga bo‘lgan ehtirom namunasidir.
Bu kabi yuksak e’tiborlar yurtimizda din va davlat o‘rtasidagi muvozanatli munosabatning, xalqning e’tiqodi va qadriyatiga nisbatan hurmat va e’zozning amaliy namunasidir.
Muhtaram yurtdoshlar! Fursatdan foydalanib barchalaringizni iyd al-Azxo – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Yurtimiz tinchlikligi barqaror, xalqimiz totuvligi bardavom bo‘lsin, dinimiz yanada ravnaq topsin, xonadoningizdan fayzu baraka arimasin!
Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi