Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo, turli sabab va hikmatlarga ko‘ra, har bir erkakka bir necha toifa ayollarning nikohini harom qilgan, er kishi ularga uylanishi mum-kin emas, bunday qilishi harom hisoblanadi. Kim shu ishni qilsa, gu-nohkor bo‘ladi. Mazkur gunohga qolmaslik uchun har bir musulmon bu masa-lani yaxshilab tushunib olmog‘i kerak.
Nikohi harom qilingan ayollar haqida Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi: «Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o‘zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog‘ingizdagi qizlari – agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo‘lsangiz, sizga gunoh yo‘q – va pushtingizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlari hamda opa-singilni jamlamog‘ingiz harom qilindi. Avval o‘tgani mustasno. Albatta, Alloh Fafur va Rohiymdir. Qo‘llaringiz mulk qilib olganlardan boshqa erli ayollar ham (harom qilindi. Bu) sizlarga Allohning bitganidir» («Niso» surasi 23-24‑oyatlar).
Islomdan boshqa din va jamiyatlarning ham ushbu masalada o‘z ta’limotlari va hukmlari bor. Ularning ba’zilari Islomniki bilan to‘g‘ri kelsa, ko‘plari noto‘g‘ridir. Ba’zi tuzumlarda Alloh taolo harom qilgan toifadagi ayollarning nikohini halol qilishgan. Hatto onasiga uylanishga ham ruxsat berilgan. Boshqa bir tuzumlarda esa qabilasi boshqa, tanasining rangi boshqa, tabaqasi boshqa yoki shunga o‘xshash boshqa shartlar bilan ayollarning nikohi harom qilingan.
Islom esa ulkan hikmatlarni e’tiborga olib, nasab aloqasi, emikdoshlik aloqasi va qudachilik aloqasi tufayli ma’lum toifa ayollarning nikohini ma’lum toifa erkaklarga harom qilgan. Keling, bularni birma-bir o‘rganib chiqaylik.
Nasab aloqasi tufayli nikohi harom bo‘lgan ayollar:
«Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari» harom qilindi.
1. Nikohi harom qilingan ayollar toifasi oyati karimada «onalar»dan boshlangan.
«Ona»ga momolar ham kiradi. Ya’ni o‘z onasiga ham, ota-onasining onalariga ham erkakning nikohlanishi haromdir. Buni sharhlashga hojat bo‘lmasa kerak. O‘z onasiga erlik qilish nafaqat insonga, balki vahshiy hayvonlar tabiatiga ham ziddir. Axir, u onasining bir parchasi hisoblanadi.
Buning ustiga, nasab jihatidan yaqin bo‘lgan kishilarning nikohi ikki tomon sog‘lig‘i uchun ham zarar ekani hammaga ma’lum. Ulardan bo‘lgan farzandlar nimjon, kasalmand va nogiron bo‘lib tug‘ilishi aniqlangan.
2. Keyingi toifa «qizlaringiz»dir.
Bunga kishining o‘zidan tarqalgan zurriyotlari, jumladan, nabira qizlari va ulardan keyingi tabaqalar ham kiradi.
O‘z jigargo‘shasi bo‘lmish qizining eri bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rish uchun inson insonlikdan chiqishi kerak! Bu ish insoniy tabiatga mutlaqo zid bo‘lganligi uchun ham Islom shariatida harom qilingan.
3. «Opa-singillaringiz».
Tug‘ishgan bo‘lsa ham, ota bir-u ona boshqa yoki ona bir-u ota boshqa bo‘lsa ham, opa-singillarning nikohlari haromdir.
Avvalo, bularning asllari bir: bir qondan, bir qorinda paydo bo‘lib, bir xil sutdan katta bo‘lganlar. Insoniylik tabiatining o‘zi ularning eru xotin bo‘lishini ko‘tarmaydi. Ularning nikohlaridan keladigan tibbiy zararlardan tashqari, ijtimoiy zararlari ham ko‘p.
Agar mazkur shaxslar orasida nikoh joiz bo‘lsa, ular bir oila a’zolari sifatida birga yashash va insoniy aloqalarda bo‘lish imkoniga ega bo‘lmay qoladilar. Chunki nikohi joiz bo‘lgan erkak-ayol bir joyda turishi, yolg‘iz qolishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Xotin erini uning opa-singillaridan ham qizg‘anadigan bo‘lib qoladi. Bu mulohaza boshqa toifalarga ham joriydir.
4. «Ammalaringiz, xolalaringiz».
Bular bilan ham nasab aloqalari mavjud bo‘lib, bu odamlar ham yuqorida zikr qilingan toifalarga o‘xshashdir. Amma-xolalar, odatda, onaning o‘rniga o‘tadigan, ota va ona tarafning vakillari hisoblanadilar. Ular bilan nikohda bo‘lish, sog‘liq, axloq-odob va qarindoshlik jihatlaridan katta zararlar keltiradi.
5. «Aka‑ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari».
Bular ham nasab tomonidan aloqador bo‘lib, avvalgi zikr qilingan va yana Alloh taoloning O‘zi biladigan boshqa hikmatlar uchun ular orasida nikoh harom qilingan.
Emizish tufayli nikohi harom bo‘lgan ayollar.
6. «emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz»ning nikohi harom qilindi.
Bu jumlada emish orqali nikohi harom bo‘lgan ayollar zikr qilinmoqda. Oyati karimada faqat ikki toifa – emish tufayli aslga aylanganlar, ya’ni – ona bo‘lganlar va ularning shoxobchalari bo‘lmish emikdosh opa‑singillargina zikr qilinmoqda.
Payg‘ambarimiz alayhissalom esa bu borada: «Nasab jihatidan (nikohi) harom bo‘lganlar emish jihatidan ham harom bo‘ladilar», – deganlar. Ya’ni nasab jihatidan qaysi toifadagi ayollarga nikohlanish harom bo‘lsa, sut qardoshlik tufayli ham o‘sha toifalarning nikohi harom bo‘ladi.
Bunday hukmlar ostiga kiradigan emishning sharti shuki, ikki yoshdan kichik bo‘lgan go‘dakning qorniga o‘z onasidan boshqa bir ayolning suti yetib borishi kerak. Ana o‘shanda u ayol bolaning onasiga, eri esa otasiga, bolalari aka‑ukasi va opa-singillariga aylanadilar. Shuningdek, boshqa qarindoshlari ham emgan bolaga xesh bo‘ladilar. Bu hukmning to‘la hikmati Allohning O‘ziga ma’lum. Ammo ba’zi hikmatlari ushbu oyati karima nozil bo‘lganidan bir necha asrlar o‘tib, ma’lum bo‘ldi. Go‘dakning suyagi va eti ona sutidan shakllanar ekan. Bir onaning sutini emib katta bo‘lgan insonlarning fiziologik xususiyatlari bir xil shakllanganligi tufayli ular orasida nikoh aloqasi bo‘lsa, o‘zlariga ham, ulardan bo‘lgan bolalarga ham katta zarar yetadi. Buni musulmonlardan boshqalar endi-endi tushunib kelmoqdalar.
(davomi bor)
"Baxtiyor oila" kitobidan