Valid ibn Abdulmalik
(xalifalik davri: hijriy 86–96; milodiy 705–714)
To‘liq ismi: Valid ibn Abdulmalik ibn Marvon. U rohat-farog‘atda o‘sdi. Til ilmida zaif edi. Xalifalikni otasidan keyin, otasining ahdiga binoan egalladi.
Valid ibn Abdulmalik amalga oshirgan eng muhim ishlar
Valid ibn Abdulmalik xalifalik ishini Damashqdagi katta jome’ masjidni bino qilish bilan boshladi. U bu ishni xalifa bo‘lganida boshlab, xalifalik davri tugaganida oxiriga yetkazdi. Bu ish o‘n yil davom etdi. Mazkur katta jome’ masjid fan va madaniyatning buyuk nishonasiga aylandi.
Shu o‘rinada Buyuk Britaniyada Jon Fozergil (John Fothergill) suratga olgan «Sharq va G‘arb» deb nomlangan yetti bo‘limdan iborat filmning to‘rtinchi qismidan olingan iqtibosni e’tiboringizga havola etishga ijozat bergaysiz.
«Damashq. Shom. Umaviylar masjididan mo‘minlarni namozga chorlab azon aytilmoqda. Kundalik ibodatlar vaqtini belgilovchi bu an’ana 1400 yildan buyon davom etib kelmoqda. Ushbu chorlovga dunyoning eng buyuk dinlaridan biri bo‘lmish Islom ahli «labbay» deb javob beradi. Bu javob hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam risolatining abadiy barhayotligini tasdiqlaydi. Ayni paytda bu Islomdagi boshqa bir ta’limotning – kashfiyot va ilmiy tadqiqotlarga intilish, ilmga bo‘lgan chanqoqlik an’anasining ham tasdig‘idir.
Bu – o‘rta asr Islomining tamaddun tarixiga qo‘shgan, biroq unutilgan ulkan hissasi haqidagi hikoyadir. Yevropa tarixining zulmatga cho‘milgan davrida musulmonlar borliq haqidagi tushunchalarni umumlashtirdilar, ta’lim muassasalariga asos soldilar va zamonaviy ilm-fan poydevorini qurdilar...
Yaqin Sharqda zulmat asrlari bo‘lmagan. Rimliklar bu yerda uzoq tamaddunlar tarixining kichik bir nuqtasi, xolos. Sharqiy Rim imperiyasi o‘z o‘rnini arab sahrosidan kelgan yangi kuchga bo‘shatib bergan.
Fotihlar o‘zlari bilan yangi dinni – Islom dinini olib kelishdi. Xalifalar bir asr mobaynida Damashqda Qadimiy Rimdan afzal bo‘lgan saltanat hukmdorlariga aylanishdi. Yangi Islom dunyosining hududi Hindistondan Ispaniyaning g‘arbiy sohillarigacha yetib bordi. Rimga bostirib kirgan qabilalardan farqli o‘laroq bu fotihlarni johil varvarlar deb atash mumkin emas edi. Damashqda hatto binolar ham, bor madaniyatni vayron qilish emas, balki taraqqiyotni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan davlatning tarixidan ajib hikoyalar so‘zlaydi.
706 yilda arab dunyosidagi eng birinchi va eng katta masjid qurilishi boshlandi. U dunyodagi eng ko‘hna qadamjolardan biriga aylangan bino edi. Uch ming yil muqaddam bu yerda Haddod nomli ilohga sig‘inib, unga atab qurbonliklar qilishardi. I asrda bu yerda Damashq Yupiterining ulkan ehromi turardi. IV asrda u Yuhanno Ma’madonning (Cho‘qintiruvchi Ioann) maqbarasiga aylantirildi. VIII asrga kelib esa bu yerda Islom xalifaligining eng katta masjidi qurildi.
Umaviylar masjidi Islom tamaddun tarixining tarkibiy qismi ekanidan dalolat beradi. Yangi mozaikalar va minoralar nasroniy ustalar tomonidan eski bazilika va majusiylar ehromiga monand qilib qurilgan edi.
Atrofimizdagi me’morchilik obidalari xalifalarning bu yerdagi qadimiy narsalarni buzmaganini, balki ular asosida yanada go‘zal va betakror imoratlar qurganini isbotlaydi. Ular ilm-ma’rifat sohasida ham ana shunday kamolot sari intilar edilar.
Ushbu din moziydagi bilimlarni ehtirom qilish va ularni rivojlantirish uchun o‘z asoslariga egadir. Musulmonlar har kuni muayyan vaqtlarda besh mahal namoz o‘qib, ibodat qiladilar. Shuning uchun bu din o‘zining ilk kunlaridanoq vaqtni aniq hisoblash juda muhim ahamiyatga ega ekanini isbot etgan...» (Iqtibos tugadi)
Birinchi shifoxona umaviylar sulolasining vakili Valid ibn Abdulmalik davrida, milodiy 707 yilda qurilgan. Uning barcha sarf-xarajatlari davlat hisobidan bo‘lgan. Bemorlar bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanganlar.
Shuningdek, Valid ibn Abdulmalik Quddusi sharifdagi xarsangtosh ustiga qubba qurdirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarini kengaytirdi. U juda ko‘p ta’mir va me’morchilik ishlarini amalga oshirdi.
Valid ibn Abdulmalik davridagi vaziyat
Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Islom olamidagi barcha viloyatlarda sokinlik, kengchilik, farovonlik, tinchlik-omonlik va barqarorlik hukm surdi. Xavorijlarning ishlari zaiflikka yuz tutdi. Bu davrda jiddiy salbiy harakatlar bo‘lmadi.
Fathlar
Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida juda katta va ulug‘ fathlar amalga oshirildi. Fath ishlari har tarafga kengayib bordi, sharqu g‘arb, Andalus, Fransiya yerlarida fathlar bo‘ldi.
Farbiy jabha
Rum yurtlarida qo‘mondon Maslama ibn Abdulmalik Anqaragacha yetib bordi. Hijriy 89 (milodiy 708) yilda Hiraqla (Irakliya) nomli joyni ham fath qildi. Musulmonlar Qustantiniya ko‘rfaziga yetib borishdi. Ozarboyjonni ham fath qilishga urinishdi. U yerliklar ahdlarida turmaydigan aholi bo‘lib chiqdi. Hijriy 93 (milodiy 712) yilda bu joylarda fath ishlari va g‘azotlar ko‘paydi.
Hijriy 89 (milodiy 708) yilda musulmonlar O‘rta yer dengizida Siqilliya (Sitsiliya) va Miyruqa orollarini fath qildilar. Afrikada esa Muso ibn Nusayr o‘zining fathlarini yana ham mustahkamladi, barbarlar orasida Islom dinini tarqatishda ko‘pgina ishlarni amalga oshirdi.
Andalusning fath qilinishi
Qo‘mondon Muso ibn Nusayr bo‘g‘ozdan kechib o‘tib, Yevropa yurtlarida Islomni tarqatishga, u yerlarni ham Islom davlati qatoriga qo‘shishga ahd qildi. U o‘zining barbar millatiga mansub lashkarboshisi Toriq ibn Ziyodni dengizdan o‘tib, Andalusga borish uchun yubordi. Rivoyat qilishlaricha, Toriq ibn Ziyod bo‘g‘ozdan o‘tib bo‘lgandan keyin askarlari orqaga qaytish yoki qochishni hayollariga ham keltirmasliklari uchun o‘zlari minib o‘tgan barcha kemalarni yondirib yuborgan va mashhur ma’ruzasini so‘zlagan. Unda: «Ey odamlar, qochar yer qayda, orqangizda (dushman misoli) dengiz, oldingizda (dengizdek) dushman bor. Sizlarga endi sadoqat va sabr-matonatdan boshqa hech narsa qolmadi», degan.
U ko‘p urushlarda qatnashdi va Islom dinini tarqatishga harakat qildi. Hijriy 92 (milodiy 711) yilda esa An¬dalusni fath qildi.
Toriq va Muso Jabali Baronisgacha yetib borib, u yergacha bo‘lgan barcha mintaqalarni Islom davlati hududiga qo‘shishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ispaniyada avvallari Golldan kelgan keltlar hamda kelib chiqishi unchalik ma’lum bo‘lmagan iber va ligur nomli xalqlar istiqomat qilib kelardi. Keyinchalik ushbu yerlar finikiyaliklar, yunonliklar va karfagenliklarning mustamlakasiga aylantirildi. Ikkinchi punliklar[1] urushidan keyin hudud rimliklar qo‘liga o‘tdi. Ular Ispaniyada V asrgacha hukmronlik qilishdi. Xuddi Rim kabi Ispaniya ham inqirozga uchrashi kerak edi. Shimoldan kelgan vandallar, alenlar, suyevlar va boshqa shu kabi olmon qabilalari Gollni vayron qilgandan so‘ng mamlakatga bostirib kirishdi. Ammo ular ham keyin kelgan istilochilar – vizigotlar tomonidan mag‘lubiyatga uchradilar. Bular Ispaniyani VIII asrda zabt etib, to musulmonlar kelgunicha to‘laqonli hukmdor bo‘lib turdilar. Ijtimoiy tabaqalanish, doimiy mojarolar, o‘zaro janjallar, harbiy no‘noqlik, yerga ishlov berish nafaqat asosiy mashg‘uloti, balki milliy xususiyati bo‘lgan qishloq aholisining loqaydligi – musulmonlar kelishidan oldin vizigotlar hukmronligining xususiyatlari shulardan iborat edi. Davlatni ichdan buzayotgan raqobat shu darajada kuchli ediki, hatto o‘sha davrning ikki obro‘li shaxsi – graf Yulian va Sevilya yepiskopi fotihlar kelishini ma’qulladilar.
Mazkur fath esa Arabistondan to Atlantika okeanigacha dovyurak va qo‘rqmas amir Toriq ibn Ziyod boshchiligida butun Shimoliy Afrikani shiddat bilan bosib o‘tgan musulmonlar milodiy 711 yilda Shimoliy Afrikani Yevropadan ajratib turuvchi bo‘g‘ozni kesib o‘tib, Ispaniyaning janubiga kelib tushganlarida boshlandi. O‘sha paytdan buyon ushbu bo‘g‘oz afsonaviy amirning ismi bilan, ya’ni «Gibraltar» deya atalib kelmoqda. Bu arab tilidagi «Jabalu Toriq» – «Toriq tog‘i» iborasining buzilgan shaklidir.
Barbarlar Afrikasini fath etish uchun arablar ellik yil sarfladilar, nasroniylar Ispaniyasini zabt etish uchun esa bir necha oy kifoya qildi. Ilk yirik jang gottlar qirolligining taqdirini hal etdi. Bu jangda Sevilya yepiskopi musulmonlar tarafida chiqdi. Qirol ham, Ispaniyaning o‘zi ham bir kunda tor-mor qilindi. Musul¬monlar qo‘shinining amiri Toriq ibn Ziyod bunday tezkor g‘alabadan taajjublandi. Afrikani fath etish qanchalik uzoq cho‘zilgani uning yodida bo‘lib, u yevropaliklarda ham xuddi barbarlardagi kabi dovyuraklik va mustaqillikka intilish bo‘ladi, deb o‘ylagan edi. Toriq ibn Ziyod yigirma ming askardan (ulardan sakkiz mingi barbarlar edi) iborat qo‘shin bilan fathini davom ettirish uchun ushbu mamlakatga kirib keldi.
Mamlakat juda tez sur’atlar bilan fath qilindi. Fotihlar oldida eng yirik shaharlar o‘z darvozalarini ochar edi. Kordoba, Malaga, Grenada, Toledo va boshqalar deyarli qarshiliksiz taslim bo‘ldilar. Nasroniylar poytaxti bo‘lmish Toledoda arablar yigirma besh nafar gottlarning qirollariga tegishli tojlarni topdilar.
Fotihlarning Ispaniya aholisiga bo‘lgan munosabati barcha fath etilgan mamlakatlarning xalqlariga bo‘lgan munosabat kabi odilona edi. Musulmonlar mahalliy aholiga ularning mulklarini, cherkovlarini, qonunlarini, o‘z hakamlari tomonidan hukm qilinish huquqini qoldirdilar. Ularga faqat jizya to‘lashni shart qilib qo‘ydilar. Jizya yillik soliq bo‘lib, zodagonlar uchun 15 frank (bir dinordan ortiqroq), oddiy xalq uchun esa yarim dinor miqdorida belgilangan edi. Mazkur shartlar aholiga shu darajada yengil tuyulgan ediki, ular bu shartni hech bir noroziliksiz qabul qildilar.
Atigi ikki yildan so‘ng Ispaniya to‘liqligicha musulmonlarga bo‘ysundi. Ya’ni musulmonlar Iberiya yarimoroliga ilk bor 711 yilda kelgan bo‘lsalar, 713 yilga kelib uni deyarli to‘liq fath qildilar. Bu fath asosan tinch yo‘l bilan amalga oshirildi. Bunga alohida viloyat va shaharlarning hokimlari bilan kelishuv orqali erishilgan bo‘lib, yuqorida aytib o‘tilganidek, ular o‘zlarini xalifaning fuqarolari sifatida tan olish evaziga nafaqat o‘z yerlari va mulklarini, balki nasroniylikka e’tiqod qilish huquqini ham saqlab qolishdi. Fotihlar diniy bag‘rikengliklari bilan aholining ko‘p qismini o‘zlariga jalb etdilar. Shu o‘rinda aytish lozimki, nasroniylarga mamlakatni qayta zabt etish uchun sakkiz asr kerak bo‘ldi.
Taniqli fransuz faylasufi, sayyoh, arxeolog, tabib va ijtimoiy psixologiya asoschisi Gyustav Lebon (Gustav Le Bon) «Arablar tamadduni» nomli kitobida jumladan quyidagi fikrni bildirgan:
«Ispaniyani zabt etganidan so‘ng Toriq Suriyaga Goll va Olmoniya orqali qaytmoqchi, ortga qaytish yo‘lida esa Qustantiniyani ham fath etib, butun «ko‘hna dunyo»ni[2] Qur’onga bo‘ysundirmoqchi edi. Ushbu rejani amalga oshirishida unga Damashqqa qaytib kelishni buyurgan xalifa halal berdi. Barchasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi: butun Yevropa Muhammadning diniga kirar va barcha madaniyatli xalqlarning diniy birligi tarkib topar edi. Bu esa, ehtimol, butun Yevropaga arablar tufayli ba’zi davlatlarga noma’lum bo‘lgan o‘rta asrlar davrini chetlab o‘tish imkonini berar edi».
Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur kitob 1884 yilda nashr etilgan bo‘lib, u arablarning islomiy madaniyati hamda uning jahonning boshqa madaniyatlariga ta’sirining fundamental tarixiy-madaniy tahlilini o‘z ichiga olgan.
Lebonning ushbu kitobidagi alohida urg‘u berish lozim bo‘lgan markaziy fikrlaridan biri quyidagicha: aynan musulmonlar Yevropa fani, falsafasi va butun madaniy sohasining ustozlari bo‘lishgan va bu jarayonda musulmonlarning madaniyati yordamida yarimyovvoyi o‘rta asrlar Yevropasi Uyg‘onish davrining madaniy asrlariga chiqib oldi. Bugungi Yevropa o‘zining rivoji uchun aynan musulmonlar oldida qarzdor. Lebonning yozishicha, arablar boshqa xalqlar va madaniyatlarga o‘z madaniyatlari ko‘lamida ta’sir qilgan bo‘lsalar, Yevropaga ular asosan o‘zlarining aniq fanlar, tarix va falsafa kabi sohalardagi ilmiy yutuqlari bilan ta’sir ko‘rsatdilar.
Aytishlaricha, musulmonlar fath etilgan mamlakatni Nuh alayhissalomning afsonaviy avlodi – Andalus ibn Tubalning nomi bilan ataganlar. Ishonarli dalillarga ega bo‘lgan rivoyatga ko‘ra esa, arablar Mag‘ribda ekanliklarida mahalliy barbarlardan dengiz ortida vandallar mamlakati (arab tilida «Biladul vandalus») borligini eshitganlar, chunki vandallar Gibraltar bo‘g‘ozi orqali Mag‘ribga o‘tib, jang qilishgan.
Musulmonlar hukmronligining ilk o‘n yilliklaridayoq mahalliy aholining ommaviy ravishda Islomga kirishi kuzatilgan. Savdogarlar va hunarmandlar, dehqonlar va qullar (jumladan, vestgotlar tomonidan asir olingan o‘zga yurtliklar ham) Islomni qabul qilar edilar. Ular uchun bu shaxsiy ozodlik, xususiy mulkka egalik qilish va uni erkin tasarruf etish huquqini berardi. Shuningdek, ko‘pgina vestgot zodagonlari ham Islomni qabul qilishardi. Ulardan eng mashhurlari Banu Qasi – Saragosa hokimlari sulolasi bo‘lib, ular 880–917 yillarda Andalusning janubi-sharqida mustaqil isyonkor qirollik tuzishgan.
Keyingi mavzular:
Sharqiy jabha;
Turk yurtlari.
[1] Ikkinchi punlar urushi – shuningdek, «Gannibalga qarshi urush» deb ham nomlangan (rimliklar tomonidan), Karfagen va Rim o‘rtasidagi O‘rta yer dengizi hududida hukmronlik uchun olib borilgan urush. Rimliklar karfagenliklarni punlar (Poeni) deb ataganlari uchun shunday nomlanadi.
[2] Ko‘hna dunyo – ya’ni Yevropa
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi