Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ صَخْرٍ الْغَامِدِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اللَّهُمَّ بَارِكْ لِأُمَّتِي فِي بُكُورِهَا، قَالَ: وَكَانَ إِذَا بَعَثَ سَرِيَّةً أَوْ جَيْشًا بَعَثَهُمْ أَوَّلَ النَّهَارِ، وَكَانَ صَخْرٌ رَجُلًا تَاجِرًا، وَكَانَ إِذَا بَعَثَ تِجَارَةً بَعَثَ أَوَّلَ النَّهَارِ فَأَثْرَى وَكَثُرَ مَالُهُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ. وَاللهُ أَعْلَمُ.
Soxr al-G‘omidiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! Ummatimga saharini barakali qilgin!» dedilar.
U zot lashkar yoki «sariyya» yuboradigan bo‘lsalar, erta tongda yuborar edilar.
Soxr tojir odam edi. Qachon tijorat (karvoni) yuboradigan bo‘lsa, erta tongda yuborar edi. U boy bo‘lib, moli ko‘payib ketdi».
Termiziy rivoyat qildi va hasan, dedi. Alloh bilguvchiroqdir.
Saharxezlik yaxshi va barakali ekanligi, bu ishga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari ketganligi va ayniqsa, tijorat ishida tajribadan o‘tganligi ta’kidlab aytilmoqda.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari oralarida bo‘lmagan musulmon jangchilarning guruhi «sariyya» deb atalgan. Hatto lashkar ham erta tongda harakatga kirishsa, unga zafar yor bo‘lar ekan.
Ushbu hadisning roviysi Soxr al-G‘omidiy o‘zlari rivoyat qilgan hadisga og‘ishmay amal qilganlari tufayli boyib ketgan ekanlar.
Har bir narsada erta sahardan harakat qilish juda ham foydali va barakotlidir. Chunki bunga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari ketgan. Tajriba ham shuni ko‘rsatadi. Nima ish qiladigan bo‘lsak, erta sahardan boshlashga odatlanishimiz kerak. O‘z mehnati bilan rizqu ro‘z topish Islom ummatining eng yaxshi avlodi – sahobai kiromlarning, eng ko‘zga ko‘ringan siymolarning odatlari edi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalari o‘zlariga o‘zlari xizmatchi edilar. Ularning hidlari chiqib ketar edi. G‘usl qilib olsalaringiz, deb aytildi», deganlar.
Ya’ni, sahobai kiromlar tijorat, ziroat va sanoatda kuyib-pishib ishlaganlaridan terlab, ularda noxush hidlar paydo bo‘lar ekan. Shuning uchun ularga g‘usl qilib olish tavsiya qilingan ekan.
Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda quyidagilar aytiladi: «Abdurrahmon ibn Avf Madinaga kelganida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam uni Sa’d ibn Robi’ al-Ansoriy bilan birodar qilib qo‘ydilar. Sa’d boy odam edi. U Abdurrahmonga «Senga molimning yarmini beraman, seni uylab qo‘yaman», dedi. U esa: «Alloh sening ahlingga ham, molingga ham baraka bersin. Menga bozorni ko‘rsatib qo‘yinglar», dedi.
U o‘sha yerdan ahli bayti uchun qurut va sariyog‘ orttirib keldi. Bir oz (yoki Alloh xohlaganicha) vaqt o‘tganidan keyin u ustida sariq bo‘yoq bilan keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga:
«Bu qayerdan?!» dedilar.
«Ey Allohning Rasuli, ansoriylardan bir ayolga uylandim», dedi.
«Unga nima taqdim qilding?» dedilar.
«Bir danak tillo (yoki bir danak vaznicha tillo)», dedi.
«Bitta qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qil», dedilar».
Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu Sa’d ibn Robi’ roziyallohu anhuning mol-mulkini olib, u uylab qo‘ygan ayol bilan rohatda yashasalar bo‘lar edi. Lekin bunday qilmadilar. O‘z kasblari bilan hayot kechirishni afzal ko‘rdilar. Shunday bo‘ldi ham.
Kasb qilishdan murod rizq topishdir. Rizq topishga harakat qilgan har bir odam iloji boricha oson yo‘l bilan ko‘proq rizq topishni xohlaydi. Har bir odam ham rizqi keng va mo‘l bo‘lishini istaydi. Xo‘sh, bu orzuga erishishning yo‘li qanday?
Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«Kim rizqining keng bo‘lishidan yoki umrining uzoq bo‘lishidan xursand bo‘lsa, silai rahm qilsin», deganlar.
Demak, ota-onaga, qarindosh-urug‘larga yaxshilik qilish lozim ekan.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Islom dini adolat va halollik ustiga qurilgan. Jamiyatda adolat mezonlarini buzuvchi, insonlar haqqini poymol qiluvchi eng xatarli illatlardan biri bu — korrupsiya (fasod) va poraxo‘rlik (rishvat) dir.
Pora — La’natga , yurtni inkirozga olib boruvchi va odamlar orasidagi adovatga sabab bo‘luvchi amaldir.
Dinimizda birovning haqqini nohaq yo‘l bilan yeyish qat’iyan man etilgan. Pora berish va olish Allohning rahmatidan uzoqlashishga olib keladi.
Hadisi sharifda shunday deyiladi:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رضي الله عنهما قَالَ: لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّاشِيَ وَالْمُرْتَشِيَ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natladilar" (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)
La’nat — bu Allohning rahmatidan quvilish demakdir. Bu illat bilan shug‘ullanuvchi kimsa nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham rasvolikka yuz tutadi.
Botil yo‘l bilan mol yeyishning haromligi
Korrupsiya orqali topilgan mablag‘ — harom luqmadir. Qur’oni karimda insonlar bir-birlarining mollarini nohaq o‘zlashtirishidan qaytarib shunday deyiladi:
وَلَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ وَتُدْلُوا بِهَا إِلَى الْحُكَّامِ لِتَأْكُلُوا فَرِيقًا مِنْ أَمْوَالِ النَّاسِ بِالْإِثْمِ وَأَنْتُمْ تَعْلَمُونَ.
"Mollaringizni oralaringizda botil yo‘l bilan yemang. Va bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyishingiz uchun uni hukkamolarga (pora qilib) tutmang" (Baqara surasi, 188-oyat).
Davlat mulkiga xiyonat (G‘ulul)
Korrupsiyaning eng yomon ko‘rinishlaridan biri — bu mansabni suiiste’mol qilish va davlat (xalq) mulkini talon-toroj qilishdir. Bu islom huquqida «g‘ulul» deb ataladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytganlar:
مَنِ اسْتَعْمَلْنَاهُ عَلَى عَمَلٍ فَرَزَقْنَاهُ رِزْقًا فَمَا أَخَذَ بَعْدَ ذَلِكَ فَهُوَ غُلُولٌ
"Biz kimni bir ishga tayinlasak va unga maosh belgilasak, u o‘sha maoshdan tashqari nima olsa, bu xiyonat (g‘ulul)dir".
Poraxo‘rlikning jamiyatga yetkazadigan zararlari:
Adolatsizlik: Layoqatli insonlar qolib, poraxo‘rlar yuqoriga chiqadi, bu esa iqtidorlarning so‘nishiga olib keladi.
Barakaning uchishi: Harom aralashgan jamiyatda xotirjamlik, tinchlik va rizq barakasi bo‘lmaydi.
Zulm: Kambag‘al va haqdor insonlarning huquqlari puldorlar tomonidan poymol bo‘ladi.
Duoning ijobat bo‘lmasligi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam harom luqma yegan insonning duosi qabul bo‘lmasligi haqida ogohlantirganlar.
Xulosa
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va omillarini bartaraf etish hamda aholining huquqiy ongini yuksaltirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni joriy etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish kabi chora-tadbirlar korrupsiya xavfini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Poraxo‘rlik faqat bir shaxs yoki tashkilotga emas, balki butun jamiyatga zarar keltiradi. U ishonch muhitini zaiflashtiradi, halol mehnat va adolat tamoyillariga putur yetkazadi. Shu bois har bir fuqaro korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lishi, qonunlarga rioya qilishi va jamiyatda halollik qadriyatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shishi zarur.
Pora va korrupsiya nafaqat qonunbuzarlik, balki katta ma’naviy jinoyatdir. Musulmon kishi o‘z mehnati, halol kasbi va taqvosi bilan yashashi lozim. Zero, harom bilan to‘plangan boylik do‘zax oloviga otuvchi vositadir.
Poklik va halollik - iymon belgisi.
Saydullo Yaminov,
Mingbulok tumani “Mulla Nazar Oxun” jome masjidi noib imomi