Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, (Allohning) O‘zi unga Yetarlidir. Albatta, Alloh O‘zi (xohlagan) ishiga Yetuvchidir. Darhaqiqat, Alloh barcha narsa uchun miqdor-o‘lchov qilib qo‘ygandir” (Taloq, 3).
Ushbu oyatda, agar bandalar Allohga tavakkul qilsalar, U Zot ularning ishlari mukammal bo‘lishi uchun kafil bo‘lishi, tavakkul qilganlar uchun Alloh kifoya ekani, U Zot xohlagan ishini bajara olishi va har bir narsani o‘ta aniq qilib belgilab qo‘ygani aytilmoqda.
Tavakkulning asl ma’nosi “o‘zini Allohga topshirish”dir. G‘azzoliy tavakkulni: “Qalbning Yolg‘iz Vakil – Allohga suyanishidan iboratdir”, deb tushuntirgan.
Alloma Munoviy esa: “Tavakkul bandaning ojiz ekanini izhor qilib, tavakkul qilinadigan Zotga ishonishidir”, degan.
Tasavvuf ahlining nazdida tavakkul “odamlar qo‘lidagi narsaga suyanmasdan, faqat Alloh dargohidagi narsaga ishonish”dir. Mulla Ali Qori Allohga haqiqiy tavakkul qilishni quyidagicha tushuntiradi: “Tavakkul borliqda Allohdan boshqa amalga oshiruvchi zot yo‘q ekani, yaratish va rizq berish, ato qilish va man etish, zarar va foyda, kambag‘allik va boylik, kasallik va salomatlik, o‘lim va hayot hamda boshqa barcha narsalar Alloh taolodan ekaniga hech shubhasiz aniq ishonishdir” (“Mirqotul mafotiyh”).
Tavakkul qalb ishidir. Unda qalb butunlay Allohga topshiriladi. Ishlarning oqibati U Zotga havola qilinadi. Ayniqsa, rizq topishda tavakkulning ahamiyati beqiyosdir. Rizq talabidagi tavakkul “rizqni faqat Alloh berishiga aniq ishongan holda o‘sha rizq keladigan sabablarni harakatga keltirish”dir.
– Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganlaringizda edi, xuddi qorni och holda ketib, to‘ygan holda qaytib keladigan qush kabi rizqlantirilgan bo‘lar edingiz!” (Termiziy, Nasoiy, imom Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).
Ushbu hadisda rizq topishdagi tavakkulning asl mohiyati ochiq-oydin ifodalanmoqda.
Ya’ni: agar sizlar Allohga haqiqiy tavakkul qilganlaringizda, Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekaniga imon keltirib, U Zot rizq berishi, xohlagan maxluqotiga berib, xohlaganidan man qilishiga ishongan holda chiroyli suratda va halol yo‘l bilan rizq talabida bo‘lganlaringizda, xuddi ertalab qorni och holda chiqib, kechasi to‘q bo‘lib qaytadigan qush kabi rizqlantirilgan bo‘lar edingiz.
Bu yerda bandalar rizq topishda doim ham Allohga tavakkul qilishni o‘rniga qo‘ya olmasliklari aytilib, tavakkulning foydasini tushuntirish uchun qushni misol qilib keltirilmoqda.
Haqiqatan, qushlarning holatiga ibrat nazari bilan qarasak, buning asl haqiqatini anglab yetamiz. Erta tongda rizq talabida yo‘lga chiqqan qushlarning qorni och bo‘ladi. Shu bilan birga ularning oldindan tayyorlab qo‘ygan rizq manbalari ham, ko‘z ostiga olib qo‘ygan o‘ljalari ham, zaxiralari ham bo‘lmaydi. Lekin ularda harakat va rizq topishga ishonch bo‘ladi. Demak, bandalar ham Allohga tavakkul qilishni o‘rniga qo‘ya bilsalar, o‘zlari o‘ylamagan va xayollariga kelmagan tomondan rizqlanar ekanlar.
Odatda, inson ertangi va undan keyingi kunlarda iste’mol qiladigan narsalarini oldindan tayyorlab qo‘yadi. Bu haolatni yana chumoli va sichqonlarda ham ko‘rish mumkin. Lekin inson Allohga haqiqiy tavakkul qila olganida, ertalab turganida yeyishga hech narsasi bo‘lmagan taqdirda ham, Alloh uni munosib tarzda rizqlantirgan bo‘lar edi.
Ushbu hadisning yana bir diqqatga molik jihati bor. Bu ham bo‘lsa, tavakkul va harakat masalasidir. Aslida kasb insonni rizqlantirmaydi, Alloh rizqlantiradi. Ammo tavakkul va harakat birlashsagina ko‘zlangan maqsad hosil bo‘ladi. Zero, hadisda bizlar uchun misol qilib keltirilayotgan qush ham harakat va intilish bilan qorin to‘yg‘azadi. Shu ma’noda Ahmad aytadi: “Ushbu hadis kasbni tark qilishga emas, balki rizq talabida harakat qilishga targ‘ib qiladi. Agar bandalar har bir holatda – yurganda, turganda va boshqa tasarruflarida Allohga tavakkul qilib, barcha yaxshilik faqat U Zotning qo‘lida ekanini bilganlarida edi, xuddi qushlar kabi salomat holda rizqlantirilgan holda qaytgan bo‘lar edilar. Ammo insonning o‘z zahirasi va kasbiga suyanishi tavakkulga zid emas”. Abu Bakr Varroq aytadi: “Alloh bandalari rizqini ta’minlab qo‘ygan. Endi bandalari ham Allohga tavakkulni ta’min etishlari lozim”.
Shayx Abu Homid bunday degan: “Kishilar tavakkulni badan bilan kasbni va qalb bilan tadbir qilishni tark qilib, xuddi otib yuborilgan eski lattaga o‘xshab yerga yotib olish, deb o‘ylashlari mumkin. Bu johillarning fikridir! Bu shariatga xilofdir. Shariatda tavakkul qiluvchilar maqtaladi. Endi Shariat qaytargan narsadan qaytmay turib, qanday qilib yuksak maqomga erishish mumkin? Balki haqiqat shuki, bandaning qalbi bilan qilgan tavakkulining ta’siri uning maqsadga erishishdagi harakati, intilishi va amallarida ko‘rinadi”.
Imom Abulqosim Qushayriy aytadi: “Bilginki, tavakkulning o‘rni qalbdir. Bas, banda rizq Allohdan ekanini bilganidan so‘ng qalbi bilan tavakkul qilgach, badani bilan harakat qilishi bir-biriga qarshi emas. Agar biron narsa qiyinlashsa, bas, Allohning taqdiri bilandir. Agar biron narsa yengillashsa, U Zotning yengillatishi bilandir”.
Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Tuyamni bog‘lab tavakkul qilaymi yoki qo‘yib yuborib so‘ng tavakkul qilaymi?” deb so‘raganida, u zot: “Uni bog‘lagin-da, so‘ng tavakkul qilgin!” deb aytganlar (Shu ma’nodagi hadisni Ibn Hibbon, Hokim va Quzo’iylar rivoyat qilishgan).
– Muoviya ibn Qurra aytadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir qavm oldidan o‘ta turib: “Sizlar kimsizlar?” deb so‘radi. Ular: “Tavakkul qilguvchilarmiz”, deyishdi. Shunda (Umar ibn Xattob roziyallohu anhu): “Sizlar ta’akkul qiluvchisizlar (ya’ni, tayyor narsani yeb yotuvchi tekinxo‘rsizlar). Zero,(Allohga) tavakkul qilgan kishi, avval yerga urug‘ sepadi, so‘ngra Rabbiga tavakkul qiladi”, dedi” (Hakim Termiziy “Navodirul usul”da rivoyat qilgan).
Hakim Termiziy “Navodirul usul”da keltirgan boshqa rivoyatda Umar ibn Xattob Yamanlik kishilarni uchratgani aytilgan. O‘sha qavm sabablarni axtarmay, harakat qilmay, bizga rizqni Allohning O‘zi beradi, deb e’tiqod qilganlarini ko‘rib, ularni “tekinxo‘rlar”, deb atamoqda va shundan so‘ng haqiqiy tavakkul qanday bo‘lishini ta’lim bermoqda.
“Jome’ul ’ulumi va hikam” asarida bunday deyilgan: “Bilginki, tavakkulning samarasi qazoga (taqdirga) rozi bo‘lishdir. Kimki ishlarini Allohga topshirib, U Zot hukm qilgan, xohlagan narsaga rozi bo‘lsa, Allohga haqiqiy tavakkul qilgan bo‘ladi. Shu sabab ham Hasan Basriy, Fuzayl ibn Iyoz va boshqalar Allohga tavakkul qilishni U Zotning qazoi qadariga rozi bo‘lishdir, deb izohlashgan”.
Ibn Abu Dunyo aytadi: “Menga ba’zi hakimlarning shunday deganlari yetib keldi: tavakkul uch darajaga bo‘linadi. Birinchisi – shikoyatni tark etish. Ikkinchisi – rozilik. Uchinchisi muhabbatdir. Shikoyatni tark etish sabr darajasi. Rozilik Alloh taqsim qilgan rizq bilan qalbning sokin bo‘lishidir. Bu avvalgisidan ko‘ra yuqoriroq darajaga ega. Muhabbat esa Alloh o‘ziga nisbatan qilgan tadbiri tufayli U Zotni yaxshi ko‘rishdir. Birinchi daraja zohidlarniki va ikkinchisi sodiqlarnikidir. Uchinchisi payg‘ambarlarning darajasidir”.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mo‘min banda rizq talabida, tirikchilik yo‘lida bor imkoniyatlarni ishga solib, Yolg‘iz Allohga tavakkul qilgan holda jiddu jahd qilishi lozim. Ammo shuni bilsinki, u faqat harakat qilgani va intilgani uchungina rizqlanayotgani yo‘q. Chunonchi, rizq Alloh taolo tarafidan kelishini unutmasin!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi