Cavol: Men makulatura sotish bilan shug‘ullanaman. Gohida ushbu qog‘ozlar orasidan eskirgan Qur’on varaqlari va boshqa diniy yozuvi bor qog‘ozlar ham chiqib qoladi. Ularni nima qilsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ma’lumki, dinimizda Alloh taoloning kalomi hamda go‘zal ismlari yozilgan qog‘oz va boshqa narsalarni xorlash yoki behurmat qilishdan qaytarilgan, aksincha ularni e’zoz va ehtirom qilishga buyurilgan. Shuning uchun, bunday muqaddas bitikli qog‘ozlarni makulaturaga topshirish mutlaqo yaramaydi.
Alloh taolo bu haqida bunday xitob qiladi:
ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ
“Gap shudir: Kimki Allohning shiorlarini ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat).
Demak, oyat va hadislar yozilgan kitob yoki varaqlar o‘qish uchun yaroqli bo‘lsa, ularni hech bir yo‘l bilan yo‘q qilish joiz bo‘lmaydi, balki ularni foydalanadigan kishilarga topshirish lozim.
Ammo ular eskirib, o‘qishga yaroqsiz holatga kelib qolgan bo‘lsa, ularni toza bir lattaga o‘rab, oyoq osti qilinmaydigan yerga ko‘miladi. Bu haqda Alloma Haskafiy rohimahulloh aytadilar: “Foydalanib bo‘lmaydigan kitoblardan Alloh taoloning farishtalar va Payg‘ambarlarning ismi o‘chiriladi va yoqib yuboriladi. O‘chirmasdan turib ham oqar suvga oqizib yuborishning zarari yo‘q. Ko‘mish ham mumkin. Ko‘mish eng afzal yo‘ldir. Zero, Anbiyolar ham dafn etilganlar” (“Durrul muxtor” kitobi).
Demak, sizning qo‘lingizga kelib tushgan muqaddas yozuvli varaqlarni imkoni bo‘lsa, ko‘miladi yoki yoqiladi. Agar bu ish mashaqqat tug‘dirsa, maxsus vositalar yordamida yozuvlarini ketkazib, qayta ishlash mumkin.
Hozirga kelib esa, qog‘ozlardagi har qanday yozuvlarni ketkiza oladigan maxsus vositalar ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, zamonaviy fatvo markazlari yozuv va harflari to‘liq o‘chirilgan va maxsus ishlov berilgan qog‘ozlarni qaytadan foydalanish mumkinligiga fatvo bermoqdalar. Buning sababi ulardagi oyat va hadis hamda boshqa diniy yozuvlardan asar qolmaganidir.
Bu haqda Alloma Ibn Nujaym rohimahulloh bunday deganlar: "Qur’on yozilgan lavh (doska, taxta)ni o‘chirib, uni dunyo ishiga ishlatsa, joizdir" ("Al-Bahr ar-Roiq" kitobi).
Bundan tashqari oldingi vaqtlarda qog‘oz va kitoblar kam bo‘lgani uchun, ularni yerga ko‘mish mashaqqat emas edi. Hozirda esa, ularning hajm va miqdori ko‘paygani sababli bu miqdordagi kitob va qog‘ozlarni ko‘mish katta mashaqqat va sarf-xarajat talab qiladi. Dinimiz esa, mashaqqatga buyurmaydi.
Shu bilan birga ularni ko‘mib yuborilsa, hech kim foydalana olmaydi. Ammo ularni qayta ishlab qog‘oz holiga keltirilsa, qaytadan foydalanish mumkin. Biroq, shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu amaliyot jarayonida mus'haf yoki oyat yozilgan qog‘ozlarni ushlashda ularning hurmatini joyiga qo‘yish, tahoratli yoki qo‘lqopli bo‘lish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?
Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!
"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?
Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.
Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).
Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).
"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).
"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).
"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).
Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?
Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).
Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.
Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".
Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).
Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.
Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV