Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Makulaturaga topshirilgan Qur’on va diniy kitoblarning hukmi

27.11.2024   4123   3 min.
Makulaturaga topshirilgan Qur’on va diniy kitoblarning hukmi

Cavol: Men makulatura sotish bilan shug‘ullanaman. Gohida ushbu qog‘ozlar orasidan eskirgan Qur’on varaqlari va boshqa diniy yozuvi bor qog‘ozlar ham chiqib qoladi.  Ularni nima qilsam bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ma’lumki, dinimizda Alloh taoloning kalomi hamda go‘zal ismlari yozilgan qog‘oz va boshqa narsalarni xorlash yoki behurmat qilishdan qaytarilgan, aksincha ularni e’zoz va ehtirom qilishga buyurilgan. Shuning uchun, bunday muqaddas bitikli qog‘ozlarni makulaturaga topshirish mutlaqo yaramaydi.
Alloh taolo bu haqida bunday xitob qiladi:

ذَلِكَ وَمَنْ يُعَظِّمْ شَعَائِرَ اللَّهِ فَإِنَّهَا مِنْ تَقْوَى الْقُلُوبِ

“Gap shudir: Kimki Allohning shiorlarini ulug‘ deb bilsa, bas, albatta, bu dillarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32 oyat).
Demak, oyat va hadislar yozilgan kitob yoki varaqlar o‘qish uchun yaroqli bo‘lsa, ularni hech bir yo‘l bilan yo‘q qilish joiz bo‘lmaydi, balki ularni foydalanadigan kishilarga topshirish lozim.

Ammo ular eskirib, o‘qishga yaroqsiz holatga kelib qolgan bo‘lsa, ularni toza bir lattaga o‘rab, oyoq osti qilinmaydigan yerga ko‘miladi. Bu haqda Alloma Haskafiy rohimahulloh aytadilar: “Foydalanib bo‘lmaydigan kitoblardan Alloh taoloning farishtalar va Payg‘ambarlarning ismi o‘chiriladi va yoqib yuboriladi. O‘chirmasdan turib ham oqar suvga oqizib yuborishning zarari yo‘q. Ko‘mish ham mumkin. Ko‘mish eng afzal yo‘ldir. Zero, Anbiyolar ham dafn etilganlar” (“Durrul muxtor” kitobi).

Demak, sizning qo‘lingizga kelib tushgan muqaddas yozuvli varaqlarni imkoni bo‘lsa, ko‘miladi yoki yoqiladi. Agar bu ish mashaqqat tug‘dirsa, maxsus vositalar yordamida yozuvlarini ketkazib, qayta ishlash mumkin.

Hozirga kelib esa, qog‘ozlardagi har qanday yozuvlarni ketkiza oladigan maxsus vositalar ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, zamonaviy fatvo markazlari  yozuv va harflari to‘liq o‘chirilgan va maxsus ishlov berilgan qog‘ozlarni qaytadan foydalanish mumkinligiga fatvo bermoqdalar. Buning sababi ulardagi oyat va hadis hamda boshqa diniy yozuvlardan asar qolmaganidir.

Bu haqda Alloma Ibn Nujaym rohimahulloh bunday deganlar: "Qur’on yozilgan lavh (doska, taxta)ni o‘chirib, uni dunyo ishiga ishlatsa, joizdir" ("Al-Bahr ar-Roiq" kitobi).
Bundan tashqari oldingi vaqtlarda qog‘oz va kitoblar kam bo‘lgani uchun, ularni yerga ko‘mish mashaqqat emas edi. Hozirda esa, ularning hajm va miqdori ko‘paygani sababli bu miqdordagi kitob va qog‘ozlarni ko‘mish katta mashaqqat va sarf-xarajat talab qiladi. Dinimiz esa, mashaqqatga buyurmaydi.
Shu bilan birga ularni ko‘mib yuborilsa, hech kim foydalana olmaydi. Ammo ularni qayta ishlab qog‘oz holiga keltirilsa, qaytadan foydalanish mumkin. Biroq, shuni ham ta’kidlash joizki, ushbu amaliyot jarayonida mus'haf yoki oyat yozilgan qog‘ozlarni ushlashda ularning hurmatini joyiga qo‘yish, tahoratli yoki qo‘lqopli bo‘lish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Boshqa maqolalar

Vaqt va yoshlik qadri (4 qism)

15.01.2025   2420   6 min.
Vaqt va yoshlik qadri (4 qism)

Ibn Abbos roziyallohu anhu yoshlarga nasihat qilib: “Alloh taolo kimga ilm ato etgan bo‘lsa, uning yoshligida bergan. Yaxshilikning hammasi yoshlikda bo‘ladi”, dedilarda, quyidagi oyatlarni tilovat qildilar: “Ular aytishdi: “But-sanamlarimizni ayblab yuradigan Ibrohim degan bir yigitni eshitgandik” (Anbiyo surasi, 60-oyat).

Boshqa oyatda bunday deydi: “... Darhaqiqat, ular Parvardigorlariga imon keltirgan va Biz ularga hidoyatni ziyoda qilgan yigitlardir” (Kahf surasi, 13-oyat).

“Unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat (va ilm) ato etdik” (Maryam surasi, 12-oyat).

Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuradilar. Ayrim yoshlar umrining eng navqiron paytini choyxonalarda, kompyuterxonalarda o‘tkazmoqda. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar.

Aslida yoshlik paytida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.

So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi qanchadan-qancha alloma bobolarimiz 7-8 yoshlarida Qur’oni karimni to‘liq yod olishgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirishgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim darajasiga ko‘tarilgan.

Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarga yo‘naltirishlari lozim. Ulamolarimiz aytadilarki: “Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi”.

Biz bilamizki, ilm Islom dinining asosi bo‘lib, bu din insoniyatni doimo ilmga targ‘ib qilib kelgan. Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so‘ng, unga ismlarning barchasini ta’lim berdi.

Shu ilm bilan Alloh taolo Odamni farishtalardan ustun tarafini namoyish etdi. Qur’oni Karimning avvalgi nozil bo‘lgan oyati ham «O‘qing» degan so‘z bilan boshlangan. Ilm bilan inson yuqori martabalarga erishadi. Alloh taolo Qur’oni Karimda ilm egalarini maqtab shunday degan: «Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?! Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar» (Zumar, 9-oyat).

Inson ikki narsa bilan komillikka erishadi.

1. Yuksalib boruvchi maqsad va intilish.
2. Qalb ko‘zini ochuvchi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi ilm.

Alloh taolo aytadi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala, 11-oyat).

Ulug‘ sahoba Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu har safar shu oyatni o‘qisalar, «Ey, odamlar! Bu oyatni yaxshi anglanglar, u sizlarni ilmga targ‘ib qiladi», deb aytardilar.

Muoz ibn Jabal aytadilar: “Ilm o‘rganinglar, zero, uni o‘rganish – Allohdan qo‘rqish, uni talab etish – ibodat, muzokarasi – tasbeh, uni izlash – jiddu-jahd, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, uni o‘z ahliga bildirish – Allohga qurbatdir”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Olimga yerdagi va osmondagi barcha narsalar istig‘for aytadi».

Yerdagi jonzotlar va osmonlardagi maloikalar istig‘for aytib turuvchi kishilarning mansabidan ziyoda mansab bormi?!

Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Kumaylga: «Ilm moldan yaxshidir, u seni muhofaza qiladi, molni esa, sen qo‘riqlaysan. Ilm hokim, mol mahkumdir. Nafaqa qilish bilan mol kamaysa, ilm ziyoda bo‘ladi», deganlar.

Abul Asvad aytadilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘qdir. Podshohlar odamlarga hokim bo‘lsalar, olimlar podshohlar ustidan hokimdir».

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: «Sulaymonga alayhissalom yo ilmni, yoki mol-dunyoni tanlash ixtiyori berildi. Shunda u zot ilmni tanladilar. Keyin u kishiga mol-mulk ham ato etildi».

Fath Musaliy: «Kasalga obu taom berilmasa, o‘ladimi?» deb so‘radilar. Atrofdagilar: «Ha, o‘ladi», deyishdi. Aytdilar: «Qalbga ham uch kun ilm berilmasa, o‘ladi».

Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Ey, Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato etgin, oxiratda ham yaxshilik (ato etgin) va bizni do‘zax azobidan asragin» (Baqara, 201), oyatini bunday tafsir qiladilar: «Dunyodagi yaxshilik ilm va ibodat, oxiratdagisi esa, jannatdir».

Bir donishmanddan: «Qaysi narsalarni jamlasam, yaxshi bo‘ladi?» deb so‘rashganida, «Kema halokatga uchraganda o‘zing bilan qoladigan narsani jamla», deb javob berdi. Bu bilan ilmni nazarda tutdi.

Turli fitnalar avj olgan, tarafkashlik, firqalarga bo‘linishi ko‘paygan paytda yoshlar o‘z dinlarini, aqidalarini muhofaza qilishlari lozim bo‘ladi. Tobe’inlardan Anas ibn Sirin rahimahulloh yoshlarga bunday nasihat qilardilar: “Ey yoshlar jamoasi! Allohga taqvo qilinglar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini kimdan ta’lim olayotganlarizga e’tiborli bo‘linglar. Chunki bu hadislar sizlarning dinlaringizdir!”.

Bu juda ham ahamiyatli nasihatdir. Dinimni o‘rganaman, ilm olaman yoki hadis o‘rganaman, deb yoshlar uchun eng muhim narsa – shar’iy ilmlarni avvalo ilmda mustahkam bo‘lgan, zamonasining ulamolari e’tirof etgan ulamolardan olishi zarur. Duch kelgan insondan ilm olavermasligi kerak. Zero, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan kelayotgan bu meros ilmda sobit bo‘lgan ulamolardan olinadi.

Ibn Shavzab rahmatullohi alayh: “Bir o‘spirin yigitning sunnat sohibi bo‘lgan kishini do‘st tutib, undan ilm olishi Allohning ne’matidir”, deganlar.

Amr ibn Qays Maloiy rahmatullohi alayh bunday deganlar: “Agar yigitni ahli sunna val jamoa ahli bilan birga unib-o‘sayotganini ko‘rsang, kelajakda undan yaxshilik kutaver. Ammo uni bida’t ahli bilan o‘sib voyaga yetayotganini ko‘rsang, undan umidingni uzaver. Chunki o‘spirin bola birinchi ta’lim olgan narsasida bo‘ladi”.

Alloh taolo millatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Ularni din-diyonatda, odob-axloqda, insofu tavfiqda ulg‘ayishlarini, ilm-ma’rifatda ajdodlariga munosib avlod bo‘lishlarini nasib etsin!

Muhammad Quddus ABDULMANNON,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.