Bismillahir Rohmanir Rohiym
ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Soxr al-G‘omidiy rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohim, ummatimning barvaqt (qilgan ishlari)da baraka bergin!” deb duo qildilar. U zot qo‘shinni biron joyga jo‘natmoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida jo‘natar edilar”. Soxr tijoratchi kishi edi. U ham tijorat karvonini kunning avvalida jo‘natar edi. Natijada uning mol-dunyosi ko‘payib, boyib ketdi (Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, imom Ahmad, imom Tabaroniy, Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan. Ibn Moja Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: “Ey Allohim, ummatimning payshanba kungi barvaqt (qilgan ishlar)ida baraka bergin!” deyilgan).
Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tomonlaridan erta tongda musulmonlar bajargan ishlarning barakali bo‘lishini so‘rab qilgan duolari va buning tasdig‘i o‘laroq hadis roviysining hayotidan ibratli voqea ham keltirilmoqda.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Allohim, ummatimning barvaqt (qilgan ishlari)da baraka bergin!”, deb duo qildilar. U zot qo‘shinni biron joyga jo‘natmoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida jo‘natar edilar.
Ya’ni: Allohim, mening ummatim ichidan erta tongda barvaqt amal qiluvchilarning amallariga, kasb-kor qiluvchilarning kasblariga, ilm talabida bo‘ladiganlarning ilmlariga baraka bergin. Ularning ishlari va amallarini serunum, rivojli va davomli qilgin!
Mazkur duo orqali, o‘z navbatida u zot ummatlarini har qanday ishni bajarishda barvaqt harakat qilish, erta tongdan rizq yoki ilm talabida bo‘lishga targ‘ib qilmoqdalar.
Alloh taolo Qur’oni karimda tunni uyqu vaqti, kunni esa tirikchilik olib boradigan payt qilib qo‘yganini aytgan. Shunga binoan, kunning avvalidan harakatda bo‘lish yaxshi natijalarga sabab bo‘ladi.
Ummatlarini erta turishga va barvaqt harakatda bo‘lishga undagan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytgan gaplariga eng avval o‘zlari amal qilardilar. Agar u zot biron yerga vazifa bilan kichik bir guruh yoki kattaroq qo‘shinni yubormoqchi bo‘lsalar, kunning avvalida yuborardilar.
“Soxr tijoratchi kishi edi. U ham tijorat karvonini kunning avvalida jo‘natar edi. Natijada uning mol-dunyosi ko‘payib, boyib ketdi”.
Ushbu hadis roviysi Soxr ibn Vado’a al-G‘omidiy tijorat bilan shug‘ullanar ekan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga ergashib, Soxr ham biron yerga savdo karvoni yubormoqchi bo‘lsa, kunning avvalida barvaqt jo‘natardi. Sunnatga astoydil amal qilgani, qolaversa, erta tongda rizq talabida bo‘lgani uchun uning savdosiga baraka kirib, ishlari olg‘a siljiy boshladi. Natijada Soxr roziyallohu anhu boy-badavlat kishilardan biriga aylandi.
Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: “Rizq talabida barvaqt harakat qilinglar! Zero, ertalabdan harakat qilish baraka va muvaffaqqiyat(omili)dir” (Imom Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan).
Har birimiz erta tongdan rizq talabida bo‘lishga harakat qilishimiz kerak. Chunki barvaqt qilingan harakat baraka va yutuqlar kalitidir. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Sababi buni Nabiy sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari aytib turibdilar. Avvalgi sahih rivoyatda ham bu ma’no ta’kidlangan edi.
Oldin aytib o‘tganimizdek, “rizq” bir tarafdan moddiy ne’matlarni, ikkinchi tarafdan esa ma’naviy-ruhiy ne’matlarni ham o‘z ichiga oladi. Chunonchi, aql, ilm, idrok, zehn va shu kabilar ham insonga beriladigan rizqdir. Shu sabab ham, kitoblarimizda erta tongda ilm talab qilishga targ‘ib qilinadi va ulamolar hayotidan ibratli holatlar misol qilib keltiriladi. Erta tongda ilm talab qilishning fazilatli ekaniga sabab shuki, hadisda aytilayotganidek, bu payt barakalidir. Ma’lumki, uyqudan uyg‘ongach, inson tanasida tetiklik, miyasida ham bardamlik kuzatiladi. Bundan holatda o‘qilgan ilm, yod olingan oyat yoki hadis xotiraga mustahkam o‘rnashadi va zehnga yaxshi singiydi. Xullas, xoh dunyoviy hojat bo‘lsin, xoh uxroviy – zikr va duo kabi ibodatlar bo‘lsin, agar ular erta tong ado etilsa, Alloh bunday ishlarga baraka va rivoj ato etadi.
Amr ibn Usmon ibn Affon otasidan rivoyat qiladi:Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Tonggi (uyqu) rizqni(ng kelishi)ni to‘sadi” (Imom Ahmad va Bayhaqiy rivoyati. Ushbu hadisning sanadi zaif).
“Rizqni to‘sadi” jumlasi “rizqning barakali bo‘lishini man qiladi” ma’nosini anglatadi. Zero, tong chog‘ida to quyosh chiqquncha uxlab yotuvchi qanchadan-qancha odamlar borki, ular rizqdan butunlay mahrum bo‘lib qolmaydilar. Balki ularning rizqida baraka va ishlarida unumdorlik bo‘lmaydi.
“Fayzul-qodiyr” kitobida shunday deyilgan: “Kimki kunini xayrli suratda boshlasa, qolgan qismi ham xayrli-barakali bo‘ladi. Ishlari o‘ngidan keladi. Alloh tarafidan o‘sha bandaning rizqiga baraka beriladi. Rivoyatlarda kelishicha, quyosh chiqquncha bo‘lgan vaqt oralig‘ida rizqlar taqsimlanar ekan. (Uyg‘oq bo‘lish bilan) rizq taqsimotida ishtirok etmagan banda undan mahrum bo‘lgan bilan barobardir. Chunki, tong otgach ham uyqudan uyg‘onmagan banda o‘rnidan lanj va dili xira bo‘lib turadi. Tirikchiligi va kasb-korida ham shijoat va serg‘ayratlilik yo‘qolib, ishiga hafsalasizlik bilan yondashadi. Shu zayl rizqining barakasi ketadi”.
Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyosh chiqishidan oldingi uyqudan qaytarganlar” (Ibn Moja rivoyati. Hadisning sanadi zaif).
“Quyosh chiqishidan oldingi uyqu” bu tong paytidagi uyqudir. Avvalgi hadisda ertalabki uyqu rizqning barakasini ketkazishi aytilgan bo‘lsa, bu yerda o‘sha vaqtda uxlashdan qaytarilmoqda. Chunki tong chog‘i, ya’ni bomdod namozidan keyingi vaqt zikr-tasbeh, tahlil, istig‘for aytish yoki rizq talabida harakat qilish uchun qulay fursatdir.
Bag‘aviyning “Sharhus sunna” kitobida: “Bizga xabar qilinishicha, Yer bomdod namozidan keyin uxlovchi olimdan shikoyat qilib, Allohga murojaat qilar ekan”, deyilgan.
Muhammad sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotima roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men tong paytida uxlab yotganimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldimdan o‘tib qoldilar. U zot meni oyoqlari bilan qimirlatib: “Ey qizalog‘im, tur, Robbingning rizq (taqsimlash)iga guvoh bo‘l. Aslo g‘ofillardan bo‘lma! Zero, Alloh azza va jalla tongdan quyosh chiqquncha bo‘lgan payt oralig‘ida odamlar rizqlarini taqsimlaydi”, dedilar (Bayhaqiy rivoyati. Hadisning sanadi zaif).
Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tong chog‘idagi uyqudan qaytarganlari yana bir bor ta’kidlanmoqda. Xullas, banda tong paytida uyg‘oq holda bo‘lib, biron manfaatli ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, dunyo va oxirat obodligi uchun intilishi lozim.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Insoniyat tarixida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan buyuk allomalarimizdan biri Imom Abu Mansur Moturidiydir. Ul siymo faqat bir zamonning emas, balki barcha zamonlarning dolzarb va muhim masalalariga asosli hamda qat’iy javoblarni bera olgan mutafakkir olim.
U zotning dunyo ilm-faniga, ayniqsa, aqida ilmiga qo‘shgan hissasi, aql va naqlni uyg‘unlashtirishdagi o‘rni haqida zamondoshlari hamda muhaqqiq olimlar tomonidan yuksak baholar berilgan.
Ko‘pchilik «Abu Mansur» nisbasini eshitganda, u zotning o‘g‘li «Mansur» bo‘lganmi, degan savolga to‘xtaladi. Lekin manbalarda Imom Moturidiy rahimahullohning «Mansur» ismli o‘g‘li bo‘lgani aytilmagan. Ammo tadqiqotchilar manbalarga tayanib, u zotning qizi bo‘lganini ta’kidlagan. Lekin Imom Moturidiy o‘z tafsirida o‘g‘il farzandli bo‘lishni orzu qilganini va uni «Mansur» deb nomlashini aytib o‘tgan. Bu haqda «Ta’vilot al-Qur’on»da shunday deyiladi: «Abu Mansur» deb, unga «Mansur» ismli o‘g‘il tug‘ilishi umidida ishlatiladi».
Bu orzu amalga oshgan yoki yo‘qligi haqida tarixiy ma’lumot uchramaydi. Qayd etilgan jumla Imom Moturidiyning shaxsiy hayotidagi sodda bir orzuni ko‘rsatsa-da, uning tuyg‘ulari qanchalik samimiy ekanini bildiradi.
Imom Moturidiyning ilmdagi darajasi haqida u zotning shogirdlari va izdoshlaridan yetishib chiqqan yetuk olimlar yuksak baholar bergan. «Sayful-haq» (Haqiqat qilichi) degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan olim Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha: «Agar ahli sunna olimlari orasida faqat Imom Abu Mansur Moturidiyning o‘zi bo‘lganida ham, yetarli bo‘lar edi». Bu ta’rif Imom Moturidiyning ahli sunna va jamoa asosini barpo etishdagi o‘rnini yorqin namoyon qiladi.
Undan tashqari, Abu Muin Nasafiy Imom Moturidiyga: «Ilm ummoniga sho‘ng‘ib, undagi noyob durlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan, dinning hujjat-dalillarini bayon etib, ularni o‘z fasohati, chuqur ilmi va yuksak aql-zakovati bilan sayqallashtirgan olim», degan ta’rifni bergan.
Ustozi Abu Nasr Iyoziyning u zotga nisbatan hurmati va e’tirofi ham juda ta’sirli. U dars majlislarida Moturidiy hozir bo‘lmaguncha gapirmas edi. Har gal uni uzoqdan ko‘rib, hayrat bilan nazar tashlar va Qur’oni karimdan quyidagi oyatni tilga olardi: «Parvardigoring xohlaganini yaratadi va ixtiyor etadi» (Qasos surasi 68-oyat).
Abdulhay Laknaviy «al-Favoidul-bahiya» asarida Imom Abu Mansur Moturidiyni mutakallimlar imomi va musulmonlarning to‘g‘ri aqidasini asoslab bergan buyuk alloma sifatida tavsiflaydi. Uning ta’kidlashicha, Imom Moturidiy benazir asarlar yaratib, botil aqida vakillarining buzg‘unchi g‘oyalariga raddiyalar bergan.
Ayrim manbalarda Imom Moturidiy tariqat shayxlari tomonidan ham ummatni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi shaxs sifatida e’tirof etilgani aytiladi. Imom Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq ibn Solih Juzjoniy Imom Moturidiyning tasavvufdagi ustozlaridan biri bo‘lgan.
Zamonaviy moturidiyshunos olimlardan Ahmad Sa’d Damanhuriy o‘zining Imom Moturidiyga bag‘ishlab yozgan asarida shunday deydi: «Imom Moturidiy fiqh, ilm, taqvo, dinu diyonat, fazilat va yaxshilikda peshqadam bo‘lib, u bilan hamfikr yoki unga qarshi bo‘lganlarning barchasi uning benazir olim ekanini e’tirof etgan. U sunnatning keskir qilichi, bid’at va gumrohlikka qarshi kurashgan alloma bo‘lgan. Ul zot ko‘plab kitoblar yozib, islom dinini himoya qilgan, unga qarshi chiqqanlarni mag‘lub etgan».
Moturidiyshunos olim So‘nmas Qutlug‘ esa shunday deydi: «Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir».
Ayrimlar «Kitob at-tavhid»ning kirish qismidagi aqliy dalillarga qarab, u zot faqat aqlga tayangan deb xulosa qiladi. Lekin Yaratuvchining mavjudligini inkor qilayotgan insonga o‘sha mavjudlikni aql orqali isbotlash tabiiy va zaruriy uslubdir. Imom Moturidiy naqlni chetlatmagan, balki uni o‘z o‘rnida ishlatgan. Aksincha, Imom Moturidiy ilmda naql va aqlni mukammal tarzda uyg‘unlashtira olgan olim edi. U zot o‘zining sog‘lom e’tiqodga bag‘ishlab yozgan «Kitob at-Tavhid» asarida Qur’oni karimning 77 ta surasining, 350 ta oyatidan foydalangan. Bu esa Moturidiyning aqida masalasida naqlga naqadar e’tibor qilganini ko‘rsatadi. Turk olimi Bakr To‘pol ushbu ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, hatto Imom Moturidiyning ishora qilib ketgan oyatlarini ham keltirgan va bu son yanada yuqori chiqqanini ta’kidlagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan buyuk olimga yuksak hurmat ifodasi o‘laroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qaror qabul qilingani, albatta, butun dunyo moturidiyshunoslarini cheksiz quvontirdi. Bu esa har bir insonning qalbida faxr va shodlik tuyg‘usini uyg‘otmay qolmaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Imom Abu Mansur Moturidiy – islom aqidasini himoya qilgan, ahli sunna val-jamoa ta’limotining ilmiy asoslarini tizimlashtirib, mustahkamlagan buyuk olimdir. U o‘z asarlari va ilmiy bahslari orqali turli bid’atchi toifalarning noto‘g‘ri aqidalarini rad etgan. Imom Moturidiy faqatgina raddiya beruvchi emas, balki aqidaviy masalalarga aql va naql asosida yechim topa bilgan buyuk shaxsiyat edi.
Ixtiyor Abdurahmonov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Manba: uza.uz