Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xoh yalanglik-sahroda bo‘lsin, xoh pana joyda, hojat chiqarayotib so‘zlashish va zikr qilish makruhdir. Faqat zarurat yuzasidan ruxsat berilgan. Ba’zi sohiblarimizning fikricha, aksa ursa, hamd aytilmaydi, aksa urib, hamd aytganga javob berilmaydi, salomga alik olinmaydi, muazzinga ijobat qilinmaydi. Chunki bu holatida musulmon kishi javobga mustahiq emas. Javob berishi makruh hisoblanadi. Ammo harom emas. Lekin aksa urganida tilini qimirlatmasdan, qalbi bilan hamd aytsa, zarari yo‘q. Shuningdek, jimo’ paytida ham aytish bezarardir.
Muhojir ibn Qunfuz roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borsam, u zot bavl qilayotgan ekanlar. Salom berdim, u zot tahorat qilib bo‘lgunlaricha javob bermadilar. So‘ng menga uzr aytib: «Allohni nopok yoki tahoratsiz holda zikr qilishni xushlamadim», dedilar».
Abu Dovud, Nasaiy va Ibn Mojalar sahih isnod bilan rivoyat qilishgan.
Sohiblarimiz aytishadi: «Hojatda o‘tirgan kishiga salom berish makruhdir. Mabodo, salom berilsa, javobi shart emas».
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan
Oisha onamiz roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Agar qattiq shamol bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَهَا وَخَيْرَ مَا فِيهَا وَخَيْرَ مَا أرْسِلَتْ بِهِ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهَا وَشَرِّ مَا فِيهَا وَشَرِّ مَا أرْسِلَتْ بِهِ
"Allohumma inniy asaluka xoyroha va xoyro ma fiyha va xoyro ma ursilat bihi va a’uzu bika min sharriha va sharri ma fiyha va sharri ma ursilat bihi", deb aytar edilar".
Robbim, Sendan uning yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning yaxshisini so‘rayman. Robbim, Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman.