O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi "Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga binoan, respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritish vazifasi belgilangan.
Ushbu qaror asosida respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestri, kataloglari va elektron nusxalari tuziladi. Bir jildda Qur’on qo‘lyozmalari 1000 donasi ilmiy tavsiflari, kitobning holati, bezaklari, muqovalari, o‘lchamlari, uni ko‘chirgan xattot va kitob haqidagi ma’lumotlar to‘liq ifodasini topadi.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov tomonidan Qur’on qo‘lyozmalarining alohida reyestrini tuzish taklifi berildi va shu asosda markazda tegishli ishlar boshlab yuborildi.
"Respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Hozirgi kungacha 9000 dan ortiq manbalarning davlat reyestri tuzildi", — deydi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘limi mas’ul xodimi Azimjon G‘ofurov.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati
Kecha, 29 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari xalqaro konferensiya doirasida Iordaniya bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot hamda Qirol Abdulloh II nomidagi Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, mamlakatlar rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi munosabatlarga zamin bo‘layotgani, aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqilgani, unda diniy ta’lim, zamonaviy fatvo ishlab chiqish bo‘yicha vazifalar belgilanganiga urg‘u qaratildi. Shuningdek, mehmonlarga Davlatimiz Rahbari sa’y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Diniy idora Fatvo markazi ulamolari mazkur institutdagi o‘quvlarda muntazam ishtirok etib kelayotgani, iordaniyalik ulamolar mamlakatimizdagi anjumanlarda doimiy qatnashib kelayotgani, xususan, Islomiy ilmlar dorulfununi doktori Shayx Saloh Abul Hoj faolligi uchrashuvda alohida ta’kidlandi.
Iordaniya muftiysi zaminimizdan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi mutafakkirlar yetishib chiqqani, yurtimiz ulamolari din rivojiga katta hissa qo‘shgani, Islom aqidasini himoya qilishdagi beqiyos xizmatlariga urg‘u qaratdi.
Ahmad Ibrohim Hasanot Samarqandda o‘tayotgan konferensiyaning dolzarbligi haqida gapirib, bugungi kunda moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotgani, moturidiylik maktabining ilm-ma’rifat, mo‘tadillik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdagi o‘rnini yuqori baholadi. Shuningdek, u o‘zbekistonliklar fayzu baraka, ilm-ma’rifatni arab olamidan emas, balki o‘zlarining o‘tmishdagi buyuk mutafakkirlari merosidan olishlari eng to‘g‘ri yo‘l ekanini izohladi.
Imomlar malakasini oshirish instituti direktori Abdusattor Alquda ushbu o‘quv dargohi masjid imom-xatiblari tayyorlanishi va ularning malakasi oshirish, diniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, ekstremizm va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurashish ishlari bilan shug‘ullanishini bildirdi.
Uchrashuv nihoyasida zamonaviy fatvolarni ishlab chiqish, diniy soha xodimlari malakasini oshirish va ilmiy-tadqiqot olib borishda hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati