Xabaringiz bor, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar xazratlarining tashabbuslari bilan Respublikamizdagi masjidlarda faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom noiblarining Qur’on qiroati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida tajvid ilmi bo‘yicha o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari boshlangan edi.
Mazkur o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarining navbatdagisi shu yil 27 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom noiblar uchun Nukus shahridagi "Imom Eshon Muhammad" jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
O‘quv mashg‘ulotida "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ham ishtirok etib, tinglovchilarga kerakli tavsiyalarni berdi.
Shu kunning o‘zida Nukus shahridagi "Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy" madrasasida ham “Qur’on va tajvidni o‘rgatish” bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum ishtirokida talabalar bilan ilmiy suhbat bo‘lib o‘tdi.
Suhbat asnosida madrada talabalari Qur’on tajvidi borasidagi savollariga batafsil javob oldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati